21:18 / 23.01.2020
4 150

Faqat biri chempion bo‘ladi: 30 yanvarda Murodjon Ahmadaliyev va Deniel Roman jangi

Faqat biri chempion bo‘ladi: 30 yanvarda Murodjon Ahmadaliyev va Deniel Roman jangi
Ko‘hna Chust shahrida tug‘ilib o‘sgan professional bokschi Murodjon Ahmadaliyev o‘zi va o‘zbek boksi uchun tarixiy hodisadan bir qadamda. Uni WBA va IBF versiyalari bo‘yicha jahon chempioni unvonidan 1 hafta hamda amaldagi chempion Deniel Roman bilan bo‘lib o‘tadigan 1 jang ajratib turibdi. Ikkinchi eng yengil vazndagi professional boks uchrashuvi AQSH Florida shtatining Mayami shahridagi Island Gardens Meridianida bo‘lib o‘tadi.

30 yanvar kuni 12 raundli bellashuvda amaldagi chempion Deniel Roman va IBF (International Boxing Federation World Super Bantam Title) va WBA (World Boxing Association Super World Super Bantam Title) unvonlariga da’vogar Murodjon Ahmadaliyev uchrashadi. Bokschilar aslida 2019 yilning 13-sentabrida uchrashishlari lozim edi, lekin o‘shanda Deniel Roman chap yelkasi jarohati tufayli jangdan olindi va o‘z unvonlarini himoya qilishdan bosh tortishga majbur bo‘ldi.

2018 yilning 3 martida Nyu-Yorkda «Mir Boksa» promouterlik kompaniyasi 23 yoshli istiqbolli bokschi Murodjon Ahmadaliyev bilan maxsus shartnoma imzoladi. Bokschi debyut jangini 2018 yilning 10 martida «MJ» taxallusi ostida, David Pazni birinchi raundning o‘zida nokautga uchratib o‘tkazdi.

2019 yilning centyabrida, Roman majburiy ta’tilda bo‘lgan vaqtida, Ahmadaliyev mashhur bokschi Uilner Soto bilan jang o‘tkazib, kolumbiyalik bokschini nokautga uchratdi. Jang sakkiz raundga mo‘ljallangan edi, biroq referi bir tomonlama hujumni to‘xtatgan holda uni to‘rtinchi raunddayoq yakunladi. O‘zbekistonlik bokschi uchun ushbu g‘alaba professional boksdagi yetti g‘alabadan yettinchisi (oltitasida nokaut bilan) bo‘ldi.

O‘zining 25 yoshida Ahmadaliyev havaskor va professional boks tarixiga kirdi. 2015 yilda Doxada o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush, 2016 yilda Rio de Janeyroda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlarida bronzani qo‘lga kiritgan bokschi qisqa vaqt ichida – 1,5 yilda – professional ringga yangi kelgan bokschidan chempionlikkacha yo‘lni bosib o‘tdi: 2019 yilning avgustida sportchi ikkinchi eng yengil vaznda WBA InterContinental chempionlik kamarining sohibiga aylandi.

WBA va IBF versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvonidan Chustlik bokschini 1 hafta hamda amaldagi chempion Deniel Roman bilan 1 ta jang ajratib turibdi.

Deniel Roman (Daniel «The Baby Faced Assassin» Roman, 29 yosh, bo‘yi 165 sm, vazni 55,34 kg, o‘ng qo‘l) 2010 yilda 20 yoshida debyut jangini o‘tkazgan. So‘ngi bor 2013 yilda mag‘lub bo‘lgan va shundan so‘ng 19 marotaba g‘alabaga erishgan. Uning professional rekordi 30 jangdan iborat: 27 g‘alaba (10 ta nokaut), 2 mag‘lubiyat, 1 durang.

Ikkinchi eng yengil vaznda professional boks bellashuvi AQSH, Florida shtati, Mayamida Island Gardens Meridianida bo‘lib o‘tadi. O‘z karerasida katta ahamiyat kasb etadigan jangga Ahmadaliyev murabbiyi Djoel Dias – yengil vazn toifasida Meksika-Amerika sobiq professional bokschisi bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirgi kunda Dias boks bo‘yicha eng yaxshi murabbiylardan biri hisoblanadi. Bokschining manfaatlari ustidan menedjer Vadim Kornilov ish yuritadi.

Buka sport kiyimlari xalqaro brendi DAZN (Buyuk Britaniya) striming tizimidan jang translyatsiyasini xarid qildi va huquqlarni MTRKning Sport telekanaliga beg‘araz taqdim etdi. Shunday qilib, o‘zbekistonlik tomoshabinlar mamlakat uchun eng shov-shuvli sport hodisasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyani davlat telekanalida, juma, 31 yanvar kuni ertalab soat 7 da (GMT +5) tomosha qilishlari mumkin.

Botirali Mahkamov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Faqat biri chempion bo‘ladi: 30 yanvarda Murodjon Ahmadaliyev va Deniel Roman jangi