18:34 / 25.06.2020
1 903

Diyor Imomxo‘jayev: Jurnalistika, viloyatlar ligasi, Davron Shoqurbonov, Alisher Rustamov va qoraqalpoq futboli haqida (1-qism)

Diyor Imomxo‘jayev: Jurnalistika, viloyatlar ligasi, Davron Shoqurbonov, Alisher Rustamov va qoraqalpoq futboli haqida (1-qism)
Bir necha kun oldin saytimizda "Muxlisdan savol" rukni orqali Diyor Imomxo‘jayevga savol yo‘llang deb e’lon bergandik. O‘quvchilarimizdan 100dan ortiq savollar kelib tushdi. PFL bosh direktoriga o‘zimiz tanlab olgan eng sara 20ta savol bilan yuzlandik. Quyida mana shu savollarning 10tasiga berilgan javoblarni taqdim etamiz. Yaqin vaqtlarda qolgan 10ta savolning ham javobi e’tiboringizga havola etiladi.

1. PFL bosh direktori sifatida oldingizda qanday maqsad qo‘ygansiz?
Biz birinchi navbatda klublarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va ularning bolalar futboliga bo‘lgan e’tiborini o‘zgartirishni istardik. Reglamentlar orqali bularni sekin-asta tartibga keltiramiz. O‘tgan vaqt ko‘rsatib berdiki, asosiy jamoaga bir necha yuz millionlik futbolchilarning kelishi klublarga muvaffaqiyatdan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy muammolar keltirib chiqardi. Bolalar futboli va moddiy-texnik baza uchun qilinadigan chiqimlar esa kelajakka investitsiyadar.

Shuningdek, O‘zPFL barcha klublar hurmat qiladigan tashkilotga aylanishi shart. Buning uchun bizdan barcha uchun birdek maydon yaratish talab etiladi, reglament barcha uchun birdek ishlashi lozim.

Biz bosqichma-bosqich klublardan olinadigan badal pullarini kamaytirib borishni ham maqsad qilamiz. Shukrki, o‘zimiz ish boshlagan davrdan buyon Pepsi hamda Coca Cola, sug‘urta kompaniyalaridan Uzbekinvest va Apex kabilar bilan kelishuvlarga erishdik. Bu kabi harakatlar davom etadi. Hozircha faqatgina badal pullari evaziga yashaydigan tashkilot tamg‘asini biroz o‘zgartirganmiz, 4-5 yil ichida badal pullaridan to‘liq voz kecha olgan, aksincha, translyatsiyalardan klublarga pul beradigan tashkilotga aylanishni istaymiz.

Reglamentlarimiz barcha uchun ochiq va shaffof bo‘lsin. Ular mavsum arafasida emas, kamida yarim-bir yil avval tasdiqlanadigan hujjatga aylansinki, jamoalar kelasi mavsumlarga shuning asosida tayyorgarlik ko‘rishsin.

Qolaversa, biz bosqichma-bosqich mustaqil tashkilotga aylanib boramiz. FIFA, OFK nizomlaridan kelib chiqib O‘FA bilan ishlaylik, ammo boshqa masalalarda mustaqil qaror qabul qila oladigan tashkilotga aylanaylik. PFL nafaqat klublar tomonidan, balki O‘FA tomonidan ham hurmat bilan tilga olinishi yo‘lida mehnat qilamiz.

2. Oldin jurnalist bo‘lib ishlaganingizda o‘zbek futbolidagi kamchiliklarni tanqid qilar edingiz. Hozir o‘zingiz ishlayotgan tashkilotini ham tanqid qiladigan kamchiliklari bormi? Bor bo‘lsa aytib o‘ta olasizmi?
Qayerda faoliyat olib borsam, o‘sha tashkilot foydasi uchun mehnat qilganman, ammo o‘z prinsiplarimdan voz kechmaganman. “Sport”da ishlaganimda ham, “Daryo”da ham, “Erudit Sport” nashrida ham o‘z imzoim bor edi deya olaman va futbol ichida ham shunday bo‘lishiga ishonaman. Futbolimizda kamchiliklar ko‘p. Ammo bugungi vazifam ularni sanab o‘tirish emas, ularga yechim topish.

Shu kungacha telegramdagi kanalimda futbol muxlislari ham barchasidan xabardor bo‘lishlari uchun ma’lumotlar berib bordim, ularning bunga haqi bor. Endi esa kanalim deyarli ishlamayapti, chunki endi PFL sayti ham, kanallari ham faol bo‘ladi, barchasi haqida futbol jamoatchiligiga to‘liq ma’lumot beradi.

3. Tanlash imkoniyati bo‘lsa qaysi birini tanlaysiz? Futbol TV yoki PFL?
Tanlash imkoniyati bor bo‘lgani uchun ham O‘zPFL bilan ishlayapman, bu yo‘lda Futbol-TV kanalidagi sharhlarimdan vaqtincha voz kechishga to‘g‘ri keldi. O‘FA rahbariyati bildirgan ishonchni oqlash vazifasi turganda ikkiga bo‘linishni istamadim. Bu tashabbus o‘zimdan chiqdi.

Ammo bitta jihatni aytib o‘tishni istardim, vaqti kelib sharhlovchilik sohasidan topadigan daromadimiz o‘zimiz istagan hayot uchun yetarli bo‘lsa, yevrofutbol uchun qolgan barchasini to‘xtatishni, milliy chempionat o‘yinlarini esa biror yaxshi sektorda jimgina tomosha qilishni istardim. O‘sha vaqt kelgunicha mamlakat futboli rivojiga qancha hissa qo‘sha olsam, o‘zimni shuncha baxtiyor his qilaman. “Sport”da “Sokker klub”ni, “Erudit Sport”da so‘nggi sahifani mashhur qila oldimmi, O‘zPFLda ham biror narsani o‘zgartirishga imkon topaman nasib bo‘lsa. Chunki aniq bilamanki, qilayotgan barcha ishlarimizga O‘zi shohid, hammasi to‘g‘ri bo‘lsa, Alloh har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlaydi.

4. Viloyatlar ligasini tashkil etsa bo‘ladimi? Bir viloyatda 10ta tuman bo‘lsa yil davomida ular o‘zaro kurashishsa. Boshqa viloyatga borgandan ko‘ra qo‘shni tumanga borgan yaxshiroq muxlislik qilishga.
Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman va biz bunga qisman erishdik deb hisoblayman. O‘FA mutaxassislari Ongar Djalimov, Baxtiyor Shirinovlar bilan qilingan mehnatlar natijasida O‘FA prezidenti hukumat qarorini tasdiqlatishga erishdi. Endi har bir hududiy futbol assotsiatsiyasining Siz aytgandek musobaqalar tashkil qilish uchun mablag‘i bor. Chiroqchi tumanining Qamashi bilan o‘yini yoki Urgutning Narpay bilan o‘yini futbolni tezroq jonlantiradi. Haqiqiy vatanparvarlik ana o‘shanday o‘yinlarda namoyon bo‘ladi.

Aslida bu kabi o‘yinlar O‘zPFL tasarrufiga kirmasa ham, biz har bir mintaqani kuzatib borishga, ularning natijalarini bitta kontentda yoritib borishga harakat qilamiz. Chunki bizning Birinchi liga aynan o‘sha Ikkinchi ligalar saviyasidan kelib chiqib rivojlanadi.

5. Volidangiz PFL da bosh hisobchi lavozimida ishlaydi degan gap eshitdim bu qanchalik haqiqat?
Onam shifokor, ular umuman boshqa tashkilotda faoliyat olib boradilar. “Kun.uz” nashri bilan loyihada PFL ishchilarini tanishtirib chiqdim, shunda bosh buxgalterimizni tashkilotimiz onasi, mening ishdagi onam deya ta’rifladim. Chunki bu ayolni mard va dangalligi uchun hurmat qilaman. Bu ayol Mirabror Usmonov davridan buyon PFLda faoliyat olib boradi, yoshlari otamnikidan ham katta. Shuni qo‘shimcha qilamanki, PFLda qancha faoliyat olib borsam ham oilamdan biror ishchini ishga olmayman. Bu mening shaxsiy hududim emas. Shuningdek, oilamdagi biror insonni ishga olinglar deb kimgadir murojaat ham qilmayman.

6. Futbol klublarni hususiylashtirishga qanday qaraysiz. Bu borada biron bir ish qilinyaptimi. Viloyat hokimligiga qaram bo‘lib qolgan futbol klublar qachon o‘z mavqeini tiklab oladi?
Futbol klublarini xususiylashtirish yo‘lida ish boshlangan. Reja bo‘yicha 2030 yilga qarab davlat ulushi bor bo‘lgan korxonalar futbol klublarini moliyalashtirishni to‘liq to‘xtatishi kerak. Prezident qaroriga ko‘ra, bu ishni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan hamkorlikda olib boryapmiz. Shu mavsum yakuniga qadar davlat ulushi bor bo‘lgan korxonalar tomonidan moliyalashtirilayotgan 13 ta futbol klubi agentlik balansiga o‘tadi. Keyinchalik bu klublarni rivojlantirish va ularni sotish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

7. Nima uchun sizdan oldingi direktor Davron Shoqurbonov ishdan ketdi?
O‘FA prezidenti taqdimnomasiga ko‘ra ishdan olindi. Reglamentda shunday yozilgan, taqdimnomani O‘zPFL Ijroqo‘mi tasdiqladi. Men bir jihatni aytishni istardim, o‘zim birga ishlagan ikki direktor — Omon G‘ofurovdan ham, Davron Shoqurbonovdan ham yaxshi ma’noda nimalardir o‘rgandim. Ular bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolaman. Va o‘zim ham hech qachon yoddan chiqarmaymanki, qachondir ham mening O‘zPFLdagi funksiyam yakuniga yetadi. Bu joyda hech kim oxirigacha qolmaydi.

8. "Buxoro"da Alisher Rustamov PFL ruxsat bermagan bo‘lsa ham ishlamoqda? Shu vaziyat bo‘yicha tushuntirish bersangiz.
Ko‘pchilik bu jihatni PFL Buxoro futboliga qarshi, Andijonga futboliga qarshi, deb izohlaydi. Biz esa aksincha, viloyatlarda futbol yaxshi bo‘lishidan manfaatdormiz. O‘FA Ijroqo‘mi yig‘ilishida birinchi ishtirok etganimda ham shunga o‘xshash savol berdim: nima uchun ko‘p hollarda Xorazm va Qoraqalpog‘iston futboli haqida unutib qo‘ymoqdamiz? Endi bevosita Alisher Rustamov haqida ma’lumot bersam, biz u ishlaydimi yoki boshqasi — aralashishga haqli emasmiz. Ammo buning qonuniy mexanizmda amalga oshishini nazorat qilamiz.

Shuning uchun ham Rustamovning shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazmadik, Samarqandda esa xatodan xulosa qilindi va vaziyat to‘g‘rilandi, biz Uchqun Qobilovni qabul qildik. Shu vaqtgacha O‘zPFL bu kabi ishlarni nazorat qilmagan bo‘lsa ham, endi nazorat qiladi. Alisher Rustamovni sohani yaxshi tushunadigan mutaxassis sifatida bilaman, bunga e’tiroz yo‘q.Va yana bilamanki, 2013 yillarda “Buxoro” futbol klubining bankrotlikkacha olib kelinishida va yangi “Buxoro”ning tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lganlardan.

Aynan shu kabi ishlar bizning futbol rivojiga bolta bo‘lgan, aynan o‘sha vaqtda ishlaganlar yangi klubni reglamentga zid ravishda bemalol Oliy ligada o‘ynatavergan, aynan o‘sha vaqtda bu ishga g‘iring demasdan ko‘z yumganlar esa bugun bizning ishimizni Qatardan turib kavlashni kasb qilgan. Buxoro futboli oyoqqa tursa, biz yuzlab Shavkat Salomovlarga ega bo‘lamiz, bitta Salomov hozirgi holatda bo‘lsa, yuztasining raqobati o‘sha Salomovni balki kuchli beshlik darajasiga olib chiqadi. Surxondaryo futboli oyoqqa tursa, biz yuzlab Shomurodovlarga ega chiqamiz.

Bu yo‘lda kimlarningdir manfaatlariga ishlaydigan “Buxoro” yoki “Surxon” klublari emas, odamlar uchun, muxlislar uchun, korrupsiyadan holilik uchun, shaffoflik uchun kurashadiganlarga muhtojmiz. Bu yo‘lda bugun nomimiz qora bo‘lishidan, bugun ayrimlar bizni tushunmasligidan qo‘rqmaymiz. Chunki vaqti kelib haqiqat qaror topadi, vaqti kelib hamma futbol qahramonlari kim-u, antiqahramonlar kim edi, bilib oladi. Rustamov masalasiga e’tiroz yo‘q, o‘z tayinlovini qonuniy yo‘l bilan qayta ko‘rib chiqsin va ishlayversin. Biz shu yerda ekanmiz, 2013 yillar takrorlanmaydi.

9. Qoraqalpoq futboliga qachon e’tibor beriladi? Qoraqalpog‘istonda ham turnirlar tashkil etish kerak.
Ketma-ketlikda javob berib chiqqanim uchun, bu haqda tepada yozgan edim)). Buni o‘rinli savol deb bilaman. Yaqin kunlarda Nukusdan bo‘lgan futbol mutaxassisi bilan shartnoma imzolaymiz. Umid qilamanki, bu dastlabki qadamlardan bo‘ladi. Ammo hammasini tartibga keltirish tez bo‘ladigan ish emas. Bosqichma-bosqich shuning mexanizmi ustida bosh qotiramiz. Nukus va Urganchning ham katta raqobatga ega klubi bo‘lishi kerak.

10. O‘zbek klublariga keladigan legionerlarga qandaydir shart qo‘yish kerakmikin?
Shu kungacha shart qo‘yilgan, ammo bu hech narsani o‘zgartirmaydi. Biz qaytaga shartni olib tashladik, istalgan legioner kelib o‘ynasin va uning saviyasi uchun klub javobgar bo‘lsin. Buning uchun klublar ham kimningdir oldida javobgar bo‘lishi kerak, bizda shu narsa bo‘lmagani uchun ham ular istagan ishini qilavergan. Ammo bitta jihatni aytish kerak, bugungi legionerlarimiz bundan 5-6 yil avvalgi legionerlardan baribir yaxshiroq.

Biz hozir boshqa narsani rejalashtiryapmiz. Ya’ni, kelasi yildan akademiyasi yoki futbol maktabi talab darajasida bo‘lmagan klublarga legioner bilan shartnoma tuzishni man qilamiz. Legionerlarga berayotgan milliardlarini oldin o‘z qorako‘zlariga yo‘naltirsin, keyin bu masalaga qaytib keladi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev: Jurnalistika, viloyatlar ligasi, Davron Shoqurbonov, Alisher Rustamov va qoraqalpoq futboli haqida (1-qism)