06:57 / 29.07.2020
2 815

Isroil Madrimov qanday titul uchun jang qiladi yoxud uning nufuzi va reytingi qay darajada?

Isroil Madrimov qanday titul uchun jang qiladi yoxud uning nufuzi va reytingi qay darajada?
15 avgust kuni birinchi o‘rta vaznda (69.8 kg) faoliyat yuritadigan hamyurtimiz Isroil Madrimov o‘zining navbatdagi jangini Erik Uokerga qarshi vaqtinchalik WBA jahon chempionlik kamari uchun o‘tkazishi mumkinligi haqida habar bergan edik.

Hozirda, ushbu to‘qnashuv kamar uchun ekanligi rasman tasdiqlanganicha yo‘q. Bu borada Isroil Madrimovning promouterlari tashkilot bilan muzokaralar olib bormoqda va tez kunlarda bunga aniqlik kiritiladi.

Shunday bo‘lsa-da, mazkur xabardan so‘ng, turli fikr va mulohazalarga guvoh bo‘ldik va bu borada imkon qadar ma’lumot berishga qaror qildik.
Demak, Butunjahon boks assotsiatsiyasi, ya’ni WBA tomonidan o‘z yo‘nalishida ta’sis qilingan 3 ta jahon chempionlik kamari bilan tanishing:

1. WBA Super – tashkilotning eng nufuzli jahon chempionlik kamari bo‘lib, Isroil Madrimov harakat qilayotgan vaznda bu titul sohibi dominikanlik Xeyson Rosario hisoblanadi.

2. WBA Regular - daraja jihatdan keyingi o‘rinda turuvchi "muntazam" jahon chempionlik kamari. Hamyurtimiz vazn toifasida bu chempionlik kubalik Erislandi Laraga tegishli.

3. WBA Gold - ushbu titul jahon chempionlik kamari hisoblanmaydi va bu qanday bokschilarga berilishi hatto, tashkilotning reglamentida ham keltirilmagan. Bu kamar egasiga asosan, "Regular" chempionning himoya muddati kelganda majburiy da’vogarlik maqomini beradi va WBA Regular chempion o‘z kamarini WBA Gold chempionga qarshi majburiy himoya qiladi. Ushbu vaznda WBA Gold chempioni fransiyalik Maykl Soro hisoblanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan, 3 ta kamar egalari WBA reytingiga kiritilmaydi. Yanada aniqroq qilib aytganda, bular reytingni yuqorisida chempionlar sifatida qayd etiladi va undan keyin kuchli 15 talik reyting davom ettiriladi. Quyida mazkur vazndagi WBA reytingini e’tiboringizga havola etamiz.

“Interim” WBA ya’ni, vaqtinchalik jahon chempionlik kamari esa, nufuz bo‘yicha ulardan keyingi o‘rinda turadi va bu titul har doim ham ta’sis etilavermaydi. Qachonki asosiy chempionning ma’lum sabablarga ko‘ra, da’vogarlarga qarshi jang o‘tkazish muddati cho‘zilsa, u holatda ushbu kamar joriy etiladi. Bunday chempionlik kamari Isroil Madrimovning vazn toifasida ilk bora ta’sis etilmoqda. Mazkur titul sohibi reytingda birinchi o‘ringa joylashadi. Hozirda yuqorida ko‘rib turganingizdek, WBA reytingida birinchi o‘rinda sobiq jahon chempioni Jarret Xyord, ikkinchi o‘rinda esa hamyurtimiz Isroil Madrimov joy olgan. Agar, Madrimov ushbu kamarni qo‘lga kiritgan taqdirda yangi reytingda hamyurtimiz birinchi o‘ringa ko‘tariladi. Xyord esa, reytingda pastki pog‘onaga tushadi.

Keling, shunday kamar ta’sis etilgan boshqa bir vazn toifasini ko‘rib chiqamiz. Shahram G‘iyosov va Shohjahon Ergashev faoliyat olib borayotgan super yengil vaznda (63.5 kg) shunday turdagi chempionlik kamari joriy etilgan va bu titulning amaldagi sohibi Alberto Puello hisoblanadi. Reytingda kuchli oltilikka nazar solsangiz, WBA Super chempioni Josh Teylor, WBA Regular kamari sohibi Mario Barrios hamda WBA Gold chempioni Ismael Barroso ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Reytingda birinchi pog‘onada qayd etilgan, Alberto Puello “Interim” ya’ni vaqtinchalik jahon chempioni hisoblanadi. Shahram G‘iyosov reytingda oltinchi, Shohjahon Ergashev yettinchi pog‘onadan joy olgan.

Ko‘pchilik nima uchun bu bokschilarimiz asosiy kamar uchun jang qilmayotganliklariga qiziqadi. Ushbu reytingda ko‘rganingizdek super chempion Josh Teylorga qarshi jang yaqin yillarda imkonsiz. Chunki, Teylor navbatdagi jangida IBF yo‘nalishida majburiy da’vogarga qarshi to‘qnash kelsa, undan so‘ng WBC va WBO chempioni Xose Ramires bilan 4 ta kamarni birlashtiruvchi bahsi reja qilingan. Qolgan chempionlar ham boshqa bokschilar bilan janglar borasida kelishuvga erishgan. Shunday ekan, hozircha kutishdan boshqa chora yo‘q. Biroq, tez orada qolgan bokschilarimiz ham Murodjon Ahmadaliyev kabi nufuzli chempionlik kamarlari uchun jang qilib, muvaffaqiyat qozona oladilar, degan umiddamiz!

Ahmadbek Eshmatov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov qanday titul uchun jang qiladi yoxud uning nufuzi va reytingi qay darajada?