Zamonaviy avtomobillar va mobil ilovalar haydovchilar maʼlumotlarini sizdirmoqda

Zamonaviy avtomobillar oʻrnatilgan Wi-Fi, GPS va boshqa tarmoq texnologiyalari yordamida oʻz egalari haqida ulkan hajmdagi maʼlumotlarni toʻplaydi va bu maʼlumotlar maxfiy qolmayapti. Northeastern universiteti tadqiqotchilari oʻtkazgan yangi ilmiy ish shuni koʻrsatdiki, avtomobilsozlik sanoatida shaxsiy maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga uzatish koʻlami oʻta keng boʻlib, isteʼmolchilar uchun undan qochish deyarli imkonsiz. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, mazkur tadqiqot 17 ta avtomobilsozlik brendiga tegishli boʻlgan 21 ta soʻnggi rusumdagi mashinani, jumladan Cadillac, Chevrolet, Ford, Lucid, Rivian, Tesla va Toyota kabi mashhur brandlarni qamrab olgan. Shuningdek, mutaxassislar ularga mos keluvchi 30 ta mobil ilovani ham oʻrganib chiqib, ularning maxfiylikka taʼsirini tahlil qilishgan.
Maʼlumotlar qayerga ketmoqda?
Tadqiqot natijalariga koʻra, tekshirilgan 21 ta avtomobilning 19 tasi maʼlumotlar trafigini kamida bitta uchinchi tomonga yoʻnaltirgan. Sinovdan oʻtgan 30 ta mobil ilovaning yttitasi esa transport vositasining identifikatsiya raqami (VIN), elektron pochta manzillari, telefon raqamlari va aniq geolokatsiya kabi maxfiy maʼlumotlarni reklama hamda kuzatuv bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarga uzatgani aniqlangan.Mutaxassislar haydovchilarning shaxsiy maʼlumotlari Adobe, ContentSquare, Google, Microsoft, Meta, Snap va Yahoo kabi yirik texnologiya kompaniyalariga yetib borayotganini aniqlashdi. Bir nechta turdagi axborotlar aynan bitta uchinchi tarafga yuborilishi natijasida reklama beruvchilar va maʼlumotlar brokerlari isteʼmolchilarning chuqurlashtirilgan raqamli profillarini yaratish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Ilovalar va avtomobilsozlarning munosabati
Tadqiqot jarayonida aniqlanishicha, mobil ilovani avtomobilga ulash reklamachilar va trekerlar taʼsirini taxminan ikki baravar oshiradi. Hosil qilingan bunday maxfiy profillar banklar hamda sugʻurta kompaniyalari kabi turli tashkilotlarga sotiladi, bu esa isteʼmolchilar uchun katta xavf tugʻdiradi.Tadqiqot natijalari avtomobil ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilganda, Honda kompaniyasidan tashqari barcha brendlar masʼuliyatni boshqalarga yoki toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarning oʻziga toʻnkashgan. Honda esa xabardor boʻlgach, oʻzining maʼlumot yigʻish amaliyotini yaxshilagan va pudratchisiga olgan barcha geolokatsiya maʼlumotlarini oʻchirib tashlashni buyurgan.
Koʻpgina avtomobilsozlar mobil ilovalardagi ayrim havolalar tashqi veb-sahifalarga ochilishini, ular esa mijoz maʼlumotlarini yigʻuvchi kukilarni oʻz ichiga olishi mumkinligini bildirishgan. Biroq, bu jarayonlarning aksariyati haydovchilarning ogohlantirishi va roziligisiz amalga oshirilishi aniqlangan.






























Izohlar 0
…