15:00 / 15.08.2020
3 816

Rossiyada yana bir legionerimiz bor. U ikkita gol urdi

Rossiyada yana bir legionerimiz bor. U ikkita gol urdi
Rossiya premer-ligasida Eldor Shomurodov “Rostov”, Oston O‘runov “Spartak” va Jasur Jaloliddinov “Lokomotiv” kabi yetakchi klublar sharafini himoya qilishidan xabaringiz bor. Bu futbolchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham faoliyatini davom ettirmoqda va ulardan muxlislarimizning umidi katta.

Rossiya futbolida “suyagi qotgan” legionerlarimizdan biri Vagiz Galiulin yana o‘zini ko‘rsata boshladi. Faoliyati davomida og‘ir jarohatlardan aziyat chekkan bu futbolchi endi yana avvalgi sport formasini tiklay olganini namoyish qila boshladi.

Galiulin ikki yildan buyon Rossiya Milliy futbol ligasida “Nefteximik” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. O‘tgan yili bu jamoa Premer-ligasiga da’vogarlik qilib, musobaqani beshinchi o‘rinda yakunlagan edi. O‘zbekistonlik yarim himoyachi 21 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga bir marotaba yo‘l topgan.

Milliy futbol ligasining uchinchi turida “Nefteximik” o‘z maydonida “Yenisey” jamoasini qabul qildi. Ushbu uchrashuvda ilk daqiqalardan to‘p surgan o‘zbekistonlik legioner har bir bo‘limda bittadan chiroyli gol kiritib, jamoasining yangi mavsumdagi birinchi g‘alabasini ta’minladi va 72-daqiqada o‘z o‘rnini Aleksandr Yushinga bo‘shatib berdi. Shu tariqa, “Nefteximik” jamoasi ochkolari sonini to‘rtta yetkazib oldi.

Asli andijonlik Vagiz Galiulin 2008-2012 yillarda O‘zbekiston milliy terma jamoasida 11 ta o‘yinda maydonga tushgan. 2002-2005 yillar davomida milliy chempionatlarimizda “Andijon” tarkibida uchta va “Buxoro” safida bitta o‘yinda maydonga tushgan.

2006 yildan boshlab, Rossiyaga ko‘chib o‘tgan futbolchimiz legioner sifatida “Rubin”, “Sibir”, “Ufa”, “Tosno”, “Tambov” va “Nefteximik” klublarida o‘ynab kelmoqda. Rossiya maydonlarida jami 11 ta gol urishga erishgan.

Vagiz Galiulin faoliyati davomda qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, 2008 yilda “Rubin”da Rossiya chempioni, ikki yildan so‘ng Rossiya kubogi sohibi bo‘ldi. 2017-2018 yilgi mavsumda “Tosno” jamoasi bilan Rossiya kubogi musobaqasida yana bir karra g‘olib chiqdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyada yana bir legionerimiz bor. U ikkita gol urdi