23:00 / 08.12.2020
2 877

YeChL anonsi. «O‘lim guruhlari»da hal qiluvchi o‘yinlar, «Real» va «PSJ» turnirni tark etish xavfi ostida

YeChL anonsi. «O‘lim guruhlari»da hal qiluvchi o‘yinlar, «Real» va «PSJ» turnirni tark etish xavfi ostida
Foto: AFP
Kim pley-offsiz qoladi - «MYu», «PSJ» yoki «Leypsig»? «Bryugge» qahramonlik ko‘rsata oladimi? «Real», «Inter», «Borussiya» va «Shaxtyor»dan iborat «o‘lim guruhi»dan kim omon chiqadi?

Chempionlar ligasida guruh bosqichi bahslari yakunlanmoqda. Bugun «Barselona» va «Yuventus», balkim Messi va Ronaldu o‘zaro to‘qnash keladi, ammo ba’zi guruhlardagi chigal vaziyatlar, yo‘llanma uchun kurash o‘zaro o‘yinlarda hal qilinishi tufayli, hatto o‘sha buyuk duel ham soyada qolmoqda. Pley-off o‘yinlarida-ku, keyingi bosqich masalasi ikki o‘yinda hal qilinadi, ammo mana shu guruhdagi o‘yinlarning intrigasi undanam yuqori. Hammasi bir oqshomda hal bo‘ladi.

Bundan tashqari, pley-off ishtirokchilari aniq bo‘lib ulgurgan guruhlarda natijasi u qadar ahamiyatli bo‘lmagan, lekin Yevropa Ligasi uchun kurash davom etadigan o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.

A guruhi
«Bavariya» – «Lokomotiv» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Zalsburg» – «Atletiko» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


«Bavariya» guruhda birinchi o‘rinni band qilib bo‘lgan va oxirgi turda jamoa katta ehtimol bilan ikkinchi tarkibini maydonga tushiradi. Bu esa «Lokomotiv»ga Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish uchun qo‘shimcha imkoniyat. Agar ruslar Myunxenda g‘alaba qozonishsa va «Atletiko» «Zalsburg»ga safarda yutqazishmasa, yevrokuboklardagi ishtirokini davom ettirishadi.

Avstriyaliklarda esa guruhdan chiqish imkoniyati ham bor. Bu jamoa yaqin yillarda pley-offning muntazam ishtirokchisiga aylanib qolsalar ajab emas. Mana ikkinchi yildirki, cheklangan imkoniyatlar bilan ham «Zalsburg» so‘nggi turgacha o‘z imkoniyatini saqlab qolmoqda. O‘tgan safar buning uchun ularga «Liverpul»ni yengish talab etilgan bo‘lsa, bu safargi raqib «Atletiko». Bajarilishi o‘ta qiyin bo‘lgan vazifa, ammo mana shu nuqtaga kelish ham katta natija.

Bu holatda ayniqsa, «Lokomotiv»ning o‘rni beqiyos. Ruslar «Zalsburg»ga 4 ochko berishdi, ispanlar bilan o‘yinlarda esa, ikki marta durang qayd etishdi. Mana shuning o‘zi so‘nggi tur oldidan ikki raqib masofasini bir o‘yin natijasiga qadar qisqartira oldi. 4 ochko jamg‘argan mezbonlar g‘alaba qozonishsa, 6 ochko bilan 2-o‘rinda turgan «Atletiko»ni quvib o‘tadilar. Madridliklar Ispaniya chempionatida peshqadamlik qilishmoqda, oxirgi 10 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmaydilar, ammo «Zalsburg» «Atletiko»ga qarshi kamida munosib bo‘la olishini birinchi davradagi o‘yinda ham ko‘rgandik. O‘shanda 52-daqiqagacha mehmonlar oldinda borishgan, «Atletiko» g‘alaba golini 85-daqiqadagina urishga muvaffaq bo‘lgandi.

B guruhi
«Real» – «Borussiya» M (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Inter» – «Shaxtyor» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


Bu guruh shu darajada chigalki, har qanday jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati ham, guruhda qolish xavfi ham mavjud. Faqat nemislar eng yomon holatda ham Yevropa Ligasiga ilinadi, qolgan uch jamoa hatto bahorda umuman yevrokuboklarsiz qolib ketishlari mumkin. Hammasiga albatta, «Real» «aybdor». «Inter»ga ochko bermay guruh autsayderiga aylantirgan ham, «Shaxtyor»ga ikki bor mag‘lub bo‘lib, ukrainaliklarga imkoniyat qoldirgan ham shu – madridliklar. Endi esa, avvalo Zidanning o‘zi jiddiy raqib qarshiligini yengishiga to‘g‘ri keladi.

«Real» keyingi bosqichga chiqishi uchun, «Borussiya» ustidan g‘alaba qozonishi shart. Durang holatida madridliklar o‘zlarini to‘liq omonda his qilmaydilar, parallel uchrashuvda «Inter»ning g‘alabasiga umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. Mag‘lubiyat «Real»da hech qanday variant qoldirmaydi.

«Borussiya» keyingi bosqichga chiqishi uchun Madriddan g‘alaba yoki durang bilan qaytishi kerak. Mag‘lubiyatga uchrab ham keyingi bosqichga chiqish mumkin – buning uchun «Shaxtyor» va «Inter» o‘yini durang bilan yakunlanishi talab etiladi. Shunda o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, nemislar 2-o‘rinda qoladi. Agar «Inter» yoki «Shaxtyor»dan biri g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, «Borussiya» uchinchi o‘ringa tushib ketadi.

«Inter» keyingi bosqichga chiqish uchun avvalo, g‘alaba qozonishi shart. Shu bilan birga, «Real»ning g‘alabasidan umid qilishlari kerak. Ana o‘shanda milanliklarning «Borussiya» bilan ochkosi teng bo‘ladi va o‘zaro o‘yindagi ustunlik tufayli jamoa 2-o‘ringa ko‘tariladi.

«Shaxtyor» keyingi bosqichga chiqishi uchun «Inter»ni yengishi kerak. Durang bilan ham keyingi bosqichga chiqishi uchun «Real» «Borussiya»ni yuta olmasligi kerak bo‘ladi.

Xullas, 4 jamoaning 3tasida imkoniyat o‘z qo‘lida, g‘alaba yoki durangga erishish orqali keyingi bosqichga chiqa oladilar. Faqat «Inter» masalani hal qilishi uchun avvalo o‘zi g‘alaba qozonishi va narigi o‘yindan kerakli hisobni umid qilishiga to‘g‘ri keladi.

S guruhi
«Manchester Siti» - «Marsel» Olimpik (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Olimpiakos» - «Portu» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


«Manchester Siti» — birinchi ekani aniq, «Portu» ham ikkinchi o‘rindan tushib ketmaydi va birinchiga ko‘tarilmaydi (bu jamoalarning o‘zaro uchrashuvlarida inglizlar ustun — 3:1 va 0:0). «Marsel» esa Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish uchun Manchesterda «Olimpiakos» parallel uchrashuvda qo‘lga kiritadigan ochkolardan ko‘proq ochko olishi zarur. Tenglik yuzaga kelsa greklar o‘zaro uchrashuvlarda safarda urilgan gol evaziga fransuzlarni ortda qoldirishadi (Pireyda 1:0, Marselda 1:2).

D guruhi
«Mityulland» - «Liverpul» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Ayaks» – «Atalanta» (10 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


«Liverpul»ni birinchi o‘rindan hech kim qo‘zg‘ata olmaydi, «Midtyullann» endi hech narsaga da’vo qilmayapti. Pley-offga ikkinchi yo‘llanma taqdiri Amsterdamda hal bo‘ladi.

Top yulduzlarga ega bo‘lishmasa-da, o‘z uslubi, hujumkorligi bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sabab bo‘lgan ikki jamoaning to‘qnashuvi albatta, qiziq bo‘ladi. Alohida e’tiborli tomoni shundaki, odatda o‘z dadilligi bilan dong taratgan jamoalarni biz endi boshqa rakursdan, ya’ni aniq bir natija uchun harakat qilganda, qay darajada o‘z an’analariga sodiq qolishlari mumkinligi bilan o‘lchab ko‘ramiz.

«Atalanta» 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinda, «Ayaks»da esa bir ochko kam, ammo niderlandiyaliklar o‘z maydonlarida to‘p surishadi. Mehmonlarni durang ham qoniqtiradi, mezbonlar esa faqat va faqat g‘alaba uchun to‘p surishga majbur. Hatto pley-offlarda ham bunday munosib raqiblar va ssenariyni topish mushkul.

«Ayaks» bor e’tiborini shu o‘yinga shu darajada qaratmoqdaki, ichki chempionatdagi oxirgi o‘yinda asosiy tarkib tushishiga qaramasdan, «Tvente»dan mag‘lubiyatga uchraldi. Futbolchilarning fikr-u xayoli «Atalanta»ga qarshi o‘yinda turgani shubhasiz. «Atalanta» esa so‘nggi turda «dam oldi», demak jismoniy tarafdan raqibga nisbatan ustunlikka ega. Jamoaning «Udineze»ga qarshi uchrashuvi noqulay ob-havo tufayli qoldirildi. Lekin yo‘qotishlar borasida bergamoliklarda vaziyat jiddiyroq – Pashalich, Miranchuk va ayniqsa Gosens kabi yetakchi futbolchilarda kichik jarohatlar bor edi. Ularning bu o‘yinga tayyor bo‘la olmasliklari ehtimoli yuqori.

Ye guruhi
«Renn» - «Sevilya» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Chelsi» - «Krasnodar» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


Bu guruhdagi jamoalarning o‘rinlari o‘tgan turdan keyinoq aniq bo‘lib ulgurgandi: «Chelsi» — birinchi, «Sevilya» — ikkinchi, «Krasnodar» — uchinchi, «Renn» — to‘rtinchi. O‘zaro uchrashuvlar natijalariga ko‘ra inglizlar ispanlardan (0:0, 4:0), rossiyaliklar esa fransuzlardan ustun (1:1, 1:0).

F guruhi
«Latsio» – «Bryugge» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Zenit» - «Borussiya» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


Dortmundning «Borussiya» klubi Chempionlar ligasining keyingi bosqichiga yo‘llanmani naqd qilib bo‘lgan, «Zenit» bahorgi yevrokuboklarda ishtirok etishdan umid uzgan. Bu jamoalarning o‘yini natijasi ahamiyatsiz va nemislar Sankt-Peterburgda ikkinchi tarkibni o‘ynatadi.

«Latsio» guruhda mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lsa-da, bu keyingi bosqichga chiqish uchun hali yetarli emas – so‘nggi turda ham mag‘lubiyatga uchramaslik kerak. Tabiiyki, rimliklar «Bryugge»ga qarshi uchrashuvda favorit, ammo masala birgina o‘yinga qolgan ekan, belgiyaliklardan ham har qanday xavfni kutsa bo‘ladi. Jamoa o‘z vaqtida «Santyago Bernabeu»da ham munosib to‘p sura olgandi, demak tajriba yetarli. Vaziyat qanchalik jiddiyligini «Latsio» murabbiyi Simone Indzagi ham his qilayotgani shubhasiz. U A Seriya doirasida «Spetsiya»ga qarshi kechgan uchrashuvda Keysedo, Korrea kabi asosiy futbolchilarga dam berdi.

Bundan tashqari, «Bryugge» himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatishi bilan ham e’tirofga loyiq. Milliy chempionatda Filipp Klement shogirdlari kam gol o‘tkazish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega – 15 o‘yinda 30ta gol urilib, 11ta gol o‘tkazib yuborilgan. Aslida YeChLda ham vaziyat yomon emasdi, faqat «Borussiya» bilan o‘yinlarda odatdagidan ko‘proq gol o‘tkazib yuborilgani (0:3, 0:3) kartinani buzib turibdi.

Turnirdagi vaziyatga baho beradigan bo‘lsak, italiyaliklarda 9, «Bryugge»da 7 ochko mavjud. Demak, durang hisobi mezbonlarni keyingi bosqichga olib chiqadi. «Bryugge» esa guruhda 2-o‘rinni olish uchun g‘alaba qozonishi shart.

G guruhi
«Barselona» - «Yuventus» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Dinamo» Kiyev - «Ferensvarosh» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


«Barselona» ham, «Yuventus» ham 1/8 finaldagi ishtirokini kafolatlab qo‘ygan, endi oxirgi turda G guruhi g‘olibi kim bo‘lishi aniqlanadi. Guruhda katalonlarni ortda qoldirish uchun Andrea Pirlo jamoasi kamida uch gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi. Agar birinchi o‘yindagi natija takrorlansa (2:0), ko‘k-anoranglilar to‘plar nisbati yaxshiligi evaziga birinchi o‘rinda qolishadi. Kataloniyaliklar YeChLda so‘nggi 13 mavsumda guruhni birinchi o‘rinda yakunlashgan va bu safar ham shu an’anani davom ettirishmoqchi.

Katta ehtimol bilan bugun biz 33 yoshli Lionel Messi va 35 yoshli Krishtianu Ronalduning so‘nggi o‘zaro qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz.

Kiyevda «Dinamo» va «Ferensvarosh» Yevropa Ligasi pley-offiga kim o‘tishini aniqlab olishadi. Sergey Rebrov agar g‘alabaga erishsa yoki 3:3 (Vengriyadagi birinchi o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgandi) va undan yirikroq hisobdagi durangni qayd etsa, sobiq jamoasini yevrokuboksiz qoldiradi. Boshqa har qanday natija ukrainlarga uchinchi o‘rinni qoldiradi.

N guruhi
«PSJ» - «Istanbul» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Leypsig» – «Manchester Yunayted» (9 dekabrga o‘tar kechasi, 01:00)


«Manchester Yunayted», «PSJ» va «Leypsig» so‘nggi turga 9tadan ochko jamg‘argan holda yetib keldi. Eng yaxshi vaziyat parijliklarda, ular nafaqat guruhdagi eng kuchsiz jamoani qabul qilishadi, balki o‘zaro uchrashuvlarda inglizlardan ham (1:2, 3:1), nemislardan ham (safarda 1:2, uyda 1:0) ustun. «PSJ» faqatgina «Istanbul»ga yutqazsa va Leypsigdagi o‘yin durang hisob bilan yakunlansagina Yevropa Ligasiga tushib ketishi mumkin. Bu nemislar «MYu»ni yengmasdan YeChL pley-offiga chiqishi mumkin bo‘lgan yagona variant. Boshqa hollarda Yulian Nagelsmann jamoasi raqiblardan pastda bo‘ladi. Uch jamoa natijalari alohida olinganda «Leypsig» to‘rt ochko bilan uchinchi bo‘ladi, «PSJ»da 6, «MYu»da 7, inglizlarga qarshi birinchi o‘yinda nemislar 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi.

Yana bir intriga shundaki, «Leypsig» o‘z maydonida muvaffaqiyatli to‘p surish bo‘yicha hatto Yevropada ham eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biriga ega. Nagelsman shogirdlari so‘nggi bir yildan ko‘proq vaqt mobaynida o‘z uyida atigi ikki marta mag‘lub bo‘lgan, xolos. «MYu» esa APLda qatorasiga 9 o‘yindan beri safarda faqat g‘alaba qozonmoqda. Umuman, barcha musobaqalarda Sulsher jamoasi oxirgi marta yanvar oyida «Liverpul»ga safar o‘yinida mag‘lub bo‘lgan, xolos. Shundan beri hech qaysi jamoa «MYu»ni o‘z maydonida yenga olmagan. Nemislar bu seriyani buzishning uddasidan chiqa olishadimi?

Tarkiblarga kelsak, mezbonlar tarkibida yetakchi himoyachi Dayo Upamekano diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Henriksda ham jarohat bor. Mehmonlar safida esa Fred «PSJ» bilan o‘yinda qizil kartochka olgandi. Marsiyal va Kavani «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda kichik jarohat olib, Germaniyaga safar qilishmadi. Lekin David De Xea va Lyuk Shou bu safar jamoa bilan birga.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » YeChL anonsi. «O‘lim guruhlari»da hal qiluvchi o‘yinlar, «Real» va «PSJ» turnirni tark etish xavfi ostida