20:57 / 13.12.2020
3 609

Dragan Cheran: O‘zimni O‘zbekistonda murabbiy sifatida tasavvur qilaman. Balki “Paxtakor”da, balki milliy terma jamoada

Dragan Cheran: O‘zimni O‘zbekistonda murabbiy sifatida tasavvur qilaman. Balki “Paxtakor”da, balki milliy terma jamoada
Dragan Cheran bu yil ham yana katta sahnada. O‘tgan yildagi kabi ushbu mavsumda ham to‘purarlik salohiyatini namoyish etib berdi.
U haqida endi ortiqcha ta’rif berish shart emas. Qanday futbolchiligini barchaga ko‘rsatib bergan. Anig‘i shuki, “Paxtakor”ning muvaffaqiyatlarida Cheran katta o‘rin tutadi. Qolaversa, u yaqinda O‘zbekiston chempionatida 100-golini ham urdi. Sports.uz muxbiri esa Dragan bilan suhbatda bo‘ldi.

- O‘zbekiston chempionatida 100 ta gol urganingiz bilan tabriklaymiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- Tabrik uchun tashakkur. Bu men uchun albatta katta yutuq. Bundan juda mamnunman. Tabiiyki, hammasiga faqat katta mehnat orqali erishyapman. Bu men uchun yanada yangi marralarni zabt etish uchun o‘zgacha shijoat bag‘ishlaydi.

- Ketma-ketma ikki yil to‘purar bo‘ldingiz. Qaysi biri qiyin bo‘ldi: bu yilgisimi yoki o‘tgan yildagisimi?
- O‘ylashimcha, bu yilgi chempionat o‘tgan yilgiga qaraganda bir muncha og‘irroq kechdi.

- Kiritgan gollaringiz orasida eng chiroylisi qaysi bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
- Agar siz ushbu yilni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, men uchun eng chiroyli va muhim gol sifatida Osiyo Chempionlar ligasida “Istiqlol” darvozasiga kiritgan to‘pimni aytgan bo‘lardim.

- Barcha maqsadlarga erishyapsiz, bungacha ham “Paxtakor” bilan Kubokni yutgansiz, chempionlikka erishyapsiz, to‘purar bo‘lyapsiz. Yana qanday maqsadingiz qoldi?
- Biz albatta bu yilgi Kubokni yutishimiz kerak. Aynan shundan keyingina bu yildagi barcha maqsadlarimga erishgan bo‘laman.

- Uch yildan beri chempionatimizda xorijlik futbolchilar to‘purar bo‘lyapti. O‘zbekistonlik golga chanqoq hujumchilar kamaydi, deb o‘ylaysizmi?
- Bilasizmi, oxirgi uch mavsumdan beri eng yaxshi to‘purarlarning “Paxtakor”dan bo‘layotganligi bizning jamoamiz eng yaxshi, eng tomoshabop va hujumkor futbol namoyish etayotganini bildiradi.

- Dragan, hozir 33 yoshdasiz. Ketma-ket uchinchi marta ham to‘purar bo‘la olasizmi? Chunki hali hech kim buni uddalay olmagan.
- Keyingi chempionatda ham jismoniy jihatdan qoniqarli darajada bo‘lish uchun borimni beraman va sog‘lom holatda jamoamga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. To‘g‘risi, gollar haqida ko‘p ham o‘ylayotganim yo‘q. Jamoam yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganida bu o‘z-o‘zidan ro‘y beradigan narsa.

- “Paxtakor”da qolishingiz aniqmi?
- Meni yana “Paxtakor” bilan bir yillik shartnomam bor.

- Yoki shu yoshingizda ham chetdan yaxshigina taklif kutyapsizmi?
- Futbol uchun eng yaxshi yoshdaman. Shu sababli menga hali yana takliflar bo‘lishi mumkin. Hech qachon oldindan nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi. Barcha klublarni hurmat qilaman. Shu bois kelajakda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

- Ushbu mavsumning uch nafar eng yaxshi murabbiylarini ayta olasizmi?
- Shota Arveladze, Ro‘ziqul Berdiyev va Mirjalol Qosimov. Berdiyev yosh futbolchilar bilan juda yaxshi ishni amalga oshiryapti. U har yili bir nechta iqtidorlarni yoshlar jamoasidan kashf qiladi. O‘z o‘rnida “Nasaf” ham tomoshabop va chiroyli o‘yin ko‘rsatyapti. Shuning uchun bu yil ular ikkinchi o‘rinni egallashdi. Shu sababli Berdiyevga katta hurmat ko‘rsatilishi kerak. Qosimov ham o‘tgan yildan qolgan o‘zining ishini davom ettiryapti, yaxshi jamoa shakllantirish yo‘lida. Uchinchi o‘rinni AGMK uchun juda yaxshi natija deb o‘ylayman va ularni tabriklayman.

- O‘zingizni eng yaxshi legioner deb hisoblaysizmi? Umuman, kimni eng zo‘ri deya olasiz?
- Bu savolga javob bera olmayman. Boshqa odamlardan so‘raganingiz ma’qul.

- Arveladze faoliyatingizda siz ko‘rgan murabbiylar ichida eng yaxshisimi?
- Top-uchlikda.

- Ta’tilni qaysi mamlakatda o‘tkazmoqchisiz?
- Uyimga uchib ketaman va u yerda oilam hamda do‘stlarim davrasida bo‘laman. Chunki ularni deyarli bir yil ko‘rmadim. Shu sababli albatta uyimda bo‘laman.

- Darvoqe, siz ham Maradona kabi 10-raqamda to‘p surasiz. Uning vafoti sizni qayg‘uga soldimi?
- Ha, albatta. Bu jahon futboli uchun katta yo‘qotish. Maradona – katta nom va beqiyos futbolchi va buyuk shaxs edi.

- Umuman aytganda, faolitingizni yurtimizda yakunlamoqchimisiz yoki Serbiyadami?
- Bu haqida o‘ylayotganim yo‘q. Buni hali ko‘ramiz.

- “Paxtakor”dagi eng quvnoq va jiddiy futbolchi kim?
- Jaloliddin Masharipov va Sadriddin Abdullayev.

- Futboldan keyin o‘zingizni nimada tasavvur qilasiz?
- O‘zimni O‘zbekistonda murabbiy sifatida tasavvur qilaman. Balki “Paxtakor”da, balki milliy terma jamoada.

Shuhratbek Jo‘rayev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dragan Cheran: O‘zimni O‘zbekistonda murabbiy sifatida tasavvur qilaman. Balki “Paxtakor”da, balki milliy terma jamoada