22:53 / 13.12.2020
3 344

Maksim Shatskixning "Lokomotiv" bosh murabbiyi bo‘lishi uchun besh sabab

Maksim Shatskixning "Lokomotiv" bosh murabbiyi bo‘lishi uchun besh sabab
Toshkentning "Lokomotiv" klubiga ikkinchi davrada kelgan va jamoaning natijalarini ijobiy tomonga o‘zgarishida katta hissa qo‘shgan Timur Kapadze endilikda bor e’tiborini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga qaratadi.

Savol endilikda jamoani kim boshqaradi? Qaysi mutaxassis "Lokomotiv"ni ayni paytdagi holatiga va siyosatiga mos? Men bu borada o‘zimning taklifimni berishni lozim topdim. fikrimcha, hozirda jamoaga eng yaxshi variant o‘zbekistonlik sobiq futbolchi Maksim Shatskixdir. Garchi bugungi kunda u "Rotor"da faoliyat olib borayotgan bo‘lsada agarda taklif bilan chiqilsa albatta kelishi mumkin. Bunga uning o‘zi ham qarshi bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Nima uchun aynan Shatskix? Quyida shu xususida so‘z boradi.

1. Yevropa havosini olgan murabbiy va xalqaro tajribaga ega
Barchangizga ma’lumki "Maks" proffessional futbolchilik faoliyatini xorijda boshlagan, shu muhit ostida tarbiyalangan, taniqli va kuchli mutaxassislar qo‘l ostida to‘p tepgan. Turli xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etgan. Uning qarashlari ham o‘zimizning mahalliy murabbiylarnikidan farq qilishi tabiiy. Shatskixning ayniqsa Valeriy Lobanovskiydan o‘rgangan narsalari unga murabbiylik faoliyatida foyda berishi shubhasiz.

Ikkinchidan "Lokomotiv" klubi hozirda eshitishimizga qaraganda xorijlik mutaxassisni jamoaga jalb qilish borasida o‘ylamoqda. Shunday ekan Maksim Shatskix varianti xorijlik murabbiy tamoyiliga to‘liq mos keladi. Boshqa tomondan esa uning o‘zbek futboliga moslashishi, ko‘nikib olishiga hech qancha vaqt ketmaydi.

2. "Lokomotiv"ning muxlislari ko‘payadi
Maksim Shatskixning milliy terma jamoamiz libosidagi o‘yinlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari hamon zavq bilan eslashlari aniq. Chunki u millat qahramoni, kimlar uchundir o‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi hujumchi, yana kimlar uchundir esa afsona. Agarda bu amalga oshadigan bo‘lsa ishqibozlar o‘zining sevimli futbolchisini endilikda murabbiy sifatida qo‘rishlari qiziq bo‘lardi.

Ishoning "Maks"ning kelishi "Lokomotiv" ishtirokidagi uchrashuvlarda muxlislarning o‘z-o‘zidan ko‘payishiga olib keladi. Stadionlarga ajoyib futbol muhiti qaytadi. Hamma ham "Loko"ga muxlislik qilmasligi mumkin, lekin Shatskix uchun stadionga kelishlarini taxmin qilish qiyin emas. Umumiy qilib aytganda "Maks" o‘zi bilan birga muxlislarini ham stadionga qaytarishini ta’minlaydi.

3. O‘zbek futboli uchun begona emas
Deylik, "Lokomotiv" Shatskixdan tashqari boshqa bir mutaxassisni taklif qildi va bosh murabbiylikka tayinladi. U insonning yuqorida zikr yetilganidek o‘zbek futboliga, mentalitetga, futbolchilarga va sharoitga moslashishi ma’lum bir fursatni talab qiladi. Boisi hali kelayotgan xorijlik murabbiy futbolimizni to‘liq bilmaydi va o‘rganib olish uchun vaqt sarflaydi, bundan esa har ikki tomon ham yutqazadi. Maksim bilan esa bu jarayon ko‘pga bormasligiga ishonamiz.

Chunonchi, o‘zbek futbolini yaxshi biladi, barcha narsalardan xabardor, o‘zbekistonlik futbolchilarning potensiali va nimalarga qodirligi haqida tasavvurga ega. Futbolimizga kecha yoki bugun kelib qolmagan. Yetarlicha ma’lumot bazasi shakllangan. Qolaversa u bilan ishlash futbolchilar uchun qiziq kechadi va o‘ziga xos tajriba maktabini o‘taydi.

4. Rus tilini biladi va o‘zaro muloqotda muammo bo‘lmaydi
Futbolchi va murabbiyning o‘rtasidagi eng muhim omil bu o‘zaro tushunishdir. Bunda esa tilning ahamiyati katta. Ko‘pincha natijalar ham shunga bog‘liq bo‘lib qoladi. Ayrim pallalarda o‘yinchi murabbiyini yaxshi tushuna olmasligi natijasida turli ziddiyatlar kelib chiqadi. "Maks"da esa til borasida muammo bo‘lmasligi ayon. U ko‘rsatmalarni rus tili orqali bemalol erkin tarzda futbolchilarga yetkazib bera oladi.

5. "Lokomotiv"ning hozirgi yoshlar bilan ishlash siyosatiga to‘liq mos keladi
"Lokomotiv" joriy mavsumdan e’tiboran siyosatini o‘zgartirdi va o‘z futbol maktabidan yetishib chiqqan yoshlarga urg‘u bera boshladi. Birinchi davrada Andrey Fyodorov yosh futbolchilar bilan natija ko‘rsatishda qiynaldi va iste’foga chiqarildi. Ikkinchi davrada esa Temur Kapadze qo‘l ostidagi bor futbolchilar bilan ham nimadir qila olish mumkinligini isbotladi. Maksim Shatskix ham xuddi Kapadze singari murabbiylik karerasini "Dinmo Kiyev"ning yoshlar jamoasidan boshladi. Unda yosh iqtidorlar bilan ishlash ko‘nikmasi mavjudligi "Lokomotiv"ning yoshlari bilan ishlashda muammoga duch kelmasligini bildiradi.

Albatta bu mening shunchaki taklifim va mulohazalarim. Xalqimizda "Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q", - deb bejiz aytilmagan. Paytida futbolchi sifatida maydonda borini bergan va hozirda boshqa xorij klublarda ishlayotgan o‘zimizning sobiq futbolchilarimizdan unumli foydalanish payti keldi. Fikrimcha ular so‘nggi yillarda klublarimizda faoliyat olib borgan chet ellik murabbiylardan ko‘ra futbolimizga nimadir bera olishadi.

Abdulaziz Iskandarov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maksim Shatskixning "Lokomotiv" bosh murabbiyi bo‘lishi uchun besh sabab