10:47 / 12.01.2021
1 945

Qaysi murabbiy Shomurodovdek futbolchidan o‘z ixtiyori bilan voz kecha oladi?

Qaysi murabbiy Shomurodovdek futbolchidan o‘z ixtiyori bilan voz kecha oladi?
Eldor Shomurodov italyan ommaviy axborot vositalarining sevimli mavzusiga aylanib bormoqda. Terma jamoasi jahon chempionatini ko‘rmagan mamlakatning hech kim tanimagan futbolchisi qisqa muddatda “Yuventus”dek qudratli klub e’tiboriga tushgani, albatta, shov-shuvga o‘ch italyan matbuotini befarq qoldirmayapti.

Darhaqiqat, La Gazzetta dello Sport singari Italiyaning eng mashhur sport nashri ham o‘z sahifasidan o‘zbek futbolchisiga joy ajratgani va muqovani Eldorning surati bilan bezagani ham Shomurodovni jurnalistlar tan ola boshlaganidan dalolatdir.

Genuyada yana bir onlayn manba bor. Genuyalik futbol muxlislari buoncalcioatutti.it saytini “Jenoa” hayoti haqidagi eng qiziqarli va haqqoniy manba sifatida tan oladi. Bu saytni Alessio Semino ukasi Lorenso bilan birga, genuyalik taniqli jurnalist Lino Marmorato yordamida 2016 yilda tashkil etgan.

Rossiyaning “Sport-Ekspress” nashri mazkur manba tomonidan Eldor Shomurodovning “Jenoa”dagi faoliyati qanday yoritilayotganiga bag‘ishlangan intervyuni e’lon qildi. Alessio Semino bilan bo‘lgan ushbu suhbatda ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgan turli ma’lumotlar ham kiritilgan.

Intervyuni e’tiboringizga havola qilamiz:

- Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishi saytingizni kuzatib borayotganlar safiga Rossiya va O‘zbekistondan ko‘p o‘quvchilarni qo‘shgani rostmi?
- Ha, shubhasiz. Bu ijtimoiy tarmoqlardagi o‘sishdan ham sezilyapti. Men Eldorning o‘zi uchun ham xursandman. Unga shuncha odam muxlislik qilyapti. Biz uning yurtida muxlislari ko‘pligini ko‘rib turibmiz, shuningdek, Rossiyada ham uni kuzatayotganlar soni ortmoqda. U “Jenoa”da o‘ynagan ikkinchi o‘zbek futbolchisi, birinchisi Ilyos Zeytullayev edi.

- “Jenoa”ning ko‘plab kuchli legionerlarni ko‘rgan talabchan muxlislari Shomurodovni qanday qabul qildi?
- Eldor o‘yindan o‘yinga tobora ko‘proq muxlislar mehrini va jurnalistlar e’tiborini qozonib boryapti. “Jenoa”ga o‘tganida u haqida ma’lumot deyarli yo‘q edi, qolaversa, dastlabki bahslarda yorqin taassurot qoldira olmadi. Keyinroq, shunday zo‘r o‘ynay boshladiki, hamma unga munosib bahosini beryapti. Jurnalistlarning Eldor haqidagi pozitsiyasini ularning yuqori baho berayotgan materiallaridan bilib olsa bo‘ladi. Har kuni tanish odamlar bilan muloqot qilganimda talabchan muxlislarning ham o‘zbek hujumchisiga hurmati oshib borayotganini sezaman.

“Jenoa” muxlislari o‘yinchilarning xatosini osongina kechirishga tayyor, lekin ular ishtiyoqsizlik va loqaydlikni qabul qila olmaydi. Shomurodovning salohiyati katta va uning maydonda yo‘l qo‘yayotgan ayrim kamchiliklarini uning mehnatkashligi, tinimsiz harakati, kurashuvchanligi va yuqori darajadagi ishtiyoqi yopib yubormoqda. “Jenoa” boshlang‘ich tarkibida maydonga chiqish huquqi uchun qattiq kurashayotgani ko‘rinib turibdi.

- Agar senda kuchli futbolchiga xos sifatlar bo‘lmasa, ishtiyoq va xohish A Seriya uchun kamlik qiladi. Shomurodov qaysi xususiyatlari bilan yangi bosh murabbiy Davide Ballardinini o‘ziga ishontira oldi?
- Hozirgi Shomurodovning eng katta ustunligi uning o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazayotganida. Ayniqsa, bunga gol urish, o‘tkir hujum tashkil etish, o‘zini maydonidan raqib darvozasigacha bo‘lgan hududni katta tezlikda bosib o‘tish kabi xususiyatlari orqali erishmoqda.

Ayni paytda u jamoa uchun muhim hisoblangan kurashlar markazida, kerakli vaqtda paydo bo‘layotgan o‘yinchi hisoblanadi. Bunaqa futbolchilar har doim va har yerda qadrlanadi. Masalan, “Bolonya” bilan uchrashuvdagi Zaysning aniq zarbasi bilan yakunlangan birinchi va hal qiluvchi golli hujum Shomurodovning o‘ng qanotdan tezkor harakatlari orqali “pishdi”.

Shomurodovning kuchi raqib darvozasi oldida havf tug‘dirishdan tashqari, o‘z jarima maydonchasi ichida havodan kelayotgan to‘plarni egallab, tezkor qarshi hujum uyushtirishga ham yetmoqda. Qaysi murabbiy maydonda shuncha foyda keltirayotgan o‘yinchidan o‘z ixtiyori bilan voz kecha oladi?!

Davomi bor...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qaysi murabbiy Shomurodovdek futbolchidan o‘z ixtiyori bilan voz kecha oladi?