11:30 / 02.02.2021
2 650

“Jenoa” va Shomurodov muxlislari o‘qisin!

“Jenoa” va Shomurodov muxlislari o‘qisin!
Davide Ballardini kelganidan keyin “Jenoa” jamoasi A Seriya musobaqa jadvalida yuqoriga ko‘tarila boshladi. Bu mutaxassis qo‘l ostidagi chempionat o‘yinlarida to‘rt g‘alaba, ikki durang va bir mag‘lubiyat qayd etgan genuyalik futbolchilar oxirgi o‘rindan 14-pog‘onaga chiqib oldi va xavfli hududni tark etdi.

Muvaffaqiyatli o‘ynay boshlagan “Jenoa” sardori Domeniko Krishito jurnalistlarga intervyu berib, ilgari o‘zi o‘ynagan Rossiya chempionatidan A Seriyaga ko‘chib o‘tgan futbolchilar, xususan, Eldor Shomurodov haqida ham fikr bildirdi. E’tiboringizga ushbu intervyuni havola qilamiz.

- O‘tgan yilgi koronavirus kasalligi va jarohatlardan keyin o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Rahmat, hozir ancha yaxshi. Ko‘rib turganingizdek, hamon maydonda javlon uryapman. Eng muhimi, jamoamiz keyingi paytda barqaror ravishda ochko to‘playapti. Men “Jenoa” A Seriyada qolishiga ishonaman.

Eldor Shomurodov haqida nima deysiz?
- U ajoyib futbolchi. Boshida uyatchan yigit ko‘ringandi, lekin tez orada kurashuvchanligi bilan asosiy tarkibga kirishni udalladi. Shomurodov o‘z o‘yini va maydondan tashqaridagi xulq-atvori bilan meni hayratga soldi. Eldor juda kuchli va jamoa uchun o‘ta foydali o‘yinchi. Maydondagi kurashlarda o‘zini ayamaydi va katta hajmdagi ishlarni bajarmoqda. Bundan tashqari, italyanchada ham gaplasha boshladi. Bravo!

- Yaqinda “Atalanta”ga qarshi o‘ynadinglar. Aleksey Miranchuk haqida nima deya olasiz?
- O‘yindan oldin biz u bilan salomlashdik. Miranchuk o‘z kuchini A Seriyada sinab ko‘rishga qaror qilgani yaxshi bo‘ldi. Aleksey iqtidorli futbolchi, men buni “Lokomotiv”dagi o‘yinlari orqali bilaman. Lekin “Atalanta”da raqobat o‘ta kuchli bo‘lgani uchun muntazam maydonga tushishi qiyin kechmoqda.

- “Fiorentina” yaqinda Aleksandr Kokorinni tarkibga qo‘shib oldi. Bu borada fikringiz qanday?
- Men Aleksandrni tabriklayman va unga chin dildan muvaffaqiyat tilayman. Menga uning o‘yini yoqadi va Florensiyada o‘zini ko‘rsata olishiga tilakdoshman.

- Uning sobiq jamoangiz “Zenit”dagi o‘yinlarini qanday baholaysiz?
- Kokorinni tajribali murabbiylar Fabio Kapello va Roberto Manchini bejizga maqtamagan. Bilishimcha, Aleksandr jamoadoshlari bilan ham yaxshi chiqishadigan futbolchi. Biroq , “Fiorentina”da unga oson bo‘lmaydi, chunki uning xorijda o‘ynash bo‘yicha tajribasi yo‘q. Kokorin o‘zini sinab ko‘rishni istadi. Unga omad!

- “Zenit”ning natijalarini kuzatib borasizmi?
- Albatta, “Zenit” Rossiyadagi sevimli klubim, Peterburg esa men yaxshi ko‘rgan shahar. Men Sergey Semak “Zenit” bilan qatorisiga uchinchi bor chempionlikni nishonlashiga ishonaman.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Jenoa” va Shomurodov muxlislari o‘qisin!