08:38 / 06.02.2021
1 427

Shomurodov “Jenoa”ning noxush an’anasiga chek qo‘yib, “Napoli”ni tiz cho‘ktira oladimi?

Shomurodov “Jenoa”ning noxush an’anasiga chek qo‘yib, “Napoli”ni tiz cho‘ktira oladimi?
Bugun tunda Toshkent vaqti bilan 00:45 da A Seriyaning 21-turidan o‘rin olgan “Jenoa” va “Napoli” o‘rtasidagi qiziqarli bellashuv boshlanadi.

Bu ikki jamoa Italiya futboli tarixida o‘z o‘rniga ega qadimiy klublardan hisoblanadi. “Jenoa” va “Napoli” qarama-qarshiligi uzoq muddatdan buyon – qariyb 100 yil, yanada aniqroq aytganda, 95 yildan beri davom etib kelmoqda.

Bugungi kunda “Napoli”, shubhasiz, genuyaliklardan har tomonlama ustun. Neapolliklar keyingi yillarda sovrinli o‘rinlar va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun muntazam kurashayotgan qudratli jamoalar qatorida zikr etilmoqda.

Tarkibda Kalidu Kulibali, Kostas Manolas, Jovanni Di Lorenso, Temua Bakayoko, Pyotr Zelinski, Matteo Politano, Viktor Osimxen, Irving Losano, Dris Mertens, Lorenso Insine kabi o‘z ishining ustalari ko‘pligi ham “Napoli”ning kuchli jihatlaridan hisoblanadi.

Neapolliklar ko‘p gol urib, kam to‘p o‘tkazadigan jamoa hisoblanadi. Jennaro Gattuzo shogirdlari 19 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 43 marta aniq nishonga olgan. Jamoa bor-yo‘g‘i 19 ta gol o‘tkazgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z darvozasidan 18 ta to‘p olib chiqqan “Yuventus”dan keyin ikkinchi o‘rinda.

“Napoli” aslida genuyaliklar uchun ancha noqulay raqib ekanini aytish joiz. Umumiy statistikadagi ko‘rsatkichlar ham shundan dalolat bermoqda. Jamoalar 95 yil davomida jami 108 marta o‘zaro kuch sinashgan. Genuyaliklar shulardan 31 tasida g‘olib chiqqan, 36 olti marta durang qayd etilgan va 41 ta uchrashuvda neapolliklarning qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati ham shunga yarasha “Napoli” foydasiga – 149:130.

E’tiborga molik jihati shundaki, “Jenoa” to‘qqiz yildan beri “Napoli”ni taslim qila olmayapti. Genuyaliklar so‘nggi bor 2012 yilning 29 yanvarida o‘z maydonida 3:2 hisobida ustun kelgan. Shundan beri neapolliklar genuyaliklarga qarshi birorta uchrashuvda imkoniyatni boy bermadi. Aksariyatida zafar quchdi. Ayniqsa, joriy mavsumning birinchi davrasida “Napoli” o‘z maydonida “Jenoa”ni 6:0 hisobida qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratgani alamli bo‘ldi.

Bugungi o‘yin oldidan vaziyat tamoman o‘zgargan. Davide Ballardini kelganidan keyin “Jenoa” barqaror jamoaga aylandi. Genuyaliklar bu mutaxassis qo‘l ostida A Seriyada to‘rtta g‘alaba, ikkita durang va bir mag‘lubiyat qayd etdi. Hujumkor o‘ynashga intilayotgan jamoa ko‘p gol urib, kam o‘tkazyapti. Bugungi bahs mezbonlari so‘nggi to‘rt o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

Genuyaliklarning kuchli tomoni va asosiy quroli Eldor Shomurodov va Mattia Destro hujum tandemidir. O‘zbekistonlik legioner golli vaziyatlar yaratib bermoqda, uning italiyalik sherigi gol urishga kirishib ketgan. Bugungi o‘yinda bu ikki futbolchiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi. Shomurodov “Jenoa”ga qariyb o‘n yildan beri davom etib kelayotgan omadsiz seriyaga barham berishda yordamlashishi kerak. Bu uning qo‘lidan kelishiga ishonamiz. Chunki, hamyurtimiz kuchli raqibga qarshi o‘zgacha ishtiyoq bilan o‘ynaydi. Buni “Yuventus”, “Milan”, “Sassuolo”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda ko‘rganmiz.

“Napoli”ga esa, aksincha, barqarorlik yetishmayapti. Jamoa yangi yilda “Kalyari”, “Udineze”, “Fiorentina”, “Parma”ni yenggan bo‘lsa, o‘z maydonida “Spetsiya” va safarda “Verona”ga imkoniyatni boy berdi. Bu fakt “Jenoa”ni hayiqmay o‘ynashga undashi kerak.

Xullas, ayni paytda har ikki jamoa turnir jadvalida turli pozitsiyalarni egallab turgani va ularning mavsumga qo‘yilgan vazifalari bir biridan keskin farq qilishiga qaramay, bizlarni keskin va murosasiz kurashlarga boy o‘yin kutib turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)