11:45 / 06.02.2021
2 410

"Nasaf" klubi yopiladimi? Yetakchi futbolchilar va murabbiylar jamoani tark etadimi?

"Nasaf" klubi yopiladimi? Yetakchi futbolchilar va murabbiylar jamoani tark etadimi?
Oxirgi paytlarda "Nasaf"dagi moliyaviy holat yanada yomonlashgani, klub tarqalib ketishi mumkinligi borasida gap-so‘zlar ko‘paydi. Ushbu xabarlar va "ajdarlar"ga topshirilishi kerak bo‘lgan medallar borasida PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev telegramdagi sahifasida munosabatini bildirdi.

"Nasaf" klubiga tegishli kumush medallar borasida
- O‘zPFL o‘tgan yilning 3 dekabr kuni "Nasaf"ga tegishli bo‘lgan kumush medallarni klubga rasman topshirgan. Usha kuni "Nasaf" mavsumning so‘nggi o‘yinida "Lokomotiv" klubiga qarshi maydonga tushgan.

Viloyat hokimining so‘nggi uchrashuvga ehtimoliy tashrifi bilan kumush medallarni muxlislar ko‘z o‘ngida topshirish taklifi berilgan. Avvalroq, "Nasaf" U-18 jamoasi ham o‘z chempionlik medallarini aynan asosiy stadionda o‘yindan keyinoq qabul qilib olgandi. Biroq, klub asosiy tarkib futbolchilari keyinchalik alohida rag‘batlantirilishini ma’lum qilgan. Medallar klubning o‘zida turibdi.

"Nasaf" borasidagi so‘nggi xabarlar borasida
- "Nasaf" FK borasidagi qo‘rqinchli xabarlarga bosiqlik bilan yondoshish to‘g‘riroq bo‘ladi. Moliyaviy muammolar bor ekani fakt. Shuningdek, boshqaruv tizimida ham yetarlicha muammo bor ekanini tan olish kerak. Buni klubning ketma-ket uch yildan buyon OFK litsenziyasini ololmayotgani, shuningdek, "Mash’al" va "Sho‘rtan" klublari farqli ravishda tinimsiz harakatda ekani bilan izohlash mumkin.

"Nasaf"ning tarqalib ketishini aniq talqin qilish kerak. Ya’ni, yetakchi futbolchilar va tajribali murabbiylar klubda ortiq ishlamaslikka qaror qilishlari katta ehtimol. Biroq bu "Nasaf"ning tarqalib ketishini bildirmaydi.

Oddiy misol, "Sho‘rtan" transfer taqiqidan kelib chiqib, Qashqadaryo hududidagi futbol maktablaridan 18-19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarni yig‘ib, jamoa shakllantiryapti. "Nasaf"da esa, bunday yoshlar ko‘p. Klubning moliyaviy holati bo‘yicha yakuniy xulosani muxlislar ham, jurnalistlar ham, klub rasmiylari ham ayta olmaydi.

Yakuniy xulosa "Nasaf" futbol klubini moliyalashtiradigan korxona tomonidan aytilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Hozircha, bizda "Nasaf" futbol klubi yopilishi borasida hech qanday aniq ma’lumot yo‘q. Qolaversa, mamlakat titanlaridan biri bo‘lgan klubning shunchaki yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l ham qo‘yilmaydi. Qisqa qilib aytganda, xavotir olish to‘g‘ri, ammo vahima qilish nojoiz.

Bu yerda birgina achchiq haqiqat shundan iboratki, klublar smetasi doimo juda kech tasdiqlanadi. Bu esa futbol klublarini izdan chiqaryapti. Bu masala, albatta, tartibga solinishi shart, - dedi Diyor Imomxo‘jayev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" klubi yopiladimi? Yetakchi futbolchilar va murabbiylar jamoani tark etadimi?