16:10 / 05.03.2021
4 490

“Shomurodovni “Jenoa”dan haydash kerak!”

“Shomurodovni “Jenoa”dan haydash kerak!”
Genuyaning markaziy qismida yashaydigan aholi o‘zlari muxlislik qiladigan “Jenoa”ning asosan shahar chekkasida hayot kechiradigan ishqibozlar tarafdor bo‘lgan "Sampdoriya"ga qarshi to‘qnashuvini yilning eng muhim uchrashuvi sifatida qabul qiladi.

A Seriyaning 25-turida “Fonar derbisi”, deb nom olgan ushbu bahs guvohi bo‘ldik. “Jenoa” o‘z maydonida “Sampdoriya” bilan kuch sinashdi. Har ikki tomon muxlislari faqat g‘alaba kutgan bellashuvda bu gal ham kuchlar teng keldi – 1:1.

Uy uchrashuvlarini bitta maydonda o‘tkazadigan bu jamoalarning birinchi davradagi bahsida ham xuddi shu hisob qayd etilgan edi.

Xullas, bu gal mezbon sifatida to‘p tepgan “Jenoa”ning muxlislari jamoa g‘alabaga ko‘proq loyiq edi, deb ishongan shekilli, uchrashuvdan so‘ng futbolchilar tanqid ostida qoldi. Asosiy tarkibda maydonga tushgan Eldor Shomurodov ham bundan quruq qolmayapti.

E’tiboringizga genuyalik fanatlarning Shomurodov haqidagi salbiy va ijobiy fikrlarini havola qilamiz.

Domenico Pappalardo:
Menimcha, Shomurodovning boshlang‘ich tarkibda o‘yinga tushirilishi xato bo‘ldi. Hozircha u bunga tayyor emas. Yaqinda olgan jarohati bunga imkon bermaydi. Eldor bir bo‘lim davomida yuqori darajada o‘ynay oladi. Lekin maydonda 80 daqiqa kurasha olmaydi.

Rosario Cimmino:(Domenico Pappalardo fikriga javoban)
Men ham shu haqida o‘ylayotgan edim. “Verona”ga qarshi o‘yinda Shomurodov zaxiradan o‘yinga tushib, gol urdi. Derbida bizga ikkinchi bo‘limda maydonga chiqib, o‘yinni kuchaytiradigan hujumchi yetishmadi.

Nicola Esposito:
Juda yomon o‘ynadik. Alam qiladigani, derbida shunday bo‘ldi. Bunga jamoada italiyaliklarning kamligi va “Sampdoriya”ga qarshi o‘yinni yil voqeasi sifatida qabul qiladigan genuyalik futbolchining tarkibda yo‘qligi sabab. Xorijlik futbolchilar bu derbi haqida nimani ham tushunardi? Dunyoning boshqa tomonida tug‘ilgan Shomurodovga bizning to‘qnashuvimiz ahamiyatlimi?

Testa Roccia:
Shomurodov maydonda nima qildi? Bitta zarba va jarima maydonchasi ichidagi Strotmanga bitta yaxshi pas berganini inobatga olmasa, hech narsa bilan yodda qolgani yo‘q. O‘zbek futbolchisini rosa maqtashgandi, amalda esa unday bo‘lmayapti.

Euplio Kekko:
Ballardini hujumchilar masalasini hal qilishi kerak. Destro, Shomurodov va Pandev salohiyatini ishlatib bo‘ldi. Endi yosh futbolchilar – Males va Skamakkaga imkon berish kerak.

Franco Botte:
Hujumchilarimiz gol urishdan to‘xtadi. Eng yomoni, ular xavfli vaziyatlar yaratmayapti. Shomurodov, Destro va Pandevning uchalasiga bitta zarba to‘g‘ri keldi.

Gennaro Carfora (Franco Botte fikriga javob)
Siz nega faqat hujumchilarni tanqid qilyapsiz? Yarim himoyachilar ularga to‘pni yetkazib bera olmayapti-ku. Hujumchilar qulay pozitsiyaga ochilib, ularga to‘p yetib kelmagan vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. O‘sha Shomurodov juda tezkor hujumchi, ochiq hududlarni yaxshi topadi, lekin uni hech kim qo‘llab-quvvatlagani yo‘q.

Claudio Maresca:
Jamoaning yarmini haydab yuborish kerak. Borgan sari o‘yinimiz yomonlashmoqda. “Jenoa”da Shomurodov va unga o‘xshagan legionerlarga joy yo‘q!

Ko‘rinib turibdiki, italiyalik futbol mutaxassislari va jurnalistlar Eldor Shomurodovning “Sampdoriya” bilan bo‘lgan uchrashuvdagi o‘yinini yuqori baholagan bo‘lsa-da, genuyaliklar muxlislar legionerimizni keskin tanqid qilmoqda. Chunki, ekspertlar va professionallar o‘z fikrlarini faktlar va tahlillar bilan asoslantiradi. Muxlislar esa, har qanday futbolchiga hissiyot bilan baho beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » “Shomurodovni “Jenoa”dan haydash kerak!”