16:15 / 12.04.2021
2 535

Shomurodovga qarshi o‘ynagan Ronaldu futbolkasini nega otib yubordi?

Shomurodovga qarshi o‘ynagan Ronaldu futbolkasini nega otib yubordi?
“Yuventus” klubi to‘purari Krishtianu Ronaldu keyingi paytda turli qiliqlari bilan jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.

Yaqinda 2022 yili Qatarda bo‘ladigan jahon chempionati Yevropa mintaqasi uchun saralash musobaqasida Portugaliya terma jamoasining Serbiyaga qarshi o‘tkazgan uchrashuvida Krishtianu Ronalduning oxirgi daqiqalarda kiritgan g‘alaba goli inobatga olinmaganidan keyin, u sardorlik bog‘ichini otib yuborib, bahs yakunlanmasidan maydondan chiqib ketgandi.

A Seriyaning “Jenoa”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvida ham shunga o‘xshash holat takrorlandi. Eldor Shomurodov 63-daqiqada maydonga tushgan bellashuvda turinliklar raqibni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Mezbon jamoa gollariga Deyan Kulusevski, Alvaro Morata, Ueston Makkenni mualliflik qilgan bo‘lsa, genuyaliklarning yagona goli Janluka Skamakka hisobiga yozildi.

G‘alaba gol urolmagan Ronalduga tatigani yo‘q. Hujumchi buni bahs yakunlangach, futbolkasini yechib, maydonga otib yuborish orqali namoyish qildi.

Odatda, bunday harakatlar klubga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholanadi. Shuning uchun ham portugaliyalik yulduzning bu harakati e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Jurnalist Romeo Agresti Krishtianu Ronalduning bu harakatini to‘p uzatuvchi bolaning iltimosiga ko‘ra, unga libosini berish uchun shu ishni amalga oshirgani haqida yozdi.

Biroq, “Yuventus” bosh murabbiyi Adrea Pirlo jurnalist bildirgan versiyani tasdiqlamadi va masalanin sababini boshqacha tushintirdi.

- Bu odatiy holat. Ronaldu o‘yin murakkablashgan bir paytda gol urishni istagan edi, lekin bunday bo‘lmadi. Unda chempionlik ruhi bor va har doim gol urgisi keladi.

Maqsadiga yetolmaganidan keyin asabiylashdi, bu har bir futbolchida yuz berishi mumkin bo‘lgan vaziyat. O‘yin tugadi. O‘ylashimcha, klub Ronalduni bu qilmishi uchun jarima solmaydi, - dedi Andrea Pirlo.

Krishtianu Ronaldu jahon futbol tarixida rasmiy uchrashuvlarda eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. Shuningdek, faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida raqib darvozasini ishg‘ol qilish bo‘yicha unga yetadigan o‘yinchi yo‘q.

Futbol jamoatchiligi Krishtianu Ronalduning yana bir tarixiy rekordni o‘rnatishini kutmoqda. Ayni paytda portugaliyalik hujumchi o‘z terma jamoasi tarkibida 173 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvoziga 103 ta to‘p kiritgan. Yana oltita gol ursa, terma jamoa o‘yinlarida gol urish bo‘yicha rekordchi Ali Dayiga yetib oladi. Eronlik hujumchi mamlakati bosh jamoasi safida 149 ta uchrashuvda 109 ta gol muallifi bo‘lgan.

Krishtianu Ronaldu mana shu tarixiy rekordni sindirishga bel bog‘lagan va katta ehtimol bilan bu natijani shu yilning o‘zida yangilaydi.

Portugaliyalik hujumchi joriy mavsumda A Seriya to‘purarligi uchun ham kurashmoqda. U 27 ta uchrashuvda o‘z hisobiga 25 ta gol yozib qo‘ydi va to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinda bormoqda. Uning eng yaqin ta’qibchisi Romelu Lukaku hisobida 21 ta gol bor.

Krishtianu Ronaldu faoliyati davomida Angliya va Ispaniya chempionatlari to‘purarlar bahsida bir necha marotaba g‘olib chiqqan. Biroq, A Seriyada hali bunga erishgani yo‘q.

Italiyadagi faoliyatining dastlabki yilida to‘purarlar orasida to‘rtinchi natijani qayd etgan bo‘lsa, o‘tgan yili “Latsio” hujumchisi Chiro Immobiledan ortda qolib ketdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga qarshi o‘ynagan Ronaldu futbolkasini nega otib yubordi?