18:47 / 11.07.2021
2 684

Yevro-2020ning eng yaxshi futbolchisi kim bo‘ladi?


Foto: CHRIS RICCO — UEFA/UEFA VIA GETTY IMAGES
Kimdir Sterlingdan o‘zib keta oladimi?
Yakshanba kuni biz Yevropaning yangi chempionini bilib olamiz, undan keyin esa – individual sovrinlar egalari va turnir ramziy terma jamoasi bilan tanishamiz.

Katta ehtimol bilan, Yevro-2020ning eng yaxshilari finalchilar orasidan tanlanadi, avvalgi yillarda barqaror shunday bo‘lib kelgan. Shu tufayli quyidagi ro‘yxatda turnir qahramonlaridan biri, daniyaliklar sardori Ker ham, uning jamoadoshlari, turnirning eng yaxshi tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan Heyberg ham, barcha o‘yinlarda haddan tashqari zo‘r futbol o‘ynagan Pedri ham, chorakfinaldayoq turnirni tark etgan De Bryuyne va boshqa munosib nomzodlar ham yo‘q.

1. Rahim Sterling (Angliya)
Turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish imkoniyati Rahim Sterlingda. Butun dunyodagi futbol bukmekerlari ham shunday fikrda va uning koeffitsiyentlari boshqa nomzodlarnikiga qaraganda pastroq – bu mutlaqo mantiqiy.

Sterling barcha o‘yinlarni yuqori darajada o‘tkazdi – guruh bosqichida u inglizlarning barcha gollariga - ya’ni ikki golga mualliflik qildi, pley-offda Germaniya darvozasiga urilgan g‘alaba goli muallifi bo‘ldi, Ukrainaga qarshi nisbatan yengil kechgan o‘yinda golli uzatma berdi. Daniyaga qarshi yarimfinal bahsida esa Rahim rasman golli harakatlar amalga oshirmadi, ammo amalda ikki gol ham u tufayli ro‘y berdi: birinchi golda darvoza chizig‘i oldida Sakaning uzatmasiga ochilib, Kerning avtogoliga sababchi bo‘ldi, qo‘shimcha bo‘limlarda esa Keyn uchun penalti ishladi.

Har bir o‘yinda Sterling ulkan hajmdagi ishlarni bajarib keldi, uning maydonda bo‘lishi Angliyaga hatto pragmatik uslubda ham xavfli bo‘lish imkonini berdi. Ushbu forvard o‘rtacha 90 daqiqada — 2,3 zarba (50 foizi darvoza sohasiga) va 0,46 xG ko‘rsatkichiga erishdi; shuningdek, jarima maydoni ichiga o‘rtacha 1,81 uzatma va 0,1 xA; 7,23 marta aldab o‘tish (52,27 foiz) va 4,11 progressive run; jarima maydoni ichida o‘rtacha 4,6 marta to‘pga teginish.

Qolaversa, Sterling juda ko‘p martalab tezlik olib ochiq zonalarda ochildi va hujumlardagi variantlarni oshirdi. Daniyaga qarshi o‘yinda Rahim shunchaki fenomenal raqamlar qayd etdi, bu o‘yindan keyin individual sovrin uchun poygada uning imkoniyati yanada oshib ketdi.

2. Harri Keyn (Angliya)
Angliya terma jamoasi sardori guruh bosqichini kamtarona o‘tkazdi, ammo bu uning aybi emas, jamoa natijani birinchi o‘ringa qo‘ygan holda kuch tejash maqsadida shunday o‘yin uslubini tanladi, guruh o‘yinlarida ushbu markaziy hujumchining kuchli tomonlaridan shunchaki foydalanmay turishdi. To‘pni asosan maydon markazida olib yurish va katta tavakkalchilik qilmasdan oldinga chiqish tufayli dastlabki ikki turda Xorvatiya va Shotlandiyaga qarshi o‘yinlarda Keyn darvoza tomon atigi bir bor zarba berishiga sabab bo‘ldi.

Shu bilan birgalikda, forvardning Angliya o‘yiniga ta’siri keskin oshdi. Guruhning so‘nggi turida Chexiyaga qarshi o‘yinda u to‘p uchun kurashlarda va xavfli vaziyatlar yaratishda juda katta mehnat qildi, pley-offda esa Sterling bilan birga jamoaning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Harri Germaniyaga qarshi o‘yinda ikkinchi golni urib, o‘yinga nuqta qo‘ydi, Ukraina darvozasiga dubl muallifi bo‘ldi, Daniyaga qarshi yarimfinal o‘yinini ajoyib o‘tkazdi: birinchi gol urilgan vaziyatda «aldamchi to‘qqizlik» rolini mahorat bilan ijro etdi (unga qadar ham orqa chiziqda shu kabi epizodlar bo‘lgandi), overtaymlarda esa mamlakatga g‘alaba keltirib, jamoani finalga olib chiqdi.

Bu poygada Sterlingning imkoniyatlari hozircha yuqoriroq, shu tufayli Keyn turnirning eng yaxshisi bo‘lish uchun finalni juda yorqin o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

3. Lorenso Insine (Italiya)
Italiya termasi safidan biror futbolchini ajratib ko‘rsatish qiyin, chunki bu jamoa birinchi navbatda tizimlilikka va jamoaviy o‘yinga tayandi, bunday holatlarda yulduzlar yaqqol porlab turmaydi. Italiya vakili Yevro-2020ning eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlanishi uchun quyidagilar bo‘lishi kerak: jamoa finalda g‘olib bo‘lsa, uning yetakchilaridan biri bu o‘yinda yaqqol ajralib tursa.

Italyanlar orasida nisbatan yuqori imkoniyatlar kimda? Asosiy nomzod samarali harakatlari uchun – Insine. Manchini uchun juda muhim futbolchi, uning qanotlar va orqaroqdagi sa’y-harakatlari raqiblar bosimidan chiqishda katta yordam berdi. U deyarli barcha o‘yinlarni juda yuqori darajada o‘tkazdi, chorakfinalda Belgiya darvozasiga hal qiluvchi golni urdi. Ispaniya bilan o‘yinda esa, jamoa o‘yinida pasayish kuzatilganida, Immobilega kesik pas uzatib, golli hujumni boshlab berdi.

4. Harri Maguayr (Angliya)
Angliya termasining yetakchi himoyachisi jarohati tufayli turnirda ishtirok etishi so‘roq ostida qolgandi. U guruhdagi dastlabki ikki o‘yinda maydonga tusha olmadi, ammo uchinchi turda safga qaytdi – u bilan jamoaning o‘yini yanada ishonchli ko‘rinish oldi.
Maguayr Yevro-2020da himoyadagi yakkakurashlarning 86,67 foizida, havoda to‘p uchun kurashlarning 73,08 foizida ustun kelgan. U hujumlarni boshlab beradi (Angliya u safga qo‘shilgach, chiziqlar bo‘ylab oldinga chiqa boshladi) va raqib darvozasi yaqinidagi standart vaziyatlarda hamisha xavf solib turadi. Agar Angliya finalda ham avvalgi o‘yinlardagi kabi ishonchli o‘yin ko‘rsatsa, Maguayr kamida Yevro-2020ning eng yaxshi himoyachisi bo‘la oladi.

5. Jorjo Kellini (Italiya)
Kellini abadiya futbol o‘ynaydigandek – u 2007 yilda Italiya yoshlar termasi bilan Angliyaga qarshi yangi stadion ochilishi o‘yinida qatnashish uchun «Uembli»ga kelgan. 14 yil o‘tib esa o‘sha o‘yin ishtirokchilari orasida Yevropa chempionati finaliga yetib kelgan yagona futbolchidir.

Kellini –  barqarorlik va aqlbovar qilmas energetika ramzidir. U xuddi Maguayr kabi ikki o‘yinni o‘tkazib yubordi (guruhdagi so‘nggi o‘yin va 1/8 finalda Avstriyaga qarshi o‘yinlarni), lekin o‘zi ishtirok etgan barcha o‘yinlarda bexato harakat qildi. Jumladan, Ispaniyaga qarshi yarimfinalda kechgan jangda ham.

6. Jorjino (Italiya)
Italiyaliklar safidagi muhim futbolchilardan biri, usiz tizim buzilib ketishi ham mumkin. Jorjino himoya va hujum o‘rtasidagi balansni saqlaydi, to‘pga egalik qilishda unga umid qilinadi (uzatmalari aniqligi o‘rtacha – 94,6 foiz!), jamoa safida maydonning uchinchi qismida (raqib jarima maydoni yaqinida) eng ko‘p pas beruvchi va hujumlarni rivojlantiruvchi futbolchi. Ammo Jorjino individual sovrin olishini qiyinlashtiruvchi omillar ham bor –
a) u orqaroqdagi pozitsiya vakili;
b) hal qiluvchi pallalarda (gol yoki golli uzatmalarda) ishtirok etmagan. U taktik tahlilchilar uchun ideal futbolchi, ammo qora ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgani tufayli turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun, masalan, Sterling bilan raqobat qila olmaydi.

7. Federiko Keza (Italiya)
Keza bilan bog‘liq paradoks shundaki, u avvaliga hatto Italiya termasining asosiy tarkib futbolchisi emasdi. Turnirdagi yetti o‘yindan uchtasini Federiko zaxira o‘rindig‘ida boshladi. Iste’dod darajasidan qaraganda, u turnirdagi eng zo‘r futbolchi emas, u qarorlar qabul qilishda daqiq emas yoki ijroda boshqalardan boshqacha emas.

Lekin Keza – tezkor, agressiv va tutgan joyidan kesadigan yigit. U hal qiluvchi pallada to‘g‘ri qaror qiladi. 1/8 finalda Avstriyaga qarshi o‘yinda (overtaymlardagi birinchi gol) va yarimfinalda Ispaniyaga qarshi o‘yinlarda u shunday qilgandi. Keza hal qiluvchi o‘yinda boshlang‘ich tarkibda tushishi kutilmoqda. Agar u bu o‘yinda to‘g‘ridan to‘g‘ri natijaga ta’sir ko‘rsatsa, katta ehtimol bilan individual sovrinlar uniki bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevro-2020ning eng yaxshi futbolchisi kim bo‘ladi?