22:33 / 20.07.2021
8 313

Putin va Nazarboyev oldida jang qilgan, MMA’dagi barcha jangini muddatidan avval yakunlagan Murod Xonto‘rayev haqida


Foto: Instagram
O‘zbekistonlik mashhur MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev 19 iyul kuni YTH oqibatida halok bo‘ldi. «Daryo» ushbu maqolada «Osiyo ayig‘i»ning faoliyati haqida so‘z yuritadi.

Murod Xonto‘rayev 1987 yilning 4 iyulida Toshkent shahridagi oddiy oilada dunyoga keladi. Otasi novvoylik bilan shug‘ullanar, onasi esa uy bekasi edi. Murod bolalik vaqtlarida non sotar va bu orqali otasiga yordam berardi. Ota yosh Murodni karate to‘garagiga beradi va shu tariqa Xonto‘rayevning sportdagi ilk qadamlari boshlanadi. Avvaliga Xonto‘rayev mashg‘ulotlarni u qadar yoqtirmas, ko‘pincha ularni o‘tkazib yuborardi. Biroq vaqt o‘tib kuchli bo‘lish ishtiyoqi tufayli Xonto‘rayev mashg‘ulotlarga ko‘proq vaqt ajratishni boshladi. U bir vaqtning o‘zida ham kikboks, ham karate bilan shug‘ullanardi.

Borgan sari sport Xonto‘rayev hayotining ajralmas qismiga aylandi. U 14 yoshidayoq voyaga yetganlar bilan birga shug‘ullanardi. Kikboksing bo‘yicha Toshkent chempionati Murod uchun dastlabki yorqin musobaqa bo‘lgandi. Unda Xonto‘rayev barcha raqiblarini birinchi raunddayoq taslim etib, chempionga aylanadi. Shu tariqa Xonto‘rayevning sportdagi faoliyati boshlangandi.

16 yoshiga kelib kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etardi. Hatto o‘sha yerda ham Murod janglarning deyarli barchasini muddatidan avval yakunlardi. U turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha 15 karra O‘zbekiston, 5 karra Osiyo chempioniga aylandi. Shuningdek, Xonto‘rayev qo‘l jangi bo‘yicha ikki karra va universal jang bo‘yicha bir karra Jahon chempioni hisoblanadi. Murod havaskor sportda deyarli barcha yutuqlarni qo‘lga kiritadi.

O‘sha vaqtlarda Xonto‘rayev MMA bo‘yicha norasmiy musobaqalarda muntazam ishtirok etardi. Biroq allaqachon professional faoliyatni boshlash vaqti kelgandi. 2013 yilda Murod Qozog‘istonda o‘tgan og‘ir vazn toifasidagi yakkakurashchilar o‘rtasidagi gran-prida qatnashadi. Bu musobaqada dunyoning turli burchaklaridan 8 nafar og‘ir vazn vakili to‘planadi.

Murod Xonto‘rayevning professional MMA’dagi debyut jangi moldovalik mashhur yakkakurashchi Ion Kutselabaga qarshi bo‘ladi. Ma’lumot uchun, Kutselaba ayni vaqtda UFC’da faoliyat yuritadi. Murod nomdor raqibini birinchi zarbadayoq muvozanatdan chiqaradi va hakam texnik nokaut qayd etadi (Bu vaziyatda g‘alaba yozilgan bo‘lsa-da, keyinchalik jang natijasi bekor qilinadi). Shu tariqa Xonto‘rayev musobaqa yarim finaliga yo‘l oladi.

Yarim finalda u gruziyalik David Shvelidzega qarshi jang qiladi. Murod odatga ko‘ra jangni «zarbalar yomg‘iri» bilan boshlaydi. Raqib Xonto‘rayevga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmaydi. Biroq Murod noto‘g‘ri zarba tufayli  qo‘l barmog‘ini sindirib oladi va faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib olishga majbur bo‘ladi.

Oradan 40 kun o‘tib Murod oktagonga qaytadi. Yakkakurashchi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga atab tashkil etilgan MMA kechasida jang qiladi. Aytgancha, bu musobaqaga Qozog‘istonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham tashrif buyurgandi. Xonto‘rayevga rossiyalik Yevgeniy Yeroxin raqib bo‘ladi. Tashkilotchilar ikki «zarbachi» o‘rtasidagi «qaynoq» jangni tashkil qilmoqchi bo‘lgandi. Biroq jang bor-yo‘g‘i bir daqiqa davom etadi, Murod raqibining boshiga kuchli zarba bergan holda nokaut qayd etadi va shaxsan Nazarboyevning qo‘lidan sovrin qabul qilib oladi.

Ushbu jangdan keyin Murodga UFC’dan taklif kelib tushadi. Xonto‘rayev unga imzo chekib, uni promoushenga yuboradi va shartnoma nusxasini o‘ziga olib qoladi. Biroq sportchining orzusi amalga oshmaydi: Murod Xonto‘rayev huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olingani haqidagi xabarlar yangraydi. 1,5 yil mobaynida u haqida hech qanday yangilik bo‘lmaydi. UFC’ga o‘tish orzusi esa butkul ko‘milgandi.

Biroq Murod MMA’dagi faoliyatini davom ettiradi. 2014 yilning dekabrida germaniyalik Engels Xelmutovichni birinchi raunddayoq og‘ritish usuli bilan taslim etadi. 2015 yil boshida yana ikkita jang o‘tkazadi va ularda ham dastlabki raunddayoq muddatidan avval g‘alabaga erishadi. Xonto‘rayevning keyingi faoliyatida tushunarsiz holatlar ro‘y beradi. Jang orasida bir yilga yaqin muddat tanaffuslar yuzaga kelar, gohida sportchi janjaldan keyin yarador bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lardi. Ammo shularga qaramay Xonto‘rayev deyarli har yili oktagonga qaytar va chiroyli jang namoyish qilardi.

2016 yilning fevralidan 2017 yilning dekabriga qadar Xonto‘rayev MMA’da 9 ta jang o‘tkazadi. Uning so‘nggi jangi 2019 yilda bo‘lib o‘tgandi. Qayd etish kerak, Xonto‘rayevning professional MMA’dagi barcha janglari 1-raunddayoq yakunlangan (hatto mag‘lubiyatli janglar ham). Sportchi MMA’dagi faoliyati davomida 12 ta g‘alaba (barchasi muddatidan avval) va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. Shuningdek, bitta jang natijasi bekor qilingan.

Xonto‘rayev 2018 yilning 21 iyunida Yunusobod tumanidagi tungi klublardan birida yuzaga kelgan tartibsizlikda ishtirok etgani uchun hibsga olinadi va sud hukmiga ko‘ra 16,2 million so‘m miqdorida jarimaga tortiladi. O‘sha yilning noyabr oyida Xonto‘rayev o‘z ofisida bir guruh shaxslar tomonidan pichoqlab ketiladi. «Osiyo ayig‘i» bir nechta joyidan pichoq yeganiga qaramasdan tirik qoladi va bir hafta o‘tib, shifoxonadan chiqadi.

2019 yilda O‘zbekistonda MMA assotsiatsiyasi faoliyat boshladi. Xonto‘rayev shu vaqtga qadar mazkur tashkilot vitse-prezidentligi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Foto: Instagram

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Putin va Nazarboyev oldida jang qilgan, MMA’dagi barcha jangini muddatidan avval yakunlagan Murod Xonto‘rayev haqida