11:22 / 01.08.2021
1 630

"Nasaf"ning jahongashta legioneri haqida nimalarni bilasiz?

"Nasaf"ning jahongashta legioneri haqida nimalarni bilasiz?

“Nasaf” klubi anchadan beri yaxshi hujumchi qidirib yurgandi. Yaqinda bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev ham jamoaga xorijlik legioner kelishi mumkinligi haqida so‘z ochgandi. Nihoyat, kuni kecha qarshiliklar o‘z safiga serbiyalik 34 yoshli hujumchi Andriya Kaluderovichni qo‘shib oldi.

Aytishlaricha, u ko‘p gol uradigan, yaxshi saviyadagi hujumchi ekan. Ta’kidlash mumkinki, “Nasaf”ning yangi legioneri yurtimizga kelgach, o‘zining ilk fikrlarini Sports.uz sayti uchun bildirdi.

Eshitishimizga qaraganda, bu futbolchining “Nasaf” klubiga o‘tishida jamoadoshi Marko Stanoyevich bosh-qosh bo‘lgan. Andriya bilan muloqotimizni avvalo shu masala yuzasidan boshladik.

“Salom yaxshimisiz. Menga “Nasaf” jamoasidan taklif 7 kun avval bo‘lgandi va men bu chorlovni qabul qildim. Albatta, jamoadoshim Marko Stanoyevich bu yerga kelishimga asosiy sababchi. U “Nasaf” jamoasiga o‘tishimda barcha ishni amalga oshirdi. Bosh murabbiyga hujumchi kerak edi. Natijada meni taklif qildi. Stanoyevich bilan Serbiyada ikki marta birga to‘p surganman. U bilan ikkimizni yaxshi do‘stlar deb atash mumkin. Uning meni jamoaga taklif qilishi do‘stligimiz bilan bog‘liq emas. Shunchaki, Marko mening qanday o‘ynashimni yaxshi biladi. Shu sababli “Nasaf”da ijobiy tomondan o‘zimni ko‘rsata olishimga menga ishongan", - deydi Kaluderovich.

Biz uchun ham u yangi legioner. Chunki Andriya ilk bor O‘zbekiston chempionatida to‘p suryapti. Ayni paytda esa futbolchi moslashish jarayonida. Qiziq, serbiyalik hujumchi shu vaqtga qadar yurtimiz futboli haqida qanday ma’lumotlarga ega edi?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston futboli haqida ko‘p narsani bilmasdim. Bu yerga kelganimga kichik muddat bo‘lgan bo‘lsa ham o‘zim uchun ba’zi kerakli narsalarni bilib oldim. O‘zbek futbolini yaqindan o‘zlashtirishimda Marko Stanoyevich yaqindan yordam beryapti.

Biz ushbu legionerning faoliyatini kuzatib chiqdik. Rosti, u shu qadar ko‘p klublarda o‘ynaganki, ochig‘i, biz ham hayron qoldik. Kaluderovich turli mamlakat va qit’alarda to‘p surgan. U o‘ynagan klublar orasida mashhuri Ispaniyaning “Rasing” klubi. Futbolchi 20 dan ziyod jamoa sharafini himoya qilgan. U Avstraliya, Shveysariya, Hindiston, Qatar, Serbiya, Tailand, Sloveniya, Xorvatiya, Litva, Xitoy, Latviya kabi mamlakat chempionatlarida faoliyat ko‘rsatgan. Endi ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor.

- Ha, men juda ko‘p davlatlarda va ko‘plab klublarda o‘ynaganman. Shu bilan birga faoliyatim mobaynida ko‘plab gollar ham urganman. Men o‘ynagan klublar ichida mashhuri “Red Star” va bundan tashqari, Ispaniyaning “Rasing” klubida ham to‘p surganman, buni yaxshi bilasiz. Men ishlagan murabbiylar orasida eng mashhuri Serbiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi edi. Shuningdek, terma jamoada deyarli barcha mashhur futbolchilar bilan birga o‘ynaganman. Qolaversa, Frederiko Kanute bilan ham birga to‘p surganman, - deydi legioner ushbu mavzu haqida.

Ammo to‘g‘ri, uning statistikasida urgan gollari ham anchagina. Ko‘rinib turibdi, serbiyalik hujumchi golga chanqoq. “Nasaf”ga aynan shunaqasi kerak edi. Qolaversa, Ro‘ziqul Berdiyev odatda yaxshi legionerlarni tanlay oladi. Bunga misollar ko‘p. Uzoqqa bormaylikda, Dragan Cheran yoki Marko Stanoyevichni keltirish mumkin. Kaluderovich ham “Nasaf” tarixidagi eng yaxshi legionerlar qatoridan joy olarmikin?

- Eshitdim, O‘zbekistonda, ayniqsa, “Nasaf”da mendan ham oldin bir qator serbiyalik o‘yinchilar o‘ynagan. Barchalari klub uchun katta rolni bajarganlar. Ular juda yaxshi o‘yinlar o‘tkazishgan. Mendan ham shuni kutishayotganini bilaman. Jamoamga qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Bu yo‘lda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman va faol tarzda gollar urishga harakat qilaman. Buning uchun mashg‘ulotlarda ham o‘zimni ko‘rsataman deb o‘ylayman, - deya javob berdi, hujumchi.

Darvoqe, “Nasaf”ning yangi futbolchisi boshqalar qatori  rus tilida emas, balki inglizcha so‘zlashadi. U yangi jamoasiga moslashishda yanada qiyinchiliklar duch kelishi mumkin. Biroq Andriya bu masalada jiddiy xavotiri yo‘qligini ma’lum qilgan holda shunday dedi:

- Men rostdan ham ingliz tilida gaplashaman. Jamoada deyarli hech kim ingliz tilida gaplashmaydi, mashg‘ulotlar davomida ham. Ammo bu men uchun muammo emas. Men yangi narsalarni o‘rganishga doim chanqoqman. Jamoadoshlarim bilan muloqotga kirishib ketish uchun yangi narsalarni o‘rganishdan qaytmayman.

Kaluderovich “Nasaf”dagi debyutini “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazdi. Afsuski, uning debyuti omadli chiqmadi va jamoasi mag‘lubiyatga uchradi. Legioner esa “Nasaf” safida 99-raqamda to‘p suryapti. Bu xususida shunday dedi:
- Ha, men “Nasaf”da 99-raqamni tanladim. Sababi, “Red Star”da o‘ynaganimda shu raqamda juda ko‘plab gollar urganman. Bir mavsumda 20 ta gol urib to‘purar ham bo‘lgandim. Menga 9 va 99-raqamlar yoqadi. Ammo ikkisidan birini tanlash kerak bo‘lsa, men 9-raqamni tanlagan bo‘lardim.

Shuhratbek Jo‘rayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Nasaf"ning jahongashta legioneri haqida nimalarni bilasiz?
[/banner_pushhouse