15:12 / 31.08.2021
4 042

Vadim Abramov Diyor Imomxo‘jayev haqida: «Men uchun u odam sifatida mavjud emas»

Vadim Abramov Diyor Imomxo‘jayev haqida: «Men uchun u odam sifatida mavjud emas»
Kadr: YouTube / Alter Ego
O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov YouTube’dagi Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayevning «Offside» ko‘rsatuvidagi gaplariga javob qaytardi.

Bu birinchi navbatda millatchilikdir. Agar u bu gaplarni ko‘chada aytganida, ehtimol, uni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardi. Terma jamoa, terma jamoa yuzi va g‘urur haqidagi gapiga kelsak, u boshidan hammani aldab kelyapti. Uning chiqishlarini bilaman, hozir internetda chiqib, o‘z fikrlarini sochish urf bo‘lgan, buning uchun javobgarlik belgilanmagan. Menga uning maqsadi oldindan ma’lum, u qancha ko‘p shunaqa chiqishlar qilsa, layklari ham shuncha ko‘payadi. Uning gaplarini eshitish uchun odamlar u yerga kiradi.

Va qancha ko‘p odam kirsa, u shuncha ko‘p pul ishlab olishi mumkin. Uning maqsadi shundan iborat, boshqa hech narsa emas. U chiroyli gapira oladi, jurnalist bo‘lib tanqid qila oladi, lekin afsuski, ishlash qo‘lidan kelmaydi. U terma yuzi haqida gapiribdi, bir vaziyatni boricha aytib beraman: Aziz Haydarov bilan uning oldiga terma jamoa uchun chempionat taqvimi bo‘yicha gaplashish uchun kelgandim, bilasizmi, u menga nima dedi? U menga ‘sizning terma jamoangiz meni qiziqtirmaydi, asosiysi, chempionatni o‘tkazishim kerak’, — dedi. Shu odam keyin terma jamoa haqida jar solmoqda va uning yuzi haqida gapirmoqda.

Biz pandemiya davrida Tojikiston terma jamoasi bilan o‘ynashimiz kerak edi. U buni bilardi. FIFA qoidalariga ko‘ra klublar o‘yinchilarini rasmiy o‘yinga 5 kun qolganida, o‘rtoqlik o‘yiniga esa 3 kun qolganida qo‘yib yuborishi kerak. U bunga amal qiladi, mayli. Lekin qoldirilgan ‘Paxtakor’ — ‘Navbahor’ o‘yinini 2 sentabrga qo‘yyapti, terma jamoa esa 3 sentabrda Tojikiston bilan o‘ynashi kerak. O‘shanda ‘Paxtakor’da Shota Arveladze murabbiy edi. Ular aslida ‘Navbahor’ bilan emas, ‘Mash’al’ bilan o‘ynashi kerak edi. Men Arveladzega shunday dedim, ‘sendan ikki nafar o‘yinchingni olaman, jamoangiz manfaatlariga zarar bo‘lmasin’.

Keyin raqibni ‘Navbahor’ga almashtirishdi. ‘Navbahor’dan ham ikki nafar futbolchi chaqirgandik. 30-sanada yig‘ilganimizda ‘Paxtakor’ o‘yinchilarini yubordi, ‘Navbahor’ esa yo‘q. Bu kishim, nomini aytmayman (Diyor Imomxo‘jayev nazarda tutilmoqda — ‘Daryo’) ‘Navbahor’dagilarga ‘o‘yinchilaringni yubormasanglar ham bo‘ladi, bu FIFA kunlari emas’ degan. Tushunyapsizmi? Buni eshitgan ‘Paxtakor’ ular jo‘natmas ekan, biz ham futbolchilarimizni olib ketamiz, dedi va shunday qildi. Yakunda biz ularsiz uchib ketdik. ‘Navbahor’ ham, ‘Paxtakor’ ham futbolchilarini bermadi. Endi u aytsin, qani uning terma jamoa uchun qayg‘urgani? U tojiklarga yutqazishimiz uchun hamma narsani qildi. Biz Tojikiston bilan 3 yoki 4-tarkib bilan o‘ynadik, ‘paxtakorchilar’siz, navbahorchilar’siz va legionerlarsiz.

Imomxo‘jayevning gaplari va harakatlarida mantiq borligi haqida
Men uni kuzatmayman. U chiroyli gapirishni biladi. Axir u aytgan-ku, bizda davlat futbolga pul bermasligi va hamma narsa Angliyadagidek bo‘lishi kerak deb. Yaxshi, men uning qanday ishlayotganini ko‘ryapman, ishlayversin. U hatto qur’ani ham tuzuk, to‘g‘ri qilib o‘tkaza olmaydi. Tushunishim bo‘yicha u futbolni televizorda ko‘rgan. Hozir esa PFLni boshqarmoqda. Juda yaxshi, boshqaraversin.

Imomxo‘jayev gaplari uchun undan uzr so‘ragan yo so‘ramagani haqida
Menga bu qiziq emas. Men uchun u odam sifatida mavjud emas. Nima, u Leninmidiki, uning iqtiboslarini eshitsam.

Diyor Imomxo‘jayev iyul oyida bergan intervyusida quyidagi fikrlarni aytgandi.

- "Men nimaga achinaman, bilasizmi, millatchi emasman, biroq mening jamoam, mening g‘ururim 8 yildan beri ikkita odamning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishi... Bu holatga achinaman. Keladi, xohlagan ishini qiladi. Muxlisga ham ‘qo‘yib qo‘yadi’, xohlasa, u futbolchini chaqiradi, xohlasa, bunisini, istagan ishini qiladi va oxirida bittasi hamma ayb menda deydi, yana biri matbuot anjumaniga kelmay ham qo‘ya qoladi. Xato qilish ayb emas, xatoni takrorlash ayb. Qachongacha shu xatoni takrorlaymiz? O‘zbek futbolida milliy terma jamoada Sarkisyan ham ishladi, Babayan ham ishladi, Abramov ham ishladi. Siz uch o‘zbek mutaxassisi Armaniston terma jamoasini ketma-ket boshqarishini tasavvur qila olasizmi? Men e’tiqod tomondan ham, millat tomondan ham bag‘rikengman".

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov Diyor Imomxo‘jayev haqida: «Men uchun u odam sifatida mavjud emas»