22:32 / 18.09.2021
1 501

«Surxon» sobiq futbolchisi klubning 4 nafar a’zosi tomonidan kaltaklanganini aytdi

«Surxon» sobiq futbolchisi klubning 4 nafar a’zosi tomonidan kaltaklanganini aytdi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxon» sobiq futbolchisi, 24 yoshli Javohir Esonqulov kaltaklanganligi yuzasidan tegishli organlarga murojaat qilgani to‘g‘risidagi video tarqaldi.

Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, u va Akrom Xo‘jayevni Termiz klubi sport direktori Abdumajid Toirov, direktorning o‘g‘li, jamoa sardori Asror G‘ofurov va jamoa murabbiyi birgalikda do‘pposlagan.

«Surxon» jamoasi matbuot xizmati tarqalgan videoga rasmiy munosabat bildirdi. Quyida ushbu bayonot to‘liqligicha taqdim etiladi.
Bunda bir necha daqiqa oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali «Surxon» klubi sobiq futbolchisi Javohir Esonqulov o‘zini kaltaklaginliklarini yuzasidan tegishli organlarga murojaat qilganligi to‘g‘risidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiribdi. Ushbu videoda keltirilishicha, go‘yoki futbolchini klub a’zolari kaltaklashgan.

Voqelikni boshidan boshlaymiz:
1. «Surxon» klubi va sobiq futbolchi Javohir Esonqulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2021 yilning 21 iyul kuni har ikkala tomonning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilingan va futbolchi klubdan hech qanday moliyaviy e’tirozi yo‘qligi haqidagi rasmiy hujjatga qo‘l qo‘yib, tasdiqlab bergan. Shundan so‘ng futbolchi O‘zPFL ro‘yxatidan chiqarilgan.

2. Sobiq futbolchi shartnoma bekor qilingan bo‘lsa-da, klub ofisiga doimiy tashrif buyurib, yana qo‘shimcha pullar talab qila boshlagan.

3. Sobiq futbolchilar Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jayevlar o‘zaro til biriktirib, klub ofisi eshigi yonida klub rahbari nomiga nisbatan qo‘pol so‘zlar bilan uning shaxsini kamsitgan.

4. Klubdagi bu vaziyatlardan xabar topgan jamoa sardori Asror G‘ofurov vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida har ikkala futbolchini klub ofisiga olib kelgan va ushbu so‘zlarni nega yozganligi bo‘yicha izoh so‘ragan. Dastlab, futbolchilar ushbu so‘zlarni ular yozmaganliklarini aytishgan, lekin ularning har bir harakati klub ofisida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib olingan.

5. Jamoa sardori Asror G‘ofurov futbolchilarga shu jamoada o‘ynab, shu jamoaning nonini yeb, tuzligiga tupurmaslik kerakligini tushuntirgan va o‘rtada ziddiyat paydo bo‘lgan va ikkala futbolchi bir-birlari bilan mushtlashib ketishgan.

6. Klub sport direktori A.Toirov va klub birinchi vitse-prezidenti A.Abdurahmonov har ikkala futbolchini ajratishgan va ularni yarashtirib qo‘yishgan.

P.S.: sobiq futbolchilar J.Esonqulov va A.Xo‘jayev o‘z aybiga iqror bo‘lib, yozma ravishda uzr so‘rashgan (Video va foto yozmalar ilova qilinadi).
«Surxon» jamoasi matbuot xizmati


Foto: «Surxon»

Foto: «Surxon»
Holat yuzasidan O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev ham o‘z fikrini bildirdi.

«Haqiqatan ham kecha kechqurun bu borada murojaat qilgan. Qarzdorlik bo‘lgan. Futbolchi va klub ikki tomonlama shartnomani bekor qilgan. Unga qarzdorlik miqdorini to‘lab berishi kerak bo‘lgan. Futbolchilar oylik munosabatida yuzlanishganida qandaydir tushunmovchilik bo‘lgan. Javohir Esonqulovga qo‘l ko‘tarishgan. Vaziyatning eng yomon tomoni, "Surxon" klubida o‘ynab turgan futbolchining ham bo‘lgani. Ushbu masalada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga xat bilan chiqdik. Tartib-intizom qo‘mitasi va tegishli ravishda choralar ko‘rilishi bo‘yicha murojaat qildik. Asosiy futbol organida, vaziyat futbol sub’ektlari o‘rtasida bo‘lgani uchun o‘sha yerda hal qilinishi tarafdorimiz», — deb Kamoliddin Murzoyevning gaplarini keltirmoqda «Championat.asia».

Ma’lumot uchun, Javohir Esonqulov faoliyatini «Metallurg»da boshlagan. Bundan tashqari, u «Bunyodkor», «Qo‘qon-1912», «Nasaf» kabi jamoalar sharafini ham himoya qilgan. 2021 yilda esa «Surxon»ga o‘tgan. Jamoa safida 5 ta o‘yinda ishtirok etgan. 2021 yilning 21 iyul kuni futbolchi jamoa bilan shartnomasini bekor qilgan. Hozirda Esonqulov erkin agent hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Surxon» sobiq futbolchisi klubning 4 nafar a’zosi tomonidan kaltaklanganini aytdi