22:30 / 16.10.2021
3 227

Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yin oldidan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yin oldidan Shomurodov haqida nimalar dedi?
A Seriya qizg‘in pallaga kirdi. Ortda qolgan yettita turda sovrinli o‘rinlar, Yevrokuboklarga yo‘llanma beradigan yuqori pog‘onalar uchun kurashadigan jamoalar deyarli aniq bo‘lib qoldi.

Bir necha mavsumdan beri kuchli to‘rtlikni egallab kelayotgan “Yuventus”, “Inter”, “Napoli”, “Atalanta” va “Milan” qatoriga bu mavsumdan e’tiboran, Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma” ham qo‘shildi. Biz uchun ahamiyatlisi esa, kuchli beshlik chempionatlaridagi yagona vakilimiz Eldor Shomurodov asosan ligada qolish uchun kurashadigan “Jenoa”dan yuqori maqsadlarga intilayotgan “Roma”ga o‘tgani bo‘ldi.

A Seriyaning sakkizinchi turidan o‘rin olgan “Yuventus” va “Roma” to‘qnashuvi markaziy uchrashuv sifatida ko‘rilmoqda. “Roma” bosh murabbiy Joze Mourino Turinda bo‘ladigan o‘yin oldidan jurnalistlarga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Portugaliyalik mutaxassis mavsum boshidagi muvffaqiyatsizliklar va “Yuventus”ning yettinchi o‘rinda borayotganiga qaramasdan, Massimiliano Allegri shogirdlarini chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri sifatida e’tirof etmoqda.

- Men “Yuventus” Skudetto uchun kurashga qaytishga qodir, deb hisoblayman. Ularda kuchli 22 nafar futbolchi va juda zo‘r murabbiy bor. “Yuventus” – chempionlikka jiddiy da’vogar.

“Yuventus” Chempionlar ligasida o‘ynayapti, biz esa Konferensiyalar ligasida ishtirok etyapmiz. Ular to‘qqizta sovrinni o‘ziniki qildi, biz esa so‘nggi yillarda hech narsani qo‘lga kirita olganimiz yo‘q. Lekin maydonga qadam bosganda bularning barini unutishimiz lozim. Natijaga erishish uchun shijoat va o‘zimizga xos jihatlarni namoyon etishimiz kerak. Agar yutqazadigan bo‘lsak, bu “Yuventus”ning kuchli tomonlari tufayli sodir bo‘lsin, o‘z xatolarimiz evaziga emas
, - dedi Joze Mourino.

“Roma” bosh murabbiy o‘z shogirdlarining muhim uchrashuvga tayyorgarligi, xususan, hujum chizig‘idagi vaziyat haqida ham gapirdi.
- Temmi Abraxam o‘yinga tayyor, lekin uning maydonga tushish yoki tushmasligini bevosita o‘yindan oldin hal qilamiz. Bizda Eldor Shomurodov bor. U to‘liq o‘yinga tayyor. Borxa Mayoral ham xuddi shunday, - dedi Joze Mourino.

Ta’kidlash joizki, Joze Mourino Turin shahriga avvalgi tashrifi “Yuventus” muxlislari tomonidan haqoratlar bilan kutib olinganini ham unutmadi.

- Men bu yerga oxirgi tashrifimni yaxshi eslayman. “Manchester Yunayted” bilan Turinga kelganimda meni 90 daqiqa davomida haqoratlashgan. Vaholanki, men faqat o‘z vazifamni bajarganman xolos.

O‘shanda men hech kimni xafa qilmaganman, aksincha, ularga yanada qattiqroq baqirishlariga ishora qilgandim. Agar oqibatini puxta o‘ylaganimda, shu ishni qilmas edim. Xullas, o‘shanda mening oilamni, “Inter”dagi do‘stlarimni haqorat qilishgandi. Shuning uchun o‘sha ishni qilganman
, - deydi Joze Mourino.

Joze Mourino tilga olgan mazkur uchrashuv Chempionlar ligasining guruh bosqichida bo‘lgan va o‘shanda “Manchester Yunayted” mezbonlar ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Bu gal Joze Mourino A Seriyaning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish uchun Turinga “Roma” bosh murabbiyi sifatida tashrif buyurdi.

Ko‘pchilik kutayotgan bahs 17 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino “Yuventus”ga qarshi o‘yin oldidan Shomurodov haqida nimalar dedi?