Foto: PASCAL LE SEGRETAIN/GETTY IMAGES
«Kim bilandir bu borada raqobatlashmayman. Aynan kimnidir yutishni xohlamayman. Men o‘zim uchun, jamoalarim va muxlislarim uchun g‘alaba qozonaman.
Faoliyatimdagi eng katta maqsad – o‘z klubim va terma jamoam uchun turli darajadagi sovrinlar olib berish. Eng katta maqsad – professional futbolchi bo‘lish niyatidagilarga motivatsiya berish. Eng katta maqsad – futbol tarixida o‘z nomimni oltin harflar bilan yozib qoldirish»
(Krishtianu Ronaldu «Oltin to‘p» haqida)
Yaqinda «Frans futbol» muharriri Paskal Ferre Krishtianu Ronaldu «Oltin to‘p»lar soni bo‘yicha Messidan o‘tib ketishni maqsad qilgani haqida aytib o‘tgandi. Ronaldu uni yolg‘onchilikda aybladi va yuqoridagi so‘zlarni aytdi. Ya’ni jamoaviy sport bilan shug‘ullanadigan inson shaxsiy sovrinlarni hayotining bosh maqsadiga aylantirishi mumkinmi yoki «Oltin to‘p» shunchaki qo‘shimcha bonusmi? Nima deb o‘ylaysiz?
«Oltin to‘p» masalasi, bu sovringa kim haqli-yu, kimga nohaq topshirildi, degan savollar ko‘payib ketdi. Shu mavzuda shaxsiy fikrim qo‘yidagicha:
Men uchun «Oltin to‘p» futbolda, hatto tarixiy nuqtayi nazardan ham kichik ahamiyatga ega bo‘lgan sovrin. Bir paytlar bunday tortishuvlar, janjallar, ziddiyatlar bo‘lmasdi, futbol musobaqalari fonida o‘tib ketadigan, shunchaki tadbir edi, xolos.
Bir paytlar shaxmatda Karpov–Kasparov, boksda Tayson–Lyuis kabi raqiblar ushbu sport darajasini qay tariqa taxta yoki ringdan tashqariga ko‘chira olgan bo‘lsa, Messi va Ronaldudan shunday foydalanishdi. Futbol maydondan tashqariga chiqdi. Ushbu ikki ajoyib futbolchining o‘z jamoalari libosida biror sovrin uchun kurashishlari ancha zavqli tomosha. Shuning o‘zi yetmasdan, endi bu ikki futbolchi raqobatini maydondan tashqariga, tadbir zaliga ko‘chirishdi. O‘n yildan beri deyarli har yili biz xuddi Karpov va Kasparov, Tayson va Lyuis singari, jamoaviy sportning ikki yulduzining o‘zaro kurashi imitatsiyasini kuzatishga majburmiz. O‘zingizni bundan qutqaring.
Tasavvur qiling, bir necha bolaga topshiriq berildi: «Eng kuchli hayvonning nomini yozib topshiring». Bir bola og‘irroq yuk ko‘tarishini inobatga olib, filga ovoz beradi. Kimdir o‘rmon qiroli deb sherga. Yana biri sirkda o‘ynamaydi-ku, degan mashhur naqlga amal qilib, bo‘rini tanlaydi. Yakuniy natijani taxmin qilish qiyin. Bu safar sher, kelasi safar, aytaylik, ba’zi bolalar almashsa, fil g‘olib kelishi mumkin. Nega o‘tgan yil o‘rmon qiroli bo‘lgani uchun sher edi, bu safar og‘ir yuk ko‘taradi, deb filga berildi? O‘lchov qani, deb tortishib yurishdan ma’no bormi?
Agar bolalarga «eng kuchli» deganda qaysi o‘lchov nazarda tutilgani aytilsa, yakuniy natija tushunarli bo‘lardi. «Eng og‘ir yuklarni ko‘taruvchi» deb ma’no berilsa, bir safar fil, kelasi safar, agar nomzodlar ichida fil yo‘q bo‘lsa, tuya g‘olib keladi, hammasi tushunarli.
Avvallari «Oltin to‘p» qaysidir ma’noda o‘z davridagi katta natijalarni ifodalab berardi. 1990 yilda Matteus, chunki Germaniya jahon chempioni, 1998 yilda Zidan, 2006 yilda Kannavaro, hammasi tushunarli va mantiq bor. Jurnalistlar bir xil prioritetlar asosida ovoz beradilar va tabiiyki, yakuniy natija ham aynan o‘sha mantiq bilan uyg‘un keladi.
Hozir hammasi o‘zgargan. Ikki futbolchining boshqalardan yaqqol ustunligi, qo‘shimcha piar kampaniya, ma’lum vaqt FIFA bilan qo‘shma sovringa aylangani kabi omillar natijasida prioritetlar farqli. Hozir ovoz berayotganlar yagona mantiq qolipidan chiqib ketishgan, biri futbolchi urgan gollarga qaraydi, kimdir egallagan sovrinlarga, kimdir yana boshqa. Har biri o‘zicha haq. Mana shu turli o‘lchovlar yig‘ilib, yagona natija olinadi. Tabiiyki, yakuniy natija har xil bo‘lishi mumkin. Uni tushuntirib bo‘lmaydi. Uni yilma-yil bir qolipga solib bo‘lmaydi.
Menga oldingi «Oltin to‘p» yoqardi, hozirgisi yoqmaydi. Lekin ilgari haqli berilardi, hozir nohaq beriladi, deya olamanmi? Yo‘q, albatta. Shunchaki, yoqmaydi, yoqmagani uchun kuzatmayman, men uchun Messi Ronaldudan ko‘p olgani uning yaxshiroq ekanini ifodalamaydi, Modrichda «Oltin to‘p»lar soni Inestanikidan ko‘pligi Modrichning kuchliroq ekanini ko‘rsatmaydi. Hech narsani ko‘rsatmas, ifodalamas ekan, bu sovrinning ahamiyati yana tushib boradi, shu xolos.
Xo‘p, so‘rovnoma mana shunday natija keltirib chiqargani Messining aybimi? Yo‘q. Messiga sovrin nohaq topshirildimi? Yo‘q, albatta. Agar so‘rovnomadagi ovozlar soni arifmetik jihatdan to‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa, yetarli, demak – Messiga haqli ravishda berishgan.
Messi «Oltin to‘p» tadbirida sovrinni qabul qilib oldi. Levandovski maydonda YECHL sovrinini boshi uzra ko‘tardi. Mavsum kim uchun yaxshiroq o‘tdi? Kim g‘olib-u, kim mag‘lub? Qaysi biri muhim? Qaysi biri ko‘proq baxtli?
Keling, futbolchilarning o‘ziga qo‘yib beraylik. Ular ham maqsadlarini o‘zlari belgilashsin.
Q.Aslanov
Manba:Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi