09:20 / 23.01.2022
921

36 yoshli hujumchi "So‘g‘diyona" bilan chempionlikka erishmoqchi

36 yoshli hujumchi "So‘g‘diyona" bilan chempionlikka erishmoqchi
1 yanvar kuni 36 yoshga to‘lgan hujumchi Marat Bikmayev “Lokomotiv”dagi faoliyatini tugatdi va endi o‘z omadini “So‘g‘diyona”da sinab ko‘rishga qaror qildi. Kuni kecha Sports.uz muxbiri tajribali hujumchi bilan qator masalalar bo‘yicha suhbatlashdi.

- Marat, “Lokomotiv” klubini tark etishingiz sababi nimada? Klub shuni xohladimi yoki bu tashabbus sizdan chiqdimi?
- “Lokomotiv” to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, bu bugungi gap emas. Bir-ikki yil ilgari rahbariyat yoshlarga e’tibor qaratishi haqida o‘z qarashlarini ma’lum qilishgandi. O‘shanda men ham ular bilan gaplashgandim. U-18 va o‘rinbosarlar jamoalaridan asosiy tarkibga iqtidorli yoshlarni chiqarish haqida gap borgandi. Shuning uchun men ham buni bilib turardim va qachonlardir yoshlarni asosiy jamoaga ko‘chirish ishlari yuz berishini bilardim. Bu yil unchalik o‘ynamasligimni sezardim. Chunki o‘tgan mavsumda ham Sekeyra qo‘li ostida ko‘p o‘ynamadim. Menga o‘yin amaliyoti kerak, deb klubdan ketishga qaror qildim.

- “Lokomotiv”da o‘zgarishlar kuzatilyapti. Mahalliy murabbiy Sekeyraning o‘rniga tayinlandi. Yetakchilar ketdi. Sizningcha, “Loko” mavqeini yo‘qotyaptimi?
- Bitta narsa aytishim mumkin, yosh futbolchilar yillar davomida tajriba to‘plab, o‘z joyini ushlab turishsa, balki ularni kelajagi bor. Faqat ularga ko‘proq imkoniyat berilyapti. Bilamanki, U-18 va o‘rinbosarlar tarkibida yaxshi yoshlar bor. Vaqt ko‘rsatadi, murabbiyning ular bilan qanaqa ishlashiga ham bog‘liq.

- Yangi mavsumni Jizzax klubida o‘tkazadigan bo‘ldingiz. Xo‘sh, nima uchun “So‘g‘diyona”?!
- Menda boshqa takliflar ham bor edi. Misol uchun “Metallurg” jamoasidan taklif bor edi. Keyin “Andijon”dan ham chorlov bo‘ldi. U yerda do‘stim ishlaydi va meni chaqirgandi. Biroq men bir qarorga keldim. Nimaga “So‘g‘diyona”?! Haligacha Ulug‘bek Baqoyev bilan yaxshi munosabatdaman. Ilgari birga to‘p surganmiz. Bir-birimizni juda yaxshi bilamiz. O‘tgan yili ham menga qo‘ng‘iroq qilib jamoasiga taklif qilgan. Lekin u yerga bormaganimga sabab bo‘lardi. “Lokomotiv” bilan shartnomam amalda turardi. Mavsum tugaganidan so‘ng, yana Baqoyev bilan gaplashdim va barchasini hal qildik. Hammasi tez hal bo‘ldi, unga o‘g‘il bolacha va’da berdim. “So‘g‘diyona” jamoasiga o‘tganimdan xursandman. U yerdagi ko‘pchilik o‘yinchilarni yaxshi taniyman. Jamoa haqiqatan juda ahil. Bunday muhitda to‘p surish o‘zimga ham yoqadi.

- Bikmayev 36 yoshga kirdi, uning davri o‘tdi, degan gaplarni ham eshitib qolamiz. Balki “So‘g‘diyona”da ikkinchi yoshligingizni ko‘rarmiz...
- Xudo xohlasa, o‘zimga ishonaman. Futbol o‘ynamagan va uni yaxshi bilmagan odamlar shunday gapirishlari mumkin. Lekin futbol o‘ynaganlar umuman boshqacha fikrdalar. “Lokomotiv”da menda amaliyot bo‘lmadi. Ayniqsa, o‘tgan yili juda kam o‘ynadim. O‘yin amaliyoting ko‘p bo‘lmasa gol ham urmaysan! Yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, menga ishonch bildirilsa albatta o‘sha Marat Bikmayev qaytadi, degan umiddaman (kuladi). Shu sababli astoydil harakat qilaman.

- Hujumchi sifatida yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Chempionatimizda oxirgi uch yildan beri eng yaxshi to‘purar serbiyalik hujumchi Dragan Cheranga nasib qilyapti. Negadir o‘zbekistonlik futbolchilar bu ishni eplay olmayaptilar...
- Bizda ham yaxshi hujumchilar bor. Temurxo‘ja Abduholiqov, Xusayn Norchayev, Shoxruz Norxonov. Faqat ularni terma jamoaga chaqirishmaydi-da. Hujumchilardan to‘g‘ri foydalana olishmaydi. Hujumchiga ko‘p vaziyatlarni yaratib berishsa, albatta gol uradi. Bir o‘zi hech nima qila olmaydi. 4 ta himoyachini aldab gol urolmaydi. Shuning uchun bizda pas bilan ta’minlaydigan zo‘r-zo‘r vingerlar, qanot o‘yinchilari bo‘lishi kerak.

- Ulug‘bek Baqoyev ajoyib hujumchi bo‘lgan va u sizdan maksimal darajada foydalanishi mumkin. Yangi klubda o‘zingizni asosiy rolda ko‘ryapsizmi?
- Hali nimadir deyishga erta. E’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi yili “Lokomotiv”da hujumchi bo‘lib emas, vinger sifatida o‘ynadim. Balki “So‘g‘diyona”da ham shunaqa bo‘lar, vaqt ko‘rsatadi. Mavsum boshlanishigacha vaqt bor. Harakat qilsam o‘ynayman, harakat qilmasam o‘ynamayman. Qancha kuchim yetsa, jamoamga shuncha yordam beraman. Menga farqi yo‘q, har qanday pozitsiyada o‘ynayveraman.

- Futbolda Marat Bikmayev o‘z so‘zini aytishga ulgurganmi?
- Qanday aytsam bo‘ladi? Men katta gapirmayman. O‘zimga juda ishonaman va xohlaymanki, “So‘g‘diyona”da bor kuchimni sarflab yaxshi o‘yin ko‘rsatishga, yordam berishga harakat qilaman. Agar shunday bo‘lsa hammasi zo‘r bo‘ladi. Birinchi vazifam jamoamga yordam berish. Boshqa vazifam yo‘q. O‘zimni o‘ylamayapman. Asosiysi, “So‘g‘diyona”ga foyda keltirsam bo‘ldi.

- 36 yoshli Bikmayev yana qancha vaqt futbol o‘ynamoqchi? Futboldan keyin o‘zingizni qanday tasavvur qilyapsiz?
- Bu to‘g‘risida o‘ylaganim yo‘q. Kuchim yetguncha o‘ynayman. Jarohatlar bezovta qilmasa to‘p surishda davom etaman. Chunki o‘ynashga qodirman. Chempionatning yutuq va kamchilik tomonlarini bilaman. Lekin yillar davomida yig‘ilib qolgan og‘riqlar vaqti-vaqti bilan bezovta qilib qolishi mumkin. Shunga qaramay, chempionatgacha yaxshi tiklanishga va tayyor bo‘lishiga intilaman. Aynan sog‘ligimga katta e’tibor beryapman. Katta jarohatlardan Xudo saqlasin. Keyinchalik o‘zimni murabbiy rolida ko‘ryapman. Hozirga qadar “S” va “V” litsenziyalarini o‘qib tugatdim. O‘tgan yili o‘ynamayotgan paytimda murabbiylik uchun kurslarda o‘qib olganman.

- Murabbiylik uchun dastlabki qadamlarni tashlaganingiz yaxshi. Faoliyatingizda ko‘plab mutaxassislar bilan ishlagansiz. Ulardan qaysilari sizda chuqur taassurot qoldirgan?
- Hammasi har xil. Barcha murabbiyni o‘yinga bo‘lgan yondashuvi bor. Kimdir e’tiborni jismoniy tayyorgarlikka, yana kimdir taktikaga, boshqasi yana qandaydir uslublarga e’tibor beradi. Keyinchalik murabbiy bo‘lsam men ko‘proq futbolchilar bilan gaplashishga, ularning dunyoqarashini o‘rganishga harakat qilaman. Chunki har bir o‘yinchini ruhiy holati bo‘ladi. Bunday paytda kimgadir qattiqroq, kimgadir yumshoqroq gapirish kerak. Murabbiy qo‘l ostidagilar bilan do‘st bo‘lishi kerak. Masalan, Sekeyra bosh murabbiy bo‘lganidan keyin bo‘ldi, men murabbiyman, hech kim bilan gaplashmayman, sizlardan yuqoridaman, sizlar pastdasizlar, degan gaplarni aytgan va bunday so‘zlar menga yoqmaydi. Murabbiy hamma bilan do‘st bo‘lishi lozim.

- “So‘g‘diyona” o‘tgan yili kumush medalni qo‘lga kiritdi. Yangi mavsumda klubingiz “Paxtakor”dan chempionlikni tortib olishga qodirmi?
- Bizda har yili chempionatni tushunib bo‘lmaydi. O‘tgan yili “Paxtakor” chempion bo‘ldi va ular bunga munosib edi. Yangi mavsumda “Navbahor”, AGMK kabi klublar kuchaydi. “Neftchi” bilan “Dinamo” Superligaga chiqdi. Ko‘p klublarni nimaga qodirligini bilib bo‘lmaydi. Bilamanki, chempionat juda qiziq o‘tadi. Biz albatta o‘zimizga ishonamiz. Eng yaxshisi bo‘lishga harakat qilamiz.

- Faoliyatingiz mobaynida qaysi klubda o‘zingizni baxtli his qilgansiz?
- Menimcha, zo‘r davrim “Alaniya”da bo‘lgan. Bu klubdan oldin “Spartak-Nalchik”da yurardim. O‘shanda “Alaniya” premer-ligada o‘ynardi va meni chaqirishgan. Ikkinchi davra boshlanayotganda bordim. Ammo biz birinchi divizionga tushib ketdik. Shundan so‘ng jamoaga katta investitsiyalar kirgan. Maqsadlar ham zo‘r bo‘lgan. Yig‘inlarni Turkiya, Isroil, Ispaniya kabi mamlakatlarda o‘tkazganmiz. Menga ishonishgan va har doim asosiy tarkibda to‘p surardim. Gazzayevning o‘g‘li jamoani boshqargan. “Alaniya”ning to‘purari bo‘lganman. Adashmasam, 12 yoki 14 ta gol urganman. Har 3 kunda o‘ynardik, sport formam shunchaki ajoyib edi. Birinchi divizionda o‘ynaganimizga qaramay, o‘shanda Rossiya Kubogi finaliga ham chiqqanmiz. Keyin Yevropa Chempionlar ligasi saralashida “Beshiktosh”, “Aktobe” singari klublar bilan o‘ynaganmiz. “Beshiktosh”ni 2:0 hisobida yutganmiz. Biroq safarda 0:3 ga yutqazganmiz. Agar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra biz g‘olib chiqqanimizda guruh bosqichiga yo‘l olardik.

- Haligacha qaysi qaroringizdan afsuslanasiz?
- Afsuslanmayman. Faoliyatim yaxshi o‘tgan. Faqat “Rubin”ga o‘tgan paytimda u yerda yanada zo‘r o‘ynab ketsam bo‘lardi. Klub chempionlar ligasida o‘ynardi, maqsadlar ham jiddiy edi. Men yosh futbolchi edim. Asosiy tarkibda ham maydonga tushardim. Faqat ko‘proq ishlashim kerak edi. Balki keyinchalik “Spartak”, SSKA yoki Yevropaning boshqa klublariga ketarmidim?! Faqat jiddiy o‘ylamaganman. “Rubin”daman, hammasi yaxshi ketyapti, deb yurardim. Aksincha, yanada ko‘proq ishlashim, o‘zimga jiddiy maqsadlar qo‘yishim kerak edi. “Rubin”dan ketganimdan keyin hammasini tushunib yetdim. Afsuski, hech nimaga intilmasdan yurardim. “Rubin”dan zo‘r klubga ketsam bo‘lardi. Ammo nolimayman. “Rubin”dan keyin “Spartak-Nalchik”ka o‘tdim va o‘zimni ko‘rsatdim.

- Hozirgi yoshlarga qanday maslahat berasiz?
- Nasihatmi? Hozir ko‘pchilik yosh futbolchilar hech nimani o‘ylashmaydi. Men ham vaqtida shunaqa bo‘lganman. Yoshligimda hech nima o‘ylamasdim. Futbol birinchi o‘rinda bo‘lmasdi. To‘g‘ri, yaxshi ko‘rardim, lekin qanaqadir e’tibor bermasdim. Baribir har bir o‘yinchi o‘ziga maqsad qo‘yishi kerak va o‘sha maqsad bilan yashash lozim. Agar maqsad qo‘ymasa u futbolchi bo‘lmaydi.

- Agar 36 yoshingizda O‘zbekiston chempioni bo‘lsangiz?!..
- Hammasi Xudodan. Nasib qilsa, barchasiga erishamiz. Maqsad qo‘ysak hammasiga erishamiz. Shu narsa yuz berishiga astoydil harakat qilaman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 36 yoshli hujumchi "So‘g‘diyona" bilan chempionlikka erishmoqchi