date
views 47

Tesla kompaniyasining Optimus roboti raqsga tushdi: Ilon Mask hayratlantiruvchi videoni e’lon qildi

Tesla kompaniyasining Optimus roboti raqsga tushdi: Ilon Mask hayratlantiruvchi videoni e’lon qildi
Amerikalik milliarder va Tesla kompaniyasining rahbari Ilon Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida Optimus nomli gumanoid robotning hayratlanarli raqs videosini chop etdi.

Tesla robotlari loyihasi rahbari Milan Kovach ma’lum qilishicha, bu robotning harakatlari avtonom agentlar asosida qaror qabul qiladigan zamonaviy dasturiy ta’minot bilan takomillashtirilgan. «Hozircha bu faqat dastlabki natijalar bo‘lib, yaqin kelajakda robot yanada barqaror va mukammal harakatlanadi», — dedi u.

Ilon Mask e’lon qilgan videoda robotning harakatlari tabiiy va real vaqt rejimida tasvirga olingan bo‘lib, robotga xavfsizlik trosi ulangani ham ko‘rinib turadi. «Bu xavfsizlik trosi robotning muvozanatini saqlashga emas, balki ehtimoliy yiqilishning oldini olish uchun o‘rnatilgan», — deb tushuntirdi milliarder.

Tesla o‘zining Optimus robotining yangilangan talqinini birinchi marta 2023 yil dekabr oyida taqdim qilgan edi. Bu model o‘zining avvalgi versiyasi bilan solishtirganda ancha mukammallashgan va harakatlarni nazorat qilish tizimi sezilarli darajada yaxshilangan. Shuningdek, robotning tezligi 30 foizga oshgan, og‘irligi esa 10 kilogrammga kamaygan.

Optimus robotining yangilangan talqini Tesla tomonidan sun’iy intellekt va robot texnikasi sohasidagi muhim yutuqlardan biri sifatida qaralmoqda. Bu gumanoid robot kelajakda insonlarga turli sohalarda, jumladan, ishlab chiqarish va uy-ro‘zg‘or ishlarida ham yordam ko‘rsatishi mumkin.

Ilon Mask Tesla kompaniyasi insonlar bilan robotlarning hamjihatlikda yashashiga asoslangan yangi asrni boshlashiga ishonchi komilligini bir necha bor ta’kidlagan. Optimus robotining bugungi yutuqlari esa bu maqsad yo‘lida tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Tesla kompaniyasining Optimus roboti raqsga tushdi: Ilon Mask hayratlantiruvchi videoni e’lon qildi