date

iPhone 17 Pro yangi dizayni bilan revolyutsiya qilmoqchi

iPhone 17 Pro yangi dizayni bilan revolyutsiya qilmoqchi
Apple har yili o‘zining yangi iPhone taqdimoti bilan texnologik dunyoda shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Ammo 2025 yildagi yangi flagman modellari, xususan, iPhone 17 Pro va Pro Max nafaqat an’anaviy yangilanishlar, balki so‘nggi olti yil ichidagi eng jiddiy dizayn o‘zgarishi bilan muxlislarni hayratga solishi kutilayotgan holda alohida e’tiborda turibdi. Bu haqda 9to5mac.com va boshqa ishonchli manbalar yozmoqda.

Orqa panel — tub o‘zgarish markazida

2019 yildagi iPhone 11 Pro modelidan buyon Apple o‘z flagmanlarida burchakda joylashgan taniqli kamera bloki dizaynini saqlab kelayotgandi. Biroq iPhone 17 Pro bu an’anani to‘liq o‘zgartirishi kutilmoqda. Yangi dizaynga ko‘ra, kamera blogi orqa panelning deyarli butun kengligi bo‘ylab cho‘zilgan holda joylashadi. Kamera linzalarining joylashuvi an’anaviy qolsa-da, LiDAR sensori va yoritgich moduli o‘ng tarafga ko‘chadi.

Apple kompaniyasi bu orqali nafaqat estetik, balki texnik samaradorlikni ham yaxshilashni ko‘zlamoqda. Yangi kamera maketi smartfon korpusi bilan yanada uyg‘un ko‘rinishga ega bo‘lishi va ichki qismlarda samarali joylashuvga imkon yaratishi mumkin.

Kameralar dunyosida to‘liq apgreyd

Apple'ning navbatdagi jiddiy qadami — har uchala kamera uchun 48 megapikselli sensorlarni joriy etishdir. Bu nafaqat tarixda birinchi bor har uchala linzada yuqori aniqlikdagi tasvirni ta’minlash, balki professional darajadagi surat va videolarni keng omma uchun taqdim etishni anglatadi.

Ayniqsa, 12 megapikselli telefoto linzaning 48 megapikselli yangi sensor bilan almashtirilishi ko‘plab foydalanuvchilar uchun muhim yangilik bo‘ladi. Bu detallar — rasmiy taqdimotgacha olingan ishonchli maketlar orqali ham tasdiqlangan.

Old kamera ham chetda qolmaydi

iPhone 17 qatoridagi barcha modellar endi 24 megapikselli selfi kameraga ega bo‘ladi. Bu keyingi besh yil ichida old kamera texnologiyasidagi birinchi jiddiy yangilanish hisoblanadi. Aytish mumkinki, FaceTime, Reels va selfi muxlislari endi tiniqroq, aniqroq va ranglarga boy tasvirlardan bahra oladi.

iPhone 17 Air – eng yupqa smartfon bo‘ladimi?

Apple bu yil yana bir syurpriz ustida ish olib bormoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, iPhone Plus o‘rnini bosadigan mutlaqo yangi model — iPhone 17 Air taqdim etiladi. Bu smartfon 5,5 mm qalinlikda bo‘lib, kompaniya tarixidagi eng ingichka qurilma bo‘lishi kutilmoqda. Agar taxminlar to‘g‘ri chiqsa, bu smartfon yupqaligiga qaramay yuqori texnik ko‘rsatkichlar va mukammal displey bilan jihozlanadi.

Sentyabr kutilayotgan kun

Barcha mish-mishlar va oqayotgan ma’lumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, sentyabr oyidagi taqdimot — so‘nggi yillardagi eng yorqin va yangiliklarga boy tadbirlardan biri bo‘ladi. iPhone 17 Pro nafaqat yangi dizayn, balki funksional, kamera va ko‘plab ichki jihatlarda ham inqilobiy o‘zgarishlar bilan namoyon bo‘lishi mumkin.

Ayni damda esa Apple dunyosidagi barcha ko‘zlar Kupertino sari qaratilgan — bu safar qanday innovatsiya butun bozorni shakllantirishini vaqt ko‘rsatadi.

Foto: Majin Bu
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » iPhone 17 Pro yangi dizayni bilan revolyutsiya qilmoqchi