NASA astronavti Xalqaro kosmik stansiyada kartoshka yetishtirdi

NASA astronavti Don Pettit Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) noodatiy tajriba o'tkazdi. U mikrogravitatsiya sharoitida kartoshka yetishtirdi va unga "Spudnik" deb nom berdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu nom inglizcha "spud" (kartoshka) va "Sputnik" so'zlarining o'yinidir.

Astronavtning ta'kidlashicha, u "Marslik" filmi va kitobi syujetidan ilhomlangan. Asarda kartoshka bosh qahramonga Marsda omon qolishga yordam beradi.
Pettit kosmosda tuganak o'zini qanday tutishini tekshirishga qaror qildi.
Tajriba uchun u yoritgichli mitti issiqxona yasadi va kartoshkani yopishqoq tasma yordamida qotirdi. Sabzavot ichimlik idishida saqlandi.
Vaznsizlik holatida uning novdalari noodatiy tarzda rivojlana boshladi.
Yerdagidan farqli o'laroq, ildizlar pastga emas, balki yuqoriga qarab o'sdi. Pettit buni hazillashib "noto'g'ri ildizlar" deb atadi.
Olimlar kartoshkani kosmos uchun istiqbolli ekin sifatida ko'rishmoqda.
U to'yimli, injiq emas va Oy, Mars hamda uzoq kosmosda oziq-ovqat yetishtirish tizimlarini yaratishda asqotishi mumkin. «Ehtimol, bir kun kelib Marsda kartoshka o'sadi.
Ungacha biz Yer orbitasida qo'limizdan kelganini o'rganamiz», — deya ta'kidladi Pettit.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!