Yandex Disk ilovasining kompyuter versiyasi pullik boʻladi

Yandex 360 jamoasi kompyuterlar uchun moʻljallangan Yandex Disk ilovasi foydalanuvchilariga elektron pochta orqali muhim ogohlantirish yubordi. Unga koʻra, joriy yilning 3-iyunidan boshlab ilovadan toʻliq foydalanish imkoniyati faqat pullik Yandex 360 obunasi mavjud boʻlgan foydalanuvchilar uchun saqlanib qoladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya vakillarining tushuntirishicha, ushbu sanadan eʼtiboran obunasi boʻlmagan foydalanuvchilar uchun bulutli funksiyalar cheklanadi. Bu fayllar bilan bevosita bulut orqali ishlash imkoniyatining yopilishini anglatadi, yaʼni ilova ichidagi aksariyat amallar bajarilmaydi.
Shu bilan birga, foydalanuvchilarning barcha maʼlumotlari bulutli xotirada saqlanib qoladi. Ularga veb-versiya yoki boshqa qurilmalar orqali kirish imkoniyati oʻzgarishsiz qoladi. Kompyuter ilovasida esa faqat avvalroq qurilmaga yuklab olingan fayllargina koʻrinadi.
Yandex ushbu oʻzgarishlarni ilovadan katta hajmdagi fayllar bilan ishlash uchun foydalanish holatlari koʻpaygani bilan izohladi. Bunday jarayonlar katta resurs talab qilishi sababli, kompaniya ushbu funksiyalarni obuna modeliga oʻtkazishga qaror qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!