NASA Blue Origin oy kemasi maketi bilan mashg‘ulotlarni boshladi

NASA bo‘lajak oy missiyalari uchun Blue Origin kompaniyasining qo‘nish moduli prototipidan foydalangan holda astronavtlarni tayyorlashni boshladi. Xyustondagi Jonson nomidagi kosmik markazga Blue Moon Mark 2 ekipaj kabinasining to‘liq o‘lchamli maketi yetkazildi. Ushbu modul Artemis dasturining muhim qismi hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Taxminan 4,6 metr balandlikdagi ushbu maket astronavtlarga missiya ssenariylarini mashq qilish, boshqaruv markazi bilan aloqa o‘rnatish va skafandrlarni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Blue Origin o‘zining ushbu tizimini SpaceX kompaniyasining Starship Human Landing System loyihasiga asosiy raqobatchi sifatida taqdim etmoqda.
NASA Artemis III missiyasi doirasida 2027-yilda ushbu tizimlardan birini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Astronavtlar Orion kemasi orqali oy orbitasiga yetib boradi va u yerdan qaysi tizim tayyor bo‘lsa, o‘sha modulda oy sirtiga qo‘nadi. Keyinchalik esa ushbu apparat ekipajni qaytarib Orion kemasiga yetkazishi kerak.
Blue Origin uchun Blue Moon Mark 1 yuk kemasi ham muhim ahamiyatga ega. U MK2 versiyasi uchun texnologik poligon vazifasini o‘taydi va yaqin orada o‘zining ilk uchuvchisiz missiyasini amalga oshirishi kutilmoqda. Kompaniya o‘z tizimining oy sirtiga yumshoq qo‘nish qobiliyatini amalda isbotlashi zarur.
SpaceX ham o‘z navbatida Starship tizimini takomillashtirish ustida ishlamoqda, biroq orbitada yonilg‘i quyish kabi murakkab texnik vazifalar hali o‘z yechimini kutmoqda. NASA esa har ikki kompaniya bilan hamkorlikni davom ettirib, oyga qaytish dasturini jadallashtirishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!