Yandex «Tungi muzey» aksiyasi uchun sunʼiy intellektli kulonlarni taqdim etdi

Moskvada boʻlib oʻtadigan «Tungi muzey» aksiyasi doirasida Yandex kompaniyasi tashrif buyuruvchilar uchun maxsus texnologik yechimlarni tayyorladi. 16-may kuni mehmonlar «Alisa AI» neyrotarmogʻi yordamida muzey eksponatlari haqida batafsil maʼlumot olishlari va qiziqarli savollariga javob topishlari mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya ushbu tadbir uchun maxsus sunʼiy intellektli kulonlarni ishlab chiqdi. Ularni smartfonga yaqinlashtirish orqali foydalanuvchilar darhol neyrotarmoq bilan chatga oʻtib, oqshom davomida oʻtkaziladigan barcha tadbirlar haqida maʼlumot olishlari mumkin. Shuningdek, 12 ta muzey maydonchasidagi QR-kodlar orqali sanʼat asarlarining koʻzga tashlanmaydigan detallari haqida bilib olish imkoniyati yaratiladi.
Moskva muzeyi va A. S. Pushkin nomidagi davlat muzeyida «Alisa AI» bilan jihozlangan maxsus fotozonalar tashkil etiladi. U yerda neyrotarmoq fotosuratlarni eksponatlar uslubida qayta ishlab, masalan, inson qiyofasini antik haykalga aylantirib beradi. «Promptxab» platformasida esa jonlangan rasmlar tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga Yandex Stansiya qurilmalari sovgʻa qilinadi.
Kosmonavtika muzeyida esa Yandex Stansiya qurilmalari koʻrgazmasi ochiladi. Unda texnologiyalarning kosmosni zabt etishdan tortib sunʼiy intellekt davrigacha boʻlgan rivojlanish tarixi namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar aqlli kolonkalarning ichki tuzilishi bilan yaqindan tanishishlari va kosmonavtika boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!