AQSh aholisi maʼlumotlar markazlari qurilishiga qarshi chiqmoqda

Gallup tomonidan oʻtkazilgan yangi soʻrovnoma AQShda maʼlumotlar markazlari (data-center) qurilishiga nisbatan norozilik keskin oshganini koʻrsatdi. Hozirda amerikaliklarning 70 foizi bunday obʼyektlarning oʻz uylari yaqinida joylashishiga qarshi. Taqqoslash uchun, avvalgi soʻrovlarda bu koʻrsatkich 47 foizni tashkil etgan edi. The Washington Post nashrining yozishicha, aholi hatto atom elektr stansiyasi bilan qoʻshni boʻlishni yirik maʼlumotlar markazidan koʻra afzalroq koʻrmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi maʼlumotlar markazlariga boʻlgan talabni oshirib yubordi, bu esa butun mamlakat boʻylab ijtimoiy nizolarni keltirib chiqarmoqda. AQShning 69 ta yurisdiksiyasida allaqachon bunday inshootlar qurilishiga cheklovlar yoki moratoriylar joriy etilgan. Jamoatchilik noroziligi va siyosiy bosim tufayli koʻplab loyihalar toʻxtab qolmoqda.
Norozilikning asosiy sabablaridan biri elektr energiyasi tarmoqlariga tushayotgan yuklamaning ortishi va buning oqibatida elektr toʻlovlarining qimmatlashuvidir. Ayrim hududlarda infratuzilmaning kengayishi fonida narxlar 267 foizgacha koʻtarilgan. Shuningdek, aholi shovqin, suv resurslarining haddan tashqari koʻp sarflanishi va ekologik oqibatlardan xavotirda.
Ushbu vaziyat butun sunʼiy intellekt sanoati uchun jiddiy muammoga aylanmoqda. Loyihalarni kelishish muddatlari choʻzilmoqda va ruxsatnoma olish jarayoni murakkablashmoqda. AQSh hukumati yirik texnologiya kompaniyalarini infratuzilmani rivojlantirishni oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga chaqirgan boʻlsa-da, hozircha vaziyatda sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!