Uber Hindistonda yangi texnologik markazlar ochadi

Uber kompaniyasi Hindistonda oʻzining texnologik infratuzilmasini kengaytirish maqsadida ikkita yangi muhandislik kampusini ochishini eʼlon qildi. 2027-yil oxiriga qadar Bengaluru va Haydarobod shaharlarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu markazlar 9 600 nafargacha xodimni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya, shuningdek, Adani Group bilan hamkorlikda Hindistondagi oʻzining ilk maʼlumotlar markazini qurishini maʼlum qildi. Ushbu obyekt 2026-yilning toʻrtinchi choragida ishga tushirilishi kutilmoqda. Mazkur tashabbuslar Uber bosh direktori Dara Khosrowshahi’ning Hindistonga tashrifi doirasida eʼlon qilindi.
Hozirgi kunda Uber Hindistonda 3 500 ga yaqin xodimga ega va sunʼiy intellekt (AI) sohasidagi investitsiyalar ortib borayotgani sababli texnik mutaxassislarni yollashni davom ettirmoqda. Kompaniya generativ AI, mashinali oʻqitish, avtonom transport vositalari va infratuzilma yoʻnalishlarida yangi kadrlarni qidirmoqda.
Hindiston global texnologiya kompaniyalari uchun dasturiy taʼminot boʻyicha muhim markazga aylanib bormoqda. Garchi Hindiston bozorida raqobat yuqori va tartibga solish qoidalari murakkab boʻlsa-da, Uber ushbu mamlakatni global operatsiyalar uchun strategik muhandislik bazasi sifatida koʻrmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!