Elektron pochta hali ham ommabop: foydalanuvchilarning uchdan bir qismi ilk manzilidan voz kechmagan

Yandex 360 tahlilchilari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot elektron pochta xizmatlari raqamli dunyoda eng uzoq umr ko‘radigan vositalardan biri ekanligini ko‘rsatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanuvchilarning 36 foizi hamon o‘zlarining ilk elektron pochta manzilidan foydalanib kelmoqda. Ularning 41 foizida ushbu manzil 15 yildan ortiq vaqt oldin, 27 foizida esa 10-15 yil muqaddam ochilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bugungi kunda elektron pochta ko‘proq texnik maqsadlarda xizmat qilmoqda. Respondentlarning 37 foizi uni turli servislar va platformalarda ro‘yxatdan o‘tish uchun, 29 foizi chek, chipta va muhim hujjatlarni qabul qilish uchun, yana 29 foizi esa parollarni tiklash uchun ishlatadi. Shaxsiy yoki ish yuzasidan muloqot uchun pochtadan foydalanuvchilar ulushi atigi 23 foizni tashkil etadi.
Ko‘plab foydalanuvchilar elektron pochtani ma’lumotlar arxivi sifatida qadrlashadi: 35 foiz respondentlar asosiy ma’lumotlarini aynan pochta qutisida saqlaydi. Shuningdek, foydalanuvchilarning aksariyati bitta manzil bilan cheklanib qolmay, ikkita va undan ortiq akkauntga ega. Eng ommabop servislar qatorida Yandex Pochta (37%), Gmail (32%) va Mail (24%) yetakchilik qilmoqda.
Foydalanuvchilar pochta servislarini tanlashda birinchi navbatda xavfsizlikka e’tibor qaratishadi. Xususan, spamdan himoyalanish (32%) va akkaunt xavfsizligi (29%) eng muhim mezonlar sifatida qayd etilgan. Shuningdek, 63 foiz foydalanuvchilar uchun xatlarni avtomatik filtrlash funksiyasi juda muhim ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!