Rossiyaning Il-114-300 mintaqaviy samolyoti sertifikatsiyadan o‘tish arafasida
Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi (OAK) yaqin vaqt ichida Il-114-300 mintaqaviy samolyoti uchun sertifikat olishni kutmoqda. Bu haqda korporatsiya rahbari Vadim Badexa ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, laynerning sertifikatsiya sinovlari allaqachon yakunlangan va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni yakuniy bosqichda turibdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Badexa, shuningdek, Tu-214 va Il-114-300 samolyotlari sinovlari muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Ayni vaqtda SJ-100 va MS-21 loyihalari bo‘yicha ham sertifikatsiya sinovlari davom etmoqda. OAK mutaxassislari ushbu dasturlarning borishini ijobiy baholamoqda va ishlar belgilangan grafik asosida olib borilayotganini qayd etishdi.
Il-114-300 — bu Rostex korxonalari tomonidan Il kompaniyasi va OAK ko‘magida yaratilgan turbovintli samolyotning modernizatsiya qilingan versiyasidir. Ushbu havo kemasi mintaqaviy yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan.
SJ-100 loyihasi Superjet 100 samolyotining import o‘rnini bosuvchi yangi ruscha versiyasi hisoblanadi. MS-21 esa kelajakda Boeing 737 va Airbus A320 samolyotlarini almashtirishi ko‘zda tutilgan o‘rta masofali yo‘lovchi layneridir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!