100 ming siklli «inqilobiy» qattiq jismli akkumulyator feyk boʻlib chiqdi

100 ming siklli «inqilobiy» qattiq jismli akkumulyator feyk boʻlib chiqdi

Finlyandiyaning Donut Lab startapi atrofida yirik mojaro kelib chiqdi. Avvalroq inqilobiy qattiq jismli (solid-state) batareya yaratganini eʼlon qilgan kompaniyaning mahsuloti aslida oddiy litiy-ionli akkumulyator ekanligi maʼlum boʻldi. Mazkur firibgarlikni Ziroth YouTube-kanali muallifi Rayan Inis Hyuz fosh qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Surishtiruv davomida akkumulyator texnologiyalari sohasidagi 20 dan ortiq mustaqil mutaxassislar, jumladan, nufuzli universitetlar va ilmiy markazlar ekspertlari jalb qilindi. Donut Lab CES 2026 koʻrgazmasida energiya zichligi 400 W·soat/kg boʻlgan, 5 daqiqada quvvatlanadigan va 100 ming siklga chidaydigan batareyalarni seriyali ishlab chiqarishni boshlaganini daʼvo qilib, koʻpchilikning eʼtiborini tortgan edi.

Ushbu shov-shuvli bayonotlar ortidan startapning bozor qiymati 1,25 milliard dollarga baholandi va u 1300 dan ortiq xususiy investorlardan 25 million dollar sarmoya jalb qildi. Biroq, kompaniyaning sobiq hamkorlari va operatsion direktorlari CES 2026 koʻrgazmasida taqdim etilgan xarakteristikalar haqiqatga mos kelmasligini ochiqchasiga bildirishdi.

Laboratoriya tadqiqotlari vaziyatni yanada ogʻirlashtirdi. Ekspertlarning xulosasiga koʻra, oʻrganilgan namuna yuqori nikelli oddiy litiy-ionli element xususiyatlarini koʻrsatgan. Kuchlanish egri chiziqlari va quvvatlanish jarayonidagi fizik oʻzgarishlar aynan shundan dalolat beradi. Amaldagi energiya zichligi esa vaʼda qilingan 400 W·soat/kg oʻrniga atigi 298 W·soat/kg ekani aniqlandi.

Hozirda Finlyandiyaning moliya va huquq-tartibot idoralari Donut Lab kompaniyasining faoliyati yuzasidan tekshiruv boshlagan. Startap rahbariyati investorlarni chalgʻitish va texnologik koʻrsatkichlarni soxtalashtirishda ayblanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar