Prezidentlar golf maydonida: Issiqko‘lda norasmiy uchrashuv (video)

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy uchrashuvi oldidan Issiqko‘l bo‘yida yangi xalqaro toifadagi “Golf Resort” sport va turizm majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etib, golf maydonida ilk ramziy zarbani amalga oshirdilar.
Bugun, 31 iyul kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Kecha uchrashuv oldidan davlat rahbarlari Issiqko‘l bo‘yidagi norasmiy tadbirda ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida Cho‘lponotadagi yangi xalqaro toifadagi ““Golf Resort” sport va turizm majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirning eng e’tiborli jihati — prezidentlarning golf maydonida ilk, ramziy zarbani amalga oshirgani bo‘ldi. Rahbarlar norasmiy muhitda, norasmiy kiyimda vaqt o‘tkazib, Issiqko‘lning betakror manzarasi fonida suratga ham tushishdi.
Issiqko‘l sohilida barpo etilgan zamonaviy majmua Qirg‘izistonning sport va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalardan biri sifatida e’tibor qozonmoqda.
Davlat rahbarlari Qirg‘iziston rahbari va xalqini yangi obyekt foydalanishga topshirilgani bilan tabriklab, mamlakatning turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan loyihalarda muvaffaqiyat tiladi.
Ayni paytda Cho‘lponotada o‘tkaziladigan norasmiy sammit doirasida mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy aloqalar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Prezidentlarning tashrifi munosabati bilan 30 iyuldan 1 avgustgacha Tamchi aeroporti va Cho‘lponota o‘rtasidagi yo‘lda vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi ham ma’lum qilingan.






























Izohlar 0
…