Germaniya “sunʼiy Quyosh” sari muhim qadam tashladi: Yangi tadqiqot markazi ochildi

Germaniya energetika sohasida inqilobiy oʻzgarish yasashi kutilayotgan termoyadroviy sintez texnologiyalarini rivojlantirish yoʻlida yirik loyihaga qoʻl urdi. Rostok universiteti hamda Drezden-Rossendorf markazi (HZDR) hamkorligida High Energy Density Initiative (HEDI) deb nomlangan yangi tadqiqot xabi rasman ish boshladi. Mazkur markaz kelajakdagi termoyadroviy reaktorlar uchun asos boʻladigan moddalarning ekstremal holatlarini oʻrganish bilan shugʻullanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
HEDI markazining ochilish marosimi ilm-fan, sanoat va hukumat vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi. Germaniya federal tadqiqotlar, texnologiyalar va kosmos vaziri Doroteya Berning taʼkidlashicha, ushbu markaz milliy termoyadroviy dasturning muhim boʻgʻiniga aylanadi. U tajriba reaktorlari ichidagi yoqilgʻining oʻzini tutishini chuqurroq anglashga yordam beradi, bu esa “sunʼiy Quyosh” yaratish yoʻlidagi asosiy toʻsiqlarni bartaraf etish imkonini beradi.
Termoyadroviy sintez uzoq vaqtdan beri insoniyat uchun eng istiqbolli energiya manbai hisoblanadi. Anʼanaviy atom elektr stansiyalaridan farqli oʻlaroq, u atmosferaga karbonat angidrid chiqarmaydi va minimal miqdorda radioaktiv chiqindi hosil qilgan holda, cheksiz miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Biroq, bunday qurilmalar ichida sodir boʻladigan jarayonlar hanuzgacha toʻliq oʻrganilmagan, HEDI tadqiqotlari aynan shu boʻshliqni toʻldirishga qaratilgan.
Lazerli sintez va ekstremal bosim tadqiqotlari
Loyiha doirasida iyun oyi boshida Yuqori energiya zichligi fizikasi instituti tashkil etildi. Germaniya hukumati va Saksoniya yerlari tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu majmuaning qurilishi 2030-yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Meklenburg — Old Pomeraniya hududi ushbu tadqiqot majmuasi uchun taxminan 20 million yevro miqdorida sarmoya kiritishini maʼlum qildi.Markazning asosiy yoʻnalishlaridan biri inersion ushlab turish usuli orqali termoyadroviy sintezni amalga oshirishdir. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu texnologiyada oʻta kuchli lazerlar yordamida yoqilgʻi kapsulasi siqiladi va yulduzlar markazidagi kabi ekstremal harorat hamda bosim darajasigacha qizdiriladi. Bu jarayon moddaning “issiq va qaynoq zich materiya” deb ataladigan gʻayritabiiy holatlarini oʻrganish imkonini beradi.
HEDI olimlari millionlab va milliardlab atmosfera bosimi ostida yengil elementlarning oʻzini tutishini tahlil qiladilar. Bunday sharoitlar nafaqat termoyadroviy qurilmalarda, balki gaz gigantlari va boshqa ekstremal kosmik obʼyektlar bagʻrida ham uchraydi. Tadqiqotlar natijasida olingan maʼlumotlar kelajakda yanada samarali va ishonchli reaktorlarni loyihalash uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Yangi markaz oʻz izlanishlarida Yevropadagi eng yirik European XFEL rentgen lazeri va dunyo boʻylab boshqa ilmiy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Shuningdek, HEDI tijorat maqsadidagi lazerli termoyadroviy qurilmalarni ishlab chiqayotgan Marvel Fusion startapi bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan. Loyiha rahbari Ronald Redmerning soʻzlariga koʻra, moddaning ekstremal holatdagi tabiatini tushunmasdan turib, termoyadroviy energetikani tijoriylashtirish imkonsizdir.






























Izohlar 0
…