SpaceX va Tesla dunyodagi eng yirik Terafab chip zavodini qurmoqda

SpaceX va Tesla AQShning Texas shtatidagi Grimes okrugida dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqarish majmuasi bo‘lishi kutilayotgan «Terafab»ni qurishni rejalashtirmoqda. Qariyb 9,3 million kvadrat metr maydonni egallaydigan majmua yarimo‘tkazgichlarni ishlab chiqish, qadoqlash va sinovdan o‘tkazishning to‘liq siklini birlashtiradi.
Ilon Maskga qarashli SpaceX va Tesla kompaniyalari AQShning Texas shtatida joylashgan Grimes okrugida «Terafab» deb nomlangan yangi yarimo‘tkazgichlar majmuasini ishga tushirishlarini e'lon qilishdi. Mazkur loyiha dunyodagi eng yirik chip ishlab chiqarish fabrikasi bo‘lishi kutilmoqda hamda u texnologiya olamida keskin burilish yasashi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com ma'lumotiga ko‘ra, umumiy maydoni qariyb 9,3 million kvadrat metrni (taxminan 1300 ta futbol maydoniga teng) tashkil etuvchi majmua yarimo‘tkazgichlarni yaratish bo‘yicha to‘liq siklni o‘z ichiga oladi. Bu yerda mantiqiy mikrosxemalar va xotira turlaridan tortib, ularni qadoqlash hamda yakuniy sinovdan o‘tkazish jarayonlari bir joyda jamlanadi. Vertikal integratsiya yangi protsessorlarni ishlab chiqish va ularni bozorga chiqarish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirish imkonini beradi.
Kelajak texnologiyalari uchun maxsus protsessorlar
Yangi korxonaning asosiy mahsuloti sun'iy intellekt hisob-kitoblari va inferens vazifalariga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan protsessorlar bo‘ladi. Ushbu chiplar Tesla kompaniyasining Optimus odamsimon robotlari, Cybercab uchuvchisiz taksilari hamda SpaceX kosmik ma'lumotlar markazlarining yuqori unumdorlikka ega hisoblash tizimlarida qo‘llanilishi rejalashtirilgan.Kompaniyalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi yillarda ularning umumiy hisoblash quvvatlariga bo‘lgan ehtiyoji 1 TVt dan oshib ketadi. Bu ko‘rsatkich hozirgi global yarimo‘tkazgichlar bozoridagi taklifdan ancha yuqori. SpaceX va Tesla mavjud yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni davom ettirishini ta'kidlasa-da, sanoat kelajakdagi talabni to‘liq qondira olmasligini inobatga olib, o‘z ishlab chiqarish bazasini yaratishga qaror qilgan.
Moliyalashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy ta'sir
Loyihaning birinchi bosqichi taxminan 16,8 milliard dollar miqdorida investitsiya talab qiladi. Yangi korxonada kamida 3000 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, xodimlarning salmoqli qismi aynan Grimes okrugi va qo‘shni tumanlar aholisi orasidan tanlab olinadi. Shuningdek, kompaniyalar mutaxassislarni tayyorlash uchun mahalliy kollejlar va ta'lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirgan.SpaceX ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning Texasdagi faoliyati allaqachon 56 mingdan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rinlarini ta'minlagan. 2024 yildan beri esa bu hududga 28 milliard dollardan ziyod iqtisodiy naf keltirgan.






























Izohlar 0
…