Kiberjinoyatchilar AQSh moliyaviy kompaniyalariga qoʻngʻiroq qilib hujum qilmoqda

Noma'lum xakerlar guruhi AQShdagi yirik moliyaviy va investitsiya kompaniyalariga qo'ng'iroq qilib, maxfiy ma'lumotlarni o'g'irlash va tovlamachilik bilan pul undirishga urinmoqda. Google ma'lumotlariga ko'ra, Falcon, Helix, Pink va Redact nomlari bilan tanilgan guruhlar xodimlarga o'zlarini hamkasb yoki IT-yordam xizmati vakili sifatida tanishtirib, login, parol va ko'p faktorli autentifikatsiya kodlarini soxta saytlarga kiritishga undaydi.
Sunʼiy intellekt va avtomatlashtirilgan kiberhujumlar davrida ham firibgarlarning eng sodda va sinovdan oʻtgan usullari yuqori natijalar berishda davom etmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, nomaʼlum xakerlar guruhi AQShdagi yirik moliya hamda investitsiya kompaniyalariga qarshi maxsus kiberhujumlarni amalga oshirmoqda. Mazkur guruhlarningasosiy maqsadi maxfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash va ularni internetda eʼlon qilish bilan qoʻrqitib, jabrlanuvchilardan tovlamachilik yoʻli bilan pul undirishdan iborat. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Google xavfsizlik tadqiqotchilari eʼlon qilgan maxsus hisobotda hujumga uchragan qurbonlarning nomlari ochiqlanmagan. Biroq Reuters agentligi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, mazkur roʻyxatdan Apollo Global Management, Bain Capital, Blackstone, Bridgewater Associates, CME Group, KKR, Moodyʼs va TPG kabi yetakchi xususiy kapital firmalari oʻrin olgan. Mutaxassislar bu kabi holatlar yirik moliyaviy tashkilotlar xavfsizligida jiddiy boʻshliqlar borligini koʻrsatishini taʼkidlamoqda.
Vishing usuli va uning xavfi
Google tomonidan Falcon, Helix, Pink va Redact deb nomlangan ushbu xakerlik guruhlari korxonalarga kirish uchun juda eskirgan, ammo oʻta samarali usuldan foydalanmoqda. Unga koʻra, jinoyatchilar xodimlarning shaxsiy uyali telefonlariga qoʻngʻiroq qilib, oʻzlarini hamkasb yoki IT-yordam xizmati xodimi sifatida tanishtiradilar. Suhbat davomida ular qurbonlarni soxta veb-saytlarga oʻzlarining login, parol hamda koʻp faktorli autentifikatsiya kodlarini kiritishga koʻndirishga harakat qilishadi. Kiberxavfsizlik sohasida ovozli firibgarlik deb ataluvchi bu usul vishing nomi bilan mashhur.Aniqlanishicha, xakerlik guruhlaridan baʼzilari oʻgʻirlangan maʼlumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, toʻlov talab qiluvchi maxsus veb-saytlarni boshqaradi. Jinoyatchilar oʻz saytlarida muzokaralar professional tarzda olib borilishini, maʼlumotlarni tarqatish ularning asosiy maqsadi emasligini, biroq hamkorlikdan bosh tortgan taqdirdagina shunday choralar koʻrilishini ochiqchasiga yozib qoʻyishgan.
Tadqiqot natijalari va keng koʻlamli tahdidlar
Google tadqiqotchilari turli nomlar ostida harakat qilayotgan bu guruhlar aslida UNC6671 nomi ostida kuzatilayotgan yagona yirik jamoaning bir qismi boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar. Hozircha ularning mustaqil filiallarmi, boʻlinib chiqqan guruhlarmi yoki yagona Phishing-as-a-Service infratuzilmasidan foydalanayotgani toʻliq aniqlanmagan. Mutaxassislarning fikricha, bu operatsiyalarni yashirish va javobgarlikdan qochish uchun qilingan muvofiqlashtirilgan harakatdir.Hisobotda qayd etilishicha, mazkur guruhlar bungacha ishlab chiqarish, koʻchmas mulk, sogʻliqni saqlash, sugʻurta, texnologiya, transport hamda mehmondoʻstlik sektorlaridagi yirik kompaniyalarni ham nishonga olgan. Oʻshanda xakerlarning asosiy maqsadi qimmatli intellektual mulk, dasturiy taʼminot kodlari yoki maxfiy mijozlar maʼlumotlarini qoʻlga kiritish boʻlgan.
Soʻnggi paytlarda esa hujumlar ayniqsa yuridik va moliyaviy tashkilotlarga, xususan, xususiy kapital firmalariga qaratilmoqda. Kompaniyani birlashtirish, sotib olish va kapital taqsimoti bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarga eʼtibor qaratilishi jinoyatchilarga tovlamachilik talablarini maksimal darajada kuchaytirish imkonini beruvchi muhim korporativ maʼlumotlarni qoʻlga kiritish strategiyasidan dalolat beradi.






























Izohlar 0
…