WhatsApp veb-ilovasi orqali qoʻngʻiroq qilish imkoniyati yaratildi

Meta kompaniyasi mashhur WhatsApp messenjeri uchun muhim yangilanishni taqdim etdi, unga koʻra endilikda foydalanuvchilar brauzer orqali veb-ilovada ham ovozli va videoqoʻngʻiroqlarni amalga oshirishi hamda qabul qilishi mumkin. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bungacha mazkur funksiya faqat smartfonlardagi ilovalar va maxsus kompyuter dasturlarida ishlab kelayotgan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi versiyadagi veb-interfeysda qoʻngʻiroqlar tarixi va saralangan kontaktlar joylashgan maxsus boʻlim mavjud. Shuningdek, kompyuter uchun moʻljallangan dasturdagi kabi ekran namoyish etish va reaksiyalar bildirish funksiyalari ham veb-ilovada toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi.
Qoʻngʻiroqlarni boshqarish va yangi funksiyalar
Ishlab chiquvchilar qoʻngʻiroqlar jarayonini yanada qulaylashtirish uchun bir nechta qoʻshimcha yangilanishlarni ham joriy etishdi. Xususan, foydalanuvchilar qoʻngʻiroq vaqtida aloqani uzmasdan turib uni bir qurilmadan boshqasiga oʻtkazishi mumkin. Misol uchun, qoʻngʻiroqni kompyuter yoki veb-versiyada qabul qilib, suhbatni smartfonda davom ettirish imkoniyati yaratildi.Kompaniya shuningdek guruhli qoʻngʻiroqlar uchun kutish zallari funksiyasini taqdim etmoqda. Agar kimdir guruhli qoʻngʻiroq havolasiga ega boʻlsa, mezbon uni xohlagan vaqtida suhbatga qoʻshishi yoki chiqarib yuborishi mumkin. Ushbu yangilik ayniqsa ish yuzasidan muloqot qiluvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Sifat va qoʻshimcha imkoniyatlar
Guruh havolasini yaratish chogʻida “Qoʻshilish uchun ruxsat talab qilish” opsiyasini faollashtirish orqali yigʻilish uchun kutish zalini tashkil etish imkoni mavjud. Yana bir kichik, ammo foydali yangilanishlardan biri bu shovqindan himoya qilish tizimi boʻlib, u gavjum joylardagi ortiqcha tovushlarni filtrlab beradi.Kompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, WhatsApp endilikda videoqoʻngʻiroqlarni yuqori aniqlikda (HD) toʻgʻridan-toʻgʻri uzatishni boshlaydi. Ilgarigidek HD formatiga oʻtish uchun bir necha soniya kutish zaruriyati bartaraf etildi.
Shuningdek, yaqinda WhatsApp platformasida foydalanuvchi nomlarini band qilish jarayoni boshlangani ham eslatib oʻtildi. Ushbu funksiya toʻliq ishga tushgach, foydalanuvchilar oʻz nomlari yordamida turli qurilma va platformalararo qoʻngʻiroqlarni amalga oshira olishadi.






























Izohlar 0
…