WhatsApp messenjerida foydalanuvchi akkauntlari bloklanishi kuzatildi

WhatsApp messenjerida texnik nosozlik sabab bir nechta foydalanuvchi akkauntlari kutilmaganda bloklanib, tekshiruvga yuborildi. O'nlab foydalanuvchilar X va Threads platformalarida ilovadan foydalana olmay qolganini ma'lum qildi. Meta muammoni tan olib, uni bartaraf etish ustida ishlayotganini bildirdi, biroq nosozlik sababi va ko'proq zarar ko'rgan hududlarni ochiqlamadi. Hozirda muammo bosqichma-bosqich hal qilinib, jabrlangan akkauntlarga kirish tiklanmoqda.
Dunyo boʻylab millionlab insonlar foydalanadigan WhatsApp messenjerida texnik nosozlik yuzaga kelib, bir nechta foydalanuvchi akkauntlari kutilmaganda bloklandi va tekshiruv ostiga qoʻyildi. Ushbu holat koʻplab faol mijozlarning kundalik muloqoti va ish jarayoniga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
TechCrunch nashri maʼlumotiga koʻra, soʻnggi bir necha soat ichida ijtimoiy tarmoqlarda oʻnlab foydalanuvchilar oʻzlarining WhatsApp akkauntlari Meta tomonidan bloklangani va «koʻrib chiqish» bosqichiga oʻtkazilganidan shikoyat qilishgan. Muammoga duch kelganlar X va Threads platformalarida oʻz postlarini qoldirib, xizmatdan foydalana olmay qolganliklarini maʼlum qilishgan.
Foydalanuvchilar duch kelgan cheklovlar
Ilovaga kirishga urinish chogʻida foydalanuvchilarga maxsus oyna chiqqan boʻlib, unda shunday yozuv aks etgan: «Xizmat koʻrsatish shartlariga muvofiqligini tekshirish uchun akkauntingiz faoliyati va qurilma maʼlumotlari tekshirilmoqda. Odatda natija haqida 24 soat ichida xabar beramiz».Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Meta kompaniyasiga tegishli ushbu ommabop chat ilovasi butun dunyo boʻylab 3 milliarddan ortiq oylik faol foydalanuvchiga ega. Shu boisdan, hatto nisbatan kichik miqyosdagi nosozlik ham minglab insonlarning ishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.
Meta kompaniyasining rasmiy munosabati
TechCrunch soʻroviga javoban Meta vakillari yuzaga kelgan muammoni tan olib, uni bartaraf etish ustida ish olib borilayotganini tasdiqlashdi. Biroq kompaniya qaysi hududlardagi foydalanuvchilar koʻproq zarar koʻrgani yoki nosozlik aynan nima sababdan kelib chiqqani haqida aniq maʼlumot bermadi.«Biz xizmatimizdan suiisteʼmol qilishga urinadiganlarga qarshi kurashish hamda foydalanuvchilar xavfsizligini taʼminlash uchun doimiy ravishda akkauntlarni bloklab boramiz. Baʼzida bu borada xatoliklarga yoʻl qoʻyamiz va bunday holatlarda odamlarga muloqotni tezroq tiklash uchun imkon qadar tezroq harakat qilamiz. Jabrlangan akkauntlarga kirishni tiklash choralarini koʻrdik», — deya qayd etgan kompaniya vakili.
Hozirgi vaqtda muammo bosqichma-bosqich hal etilib, foydalanuvchilar oʻz sahifalariga qayta tiklanmoqda. Shunga qaramay, mutaxassislar xavfsizlik tizimlarining bunday ommaviy xatolari kelgusida takrorlanmasligi uchun tegishli choralar koʻrilishini kutishmoqda.






























Izohlar 0
…