OpenAIʼning hashamatli influencer-sayohati jamoatchilik eʼtiroziga uchradi

OpenAI Nyu-York shtatidagi tabiat qo'ynida blogerlar uchun o'tkazgan «Summer Club» sayohati jamoatchilikning jiddiy noroziligiga sabab bo'ldi. Tadbirda qatnashgan influencerlar qulayliklar va mahsulotlardan foydalanish darslarida ishtirok etib, safar haqidagi videolarni TikTok va Instagram'ga joylashtirdi, biroq ayrim foydalanuvchilar ularni «chiroyli mehmonxona xonasi uchun o'z ruhini sotganlikda» aybladi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari atrofidagi keskin muhokamalar davom etayotgan bir paytda, OpenAI kompaniyasining ilk bor blogerlar uchun tashkil etgan hashemati dam olish maskanidagi sayohati internet foydalanuvchilarining jiddiy noroziligiga sabab boʻldi. TechCrunch nashri xabar qilishicha, dam olish kunlari Nyu-York shtatidagi tabiat qoʻynida oʻtgan «Summer Club» deb nomlangan tadbirda bir guruh mashhur influencerlar ishtirok etib, turli qulayliklar va mahsulotlardan foydalanish darslaridan bahramand boʻlishgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ishtirokchilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan estetik va yengil ruhdagi videolar koʻplab tanqidiy izohlarga duch keldi. Xususan, TikTok va Instagram platformalarida brend safarini yoritgan blogerlarga qaratilgan eʼtirozlarda ular «chiroyli mehmonxona xonasi uchun oʻz ruhini sotganlikda» ayblangan. Foydalanuvchilar orasida sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlarining ekologiyasiga taʼsiri haqida videolar tayyorlashni soʻraganlar ham topildi. Hatto ishtirokchilardan biri tanqidlar ortidan oʻzining safarga oid videolaridan birini oʻchirib yuborgan.
Sanoatdagi yangi marketing strategiyasi
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, OpenAI kabi yirik texnologiya kompaniyasining influencerlarni jalb qilishi kutilmagan holat emas. Joriy yilning fevral oyida Vanity Fair nashri kompaniya Instagram sobiq global hamkorlik boʻyicha vitse-prezidenti Charlz Porchni oʻzining ijodiy hamkorlik boʻyicha ilk vitse-prezidenti etib tayinlagani haqida yozgan edi. Uning vazifasiga ijodiy jamoalar bilan muloqot qilish va odamlarning sunʼiy intellekt vositalari bilan munosabatlarini oʻrganish kiradi.Shuni ham taʼkidlash joizki, influencerlar bilan ishlayotgan yagona sunʼiy intellekt laboratoriyasi OpenAI emas. Sarah and Kate texnologik byulletenining xabar berishicha, Anthropic kompaniyasi ham Claude uchun influencerlar kechki ovqatini oʻtkazgan, shuningdek, fevral oyida Microsoft Copilot Superbowl musobaqasiga blogerlarni taklif qilgan edi. Biroq boshqa kompaniyalarning tadbirlari OpenAIʼniki kabi keskin munosabat va shov-shuvlarga sabab boʻlmagan.
Vaqt tanlovi va ekologik muammolar
Tadbir ishtirokchilaridan biri LinkedIn’da qoldirgan izohida odamlar texnologiyadan foydalanish sirlariga qiziqishini kutganini, biroq sunʼiy intellektga qarshi kayfiyatdagi shaxslar bunchalik koʻpligini tasavvur qilmaganini yozgan. «Bunday mavzular bunchalik bahsli boʻlishini bir soniya ham oʻylamagandim», — deya eʼtirof etgan u.Sayohat vaqti ham jamoatchilik eʼtiboridan chetda qolmadi. Ayni paytda OpenAI Ohayo shtatida qiymati 500 milliard dollarlik maʼlumotlar markazini qurish boʻyicha shartnoma imzolashga hozirlik koʻrayotgan davrda, sunʼiy intellekt infratuzilmasining ijtimoiy-ekologik taʼsiri dolzarb mavzuga aylangan edi. Tabiat qoʻynidagi hashamatli maskanda brend tadbirini oʻtkazish esa koʻplab foydalanuvchilar tomonidan istehzo va norozilik bilan qarshi olindi.






























Izohlar 0
…