Afsonaviy GeForce GTX 1080 Ti videokartasi bugungi oʻyinlarda qanday natija koʻrsatmoqda

NVIDIA GeForce GTX 1080 Ti 10 yil o‘tganiga qaramay, zamonaviy o‘yinlarda ham o‘rtacha sinfdagi Radeon RX 6600 va GeForce RTX 3060 darajasida ishlamoqda. 20 ta loyiha sinovida u Radeon RX 6600 dan biroz o‘zib ketdi, GeForce RTX 3060 dan esa bir necha foizga ortda qoldi, Titan Xp esa GTX 1080 Ti va Titan X dan taxminan 17 foizga tezroq natija ko‘rsatdi.
PC Games Hardware nashri mutaxassislari IT olamida oʻziga xos afsonaga aylangan NVIDIA GeForce GTX 1080 Ti videokartasini zamonaviy oʻyinlarda sinovdan oʻtkazdi. GPU GP102 grafik yadrosining 10 yilligiga bagʻishlangan ushbu keng qamrovli test ushbu rusumdagi uskuna bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini qisman yoʻqotmagani va eng uzoq xizmat qiluvchi qurilmalardan biri ekanini koʻrsatdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, sinov jarayonida GTX 1080 Ti modeli bilan bir qatorda oʻsha davrdagi Titan X va Titan Xp versiyalari ham tekshirib koʻrildi. Maʼlumki, mazkur grafik yadrolar bir xil arxitekturaga asoslangan boʻlib, Titan Xp modeli kengroq shina, qoʻshimcha 1 GB xotira va koʻproq CUDA yadrolari bilan farqlanadi. Mutaxassislar ushbu eski avlod qurilmalarining imkoniyatlarini 20 ta zamonaviy loyihada sinab koʻrdi.
Full HD formatidagi natijalar va zamonaviy raqobat
Tadqiqotchilar asosiy eʼtiborni eng ommabop boʻlgan Full HD ruxsatidagi natijalarga qaratdi. Ushbu rejimda GeForce GTX 1080 Ti modeli oddiy Titan X bilan deyarli bir xil tezlikni koʻrsatdi, Titan Xp esa ikkala kartadan ham taxminan 17 foizga oldinda boʻldi. Eng qizigʻi, oʻn yillik tarixga ega bu flagman bugungi kunda oʻrtacha sinfga oid Radeon RX 6600 hamda GeForce RTX 3060 modellari darajasida ishlamoqda.Aniqroq aytganda, GTX 1080 Ti Radeon RX 6600 modelidan biroz oʻzib ketib, GeForce RTX 3060 kartasidan esa bir necha foizga ortda qolmoqda. Sinov natijalariga koʻra, yaqinda taqdim etilishi kutilayotgan yangi RX 9050 8GB ham aynan shu darajada joylashishi taxmin qilinmoqda, yangi avlodga oid RTX 5050 esa faxriy kartadan taxminan 15 foizga tezroq harakat qiladi.
Mutlaq unumdorlik va texnologik cheklovlar
Barcha oʻyinlar eng yuqori grafik sozlamalarida sinovdan oʻtkazilganini hisobga olsak, ayrim oʻta talabchan loyihalarda eski karta qiynalishi tabiiy hol. Jumladan, Alan Wake 2 oʻyinida ushbu yoshi ulugʻ tezlatkich hatto 25 k/s (kadrs/soniya) koʻrsatkichini ham taʼminlay olmagan. Shunga qaramay, Baldur's Gate 3 loyihasida 60 k/s dan yuqori natijani olish mumkin boʻlsa, Battlefield 6 oʻyinida ham 50 k/s ga yaqin tezlikni chiqarishga erishilgan.Taʼkidlash joizki, GeForce GTX liniyasi zamonaviy sunʼiy intellektga asoslangan DLSS texnologiyasini qoʻllab-quvvatlamaydi. Biroq foydalanuvchilar FSR yoki XeSS kabi muqobil va eskiroq masshtablash usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Aynan yetarli operativ xotira hajmi va mustahkam arxitektura tufayli GeForce GTX 1080 Ti bugungi kundagi eng uzoq umr koʻradigan va bardoshli videokartalardan biri maqomini saqlanib qolmoqda.






























Izohlar 0
…