Marsda qurilish uchun drojji, jelatin va qumdan foydalaniladi

Hong Kong olimlari Qizil sayyorada kelgusida bazalar va inshootlar barpo etish imkonini beruvchi innovatsion biologik qurilish materialini ishlab chiqishdi. TASS agentligining South China Morning Post nashriga tayanib xabar berishicha, ushbu yangi texnologiya Yerdan kosmosga ogʻir uskunalar va ulkan miqdordagi qurilish xomashyosini tashish zaruriyatini keskin kamaytirishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur loyiha Hong Kong fan va texnologiya universiteti hamda Hong Kong politexnika universiteti tadqiqotchilari tomonidan professor Tsyu Tsjishen rahbarligida amalga oshirildi. Mutaxassislar maxsus tarkibdagi arashmani yaratishdi, uning asosiy tarkibiy qismlariga genetik modifikatsiyalangan drojji, jelatin gidrogeli hamda qum yoki boshqa granulyar zarrachalar kiradi.
Mars sharoitida sinovlar va texnologiyaning afzalliklari
Marsda bino va inshootlar qurish muhandislik nuqtai nazaridan ulkan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Sayyora atmosfera zichligi Yer koʻrsatkichining bir foizidan ham kamligini, sirt harorati esa ellik darajadan pastga tushib ketishini hisobga olsak, anʼanaviy usullar juda koʻp energiya talab qilishi oydinlashadi. Shuning uchun olimlar 3D-printer yordamida shakllantirish mumkin boʻlgan maxsus materialni taklif qilishdi.Tadqiqotchilar bosim Yer atmosferasining yuzdan bir qismiga va harorat minus oʻttiz darajaga teng boʻlgan iqlim kamerasida kichik konstruksiyani yaratib, sinovdan oʻtkazishdi. Yangi texnologiyaning asosiy ustunligi sifatida uning energiya tejamkorligi qayd etildi. Hisob-kitoblarga koʻra, quyosh panellari bir kubometr material ishlab chiqarish uchun zarur energiyani bir soatdan kamroq vaqt ichida toʻplay oladi.
Xomashyo va kelajakdagi rejalar
Hozircha Yer sathidan keltiriladigan yetkazib berishlardan butunlay voz kechib boʻlmaydi. Bir kubometr material tayyorlash uchun oʻnlab kilogramm chetdan olib kelingan xomashyo talab etiladi. Buning yetmish-sakson foizini jelatin, qolgan qismini esa drojji uchun ozuqa muhiti tashkil etadi. Kelgusida olimlar zarur organik komponentlarni toʻgʻridan-toʻgʻri Marsning oʻzida sintez qilish ustida bosh qotirmoqda.Agar uglerod dioksidi, metan va suv muzini qayta ishlab, ulardan jelatin hamda ozuqa moddalarini olishga erishilsa, Yerishdan xomashyo tashish ehtiyoji deyarli nolga tushiriladi. Ushbu istiqbolli texnologiya nafaqat boshqa sayyoralarni oʻzlashtirishda, balki Yerda ham foydali boʻlishi mumkin.
Xususan, tadqiqotchilar mazkur materialdan ogʻir qurilish materiallarini yetkazib berish qiyin va qimmatga tushadigan olis Antarktida tadqiqot stansiyalarini qurishda foydalanish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqdalar.






























Izohlar 0
…