18:08 / 14.02.2021
707

BioUltra: Biogazda yuradigan poyezd

BioUltra: Biogazda yuradigan poyezd
Foto: Ultra Light Rail Partners
Buyuk Britaniyaning Ultra Light Rail Partners kompaniyasi BioUltra deb nomlangan biogazda yuruvchi ekologik toza poyezdni taqdim qildi.

Barcha chiqindilar – inson farovonligi uchun
Biogazda ishlovchi dvigatellar g‘oyasi avvaldan bor edi. Lekin uni amalga samarali tatbiq qilish hanuz tajribalar darajasida edi. Ultra Light Rail Partners esa, birinchilardan bo‘lib g‘oyani amalga oshira olyapti. Poyezdlar inson chiqindisi va tashlab yuborilgan oziq-ovqatlardan olingan quvvat hisobiga ishlaydi. Dizel yoqilg‘isidan voz kechish dasturi doirasida Britaniyadagi poyezdlarni biogazda harakatlanuvchi poyezdlarga almashtirish ko‘zda tutilgan.

2020 yilning yozida Ultra Light Rail Partners innovatsion vagonlarning ilk sinovlarini o‘tkazdi. 20 metr uzunlikdagi yangi poyezd 120 yo‘lovchini tashib, soatiga 80 km tezlik bilan harakatlana oladi.

Albatta, bu kabi poyezdlar yaqin orada katta yo‘lovchi va yuk tashuvchi poyezdlar o‘rnini bosa olmaydi. Ular hozircha shahar tashqarisiga qatnovchi elektrichka va shahar tramvaylari o‘rnini bosa oladi. Ko‘plab mamlakatlarda «tashlandiq» temir yo‘l izlari bor va ular elektrlashtirilmagan. Ularda uncha katta bo‘lmagan dizel yoqilg‘ili poyezdlar yuradi. Mana shunaqa joylar uchun BioUltra mos keladi.

Ekologik ishlanma Innovate UK davlat agentligi qo‘llovi bilan qilinmoqda. Ultra Light Rail Partners 500 ming AQSH dollariga teng davlat grantlarini olib, Long Marstondagi Motorail tajriba relslarida sinov ham o‘tkazishga ulgurdi.

Poyezd hidsiz biometan gazida harakatlanadi. Undan tashqari, poyezd vazni atigi 20 tonna bo‘lib, dizelda yuradigan muqobillaridan qariyb ikki barobar yengilroq. BioUltra’ning bunday yengil konstruksiyasi relslarning kamroq yemirilishiga sabab bo‘lib, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartiradi.

BioUltra poyezdining yoqilg‘i baki sig‘imi ideal sharoitlarda 3200 kilometr yurishini ta’minlaydi. Inson chiqindilarida yuradigan yangi poyezdlarni rivojlantirish istiqboli ancha oydin – Buyuk Britaniya hukumati kichik shaharlarni milliy temir yo‘l tizimiga integratsiya qilish uchun 650 million dollarlik jamg‘arma ajratgan.

Zamonaviy hayot tarziga hamohang tarzda har bir vagon virusga qarshi funksiya bilan jihozlanadi – ultrabinafsha nurlari, mis sathlar, antiseptiklar va niqoblar.

«Biz Britaniyadagi biometanda harakatlanuvchi ilk poyezdni ishlab chiqish loyihasini muvaffaqiyatli yakunlab, Innovate UK’dan ikkinchi grantni qabul qilib olganimizdan mamnunmiz. Bu bizning avtomobilda sayohat qilishga qo‘shimcha ravishda qulay, zamonaviy, ishonchli va xavfsiz temir yo‘l tashuvlariga diqqat qaratuvchi biznesga bildirilgan yuksak ishonch.

Biz Buyuk Britaniya bo‘ylab yirik va kichik shaharlarga taklif eta olish imkoniyatiga ega bo‘lishni istaymiz. Shundagina ular havoni ifloslantiruvchi trasnportni olib tashlashga va barchaning hayotini yaxshilashga qodir bo‘ladilar
», deydi BioUltra loyihasi rahbari Beverli Nilsen.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)