14:57 / 26.10.2021
1 684

Amerika OAVlari «Facebook arxivi»ni e’lon qilmoqda

Amerika OAVlari «Facebook arxivi»ni e’lon qilmoqda
Foto: LETA
Amerikaning 17 ta ommaviy axborot vositasi Facebook’ning ichki hujjatlariga asoslangan materiallarni e’lon qilmoqda. Ushbu loyiha Facebook Papers («Facebook arxivi») nomini olgan, deb xabar beradi Meduza.

Mazkur loyihada AQSHning yirik nashrlari, jumladan, The New York Times, The Washington Post, Politico, CNN, The Verge, Associated Press va Bloomberg ishtirok etmoqda. Nashrlar to‘lqini 22 oktabr kuni boshlangan, ammo maqolalarning aksariyati 25 oktabr kuni e’lon qilindi. Shu bilan birga, The Wall Street Journal gazetasi ushbu hujjatlar asosidagi materillarni sentabr o‘rtalaridan beri Facebook Files nomi ostida chop etib kelayotgandi.

«Facebook arxivi»dan ma’lum bo‘lgan faktlarning bir qismiga ko‘ra, 2020 yilda ijtimoiy tarmoq asoschisi Mark Sukerberg Kongressga ijtimoiy tarmoq nafratni keltirib chiqaradigan postlarning 94 foizini o‘chirishini ma’lum qilgan. Ammo ichki hujjatlarga ko‘ra, bu kabi postlarning 5 foizdan kamrog‘i o‘chiriladi.

Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, Facebook foydalanuvchilarining 10 foizdan kamrog‘ini AQSH aholisi tashkil etadi, ammo kontent moderatsiyasi budjetining asosiy qismi aynan Amerikaga yo‘naltirilgan — 84 foiz. Dunyodagi qolgan barcha davlatlarga 16 foiz to‘g‘ri keladi. Moderatsiya borasida asosiy muammolar Hindistonda kuzatiladi, chunki u yerda foydalaniladigan tillar juda ko‘p.

Bundan tashqari, Facebook fitna nazariyasiga qarshi kurashishni asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilab olgan. Ammo 2019 yilgi hisobotga ko‘ra, konservativ qarashlarga ega amerikalik foydalanuvchining test akkauntiga ochilganidan ikki kun o‘tib, QAnon konspirologik harakati haqida ma’lumotlar kela boshlagan.

AQSHda 2020 yilning noyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari arafasida Facebook yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashni kuchaytirgan. Biroq saylovlar o‘tishi bilan xodimlar ijtimoiy tarmoqda saylovlarning falsifikatsiyasi haqida mish-mishlar tarqalayotgani va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi postlar chiqayotgani haqida ogohlantirganiga qaramay, nazorat vositalarning aksariyat qismi o‘chirilgan.

2020 yilda Vetnam hukumati Facebook’dan mahalliy muxolifatning postlariga senzura qo‘llab, ularni bloklashni talab qilgan. The Washington Post manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Mark Sukerberning shaxsan o‘zi Vetnam hukumatining talabiga bo‘ysunish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, Facebook’da oddiy kontent moderatsiyasi ta’sir qilmaydigan VIP-foydalanuvchilar mavjud. Bundan tashqari, Facebook rahbarlari taniqli foydalanuvchining (masalan, siyosatchi yoki biror yulduz) postni ijtimoiy tarmoq qoidalarini buzayotganini shaxsan aniqlay olgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Amerika OAVlari «Facebook arxivi»ni e’lon qilmoqda