21:50 / 19.01.2025
47

Dori-darmonlarga sarflanadigan mablagʻni tejashga yordam beradigan koʻnikmalar

Dori-darmonlarga sarflanadigan mablagʻni tejashga yordam beradigan koʻnikmalar
Foto: iStock
Bugungi kunda sogʻliqni saqlash sohasidagi muammolar tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Yangi yil esa hayotimizni ijobiy tomonga oʻzgartirishlar bilan boyitish va sogʻlom odatlarni shakllantirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Ushbu koʻnikmalar nafaqat jismoniy va ruhiy holatingizni yaxshilaydi, balki kundalik hayotingizdagi samaradorlikni oshirib, naqdingizni ham tejaydi.

Kun davomida muntazam harakatda boʻling

Zamonaviy turmush tarzida uzoq vaqt harakatsiz oʻtirish sogʻliq uchun asosiy xavfli omillardan biriga aylangan. 2025 yilda har bir kuningizni faolroq qilishga harakat qiling. Har ish soatida 10 daqiqalik tanaffus qiling, tongni yengil mashqlar yoki yoga bilan boshlang. Mashina haydashdan koʻra piyoda yurish yoki velosipedda ishga etib borishni sinab koʻring. Motivatsiya uchun fitnes-trekerlardan foydalanib, har kuni 8-10 ming qadam bosganingizni kuzatib boring.

Etarlicha va sifatli uyqu boʻlishini ta'minlang

Sogʻlom va tartibli uyqu — jismoniy va ruhiy farovonlikning asosi. Uyqu rejimingizni muvofiqlashtirish, ya'ni har kuni, hatto dam olish kunlari ham bir vaqtda yotish va turish muhimdir. Gadjetlardan foydalanishni yotishdan bir soat oldin toʻxtating, chunki smartfondagi nurlanish melatonin ishlab chiqarishni pasaytiradi. Yotoqxonangizni qulay va tinch makonga aylantiring va muntazam ravishda kitob oʻqish yoki meditatsiya kabi uyqudan avvalgi tinchlantiruvchi amallarni bajarishga odatlaning.

Sogʻlom ovqatlanish odatlarini shakllantiring

Foto: iStock
Ovqatlanish tartibini nazorat qilib, sabzavotlar, mevalar, butun donlar, oqsillar va foydali yogʻlarni oʻz ichiga olgan muvozanatli ratsionni tanlash muhimdir. Shakar va qayta ishlangan mahsulotlarni cheklang. Uyda pishirilgan ovqatlarni iste'mol qilish orqali nafaqat pulni tejashingiz, balki mahsulotlaringiz sifatini shaxsan tekshirishingiz mumkin. Shuningdek, etarli miqdorda suv ichishga e'tibor qarating va kuniga kamida 1,5-2 litr suyuqlik ichishga harakat qiling.

Ruhiy salomatlikni asrang

Shahardagi tezkor hayot tarzi koʻpincha stress va charchoqqa olib keladi. Ruhiy barqarorlikni ta'minlash uchun meditatsiya qilish, minnatdorchilik daftarchasini yozib borish yoki hissiyotlaringizni qayd etishga vaqt ajrating. Bir vazifaga diqqatni jamlash odatini rivojlantiring va yaqinlaringiz bilan muloqot orqali ruhiy salomatligingizni qoʻllab-quvvatlang.

Muntazam tibbiy koʻrikdan oʻting

Foto: Alamy
Profilaktik tekshiruvlar uzoq umr koʻrish, sogʻlom hayot hamda kutilmagan kasalliklarning oldini olishning eng maqbul echimidir. Hech boʻlmasa bir yilda bir marta umumiy tibbiy koʻrikdan oʻtish va shifokorlar tavsiyalariga amal qilish orqali yaqin kelajakda ehtimoliy katta xarajatlardan qutulishingiz mumkin. Ayniqsa, koʻzlar va tishlarga e'tiborliroq boʻling.

Gadjetlardan dam olish uchun raqamli detoks qiling

Gadjetlarga qaramlik asabiylik va diqqatsizlikka olib keladi. Ijtimoiy tarmoqlarga vaqt cheklovi oʻrnating va gadjetlarsiz kunlar oʻtkazishga odatlaning. Bu vaqtni piyoda sayr qilish, kitob oʻqish yoki yaqinlaringiz bilan muloqot qilishga bagʻishlang.

Immunitetni mustahkamlang

Foto: Alamy
Salomatlikni saqlashda immunitet muhim ahamiyatga ega. Buning uchun ochiq havoda koʻproq vaqt oʻtkazing, kontrast dush qabul qiling va taomnomangizga C va D vitaminlari, rux kabi foydali moddalarni oʻz ichiga olgan mahsulotlarni qoʻshishni unutmang.

Yangi bilim va koʻnikmalarni egallang

Yangi bilimlarni oʻrganish bosh miya faoliyatini me'yorda saqlash uchun muhimdir, buning uchun koʻproq kitob oʻqish, boshqotirma echish yoki xorijiy tillarni oʻrganish yordam beradi.

Ekologik odatlarni shakllantiring

Foto: Alamy
Tabiatga nisbatan mas'uliyatli munosabat ham hayotimiz farovonligini oshiradi. Plastikdan ishlab chiqarilgan har qanday narsalardan foydalanishni kamaytiring va ekologik toza mahsulotlarga koʻproq e'tibor bering. Atrof-muhit ifloslanmasligiga oʻz hissangizni qoʻshing. Zero har bir kichik harakat kelajakda ulkan natijalar uchun poydevor boʻla oladi.

Dam olishni ham unutmang

2025 yilda oʻz vaqtida organizmga dam berishni ham bilish lozim. Bunday hordiq chiqarish nafaqat uxlashni, balki sevimli ish va mashgʻulot bilan shugʻullanishni ham nazarda tutadi. Chunki oʻzimiz yoqtirgan va bizga xursandchilik baxsh etadigan biror yumush uchun vaqt topish hayotimiz farovonligini oshiradi hamda ruhan sogʻlom boʻlishimizga hissa qoʻshadi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik