Olimlar va shifokorlar beshikning bola sog‘lig‘iga yashirin zararlarini ochiqladi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Markaziy Osiyo xalqlarida keng tarqalgan beshikdan foydalanish bolaning bosh shakli, suyak-bo‘g‘im tizimi va umumiy jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy tadqiqotlarda o‘z isbotini topmoqda.
- Beshikda bola harakatsiz yotishi va tanasining siqib bog‘lanishi natijasida «beshik deformatsiyasi» deb nomlangan yassi ensa shakli paydo bo‘ladi, bu esa 1 yoshdan keyin ham sezilarli darajada qolib ketishi mumkin.
Boshingizning orqa qismini ushlab ko‘rganmisiz? Ko‘pchiligimizda ensa qismi tekis, ya’ni yassi shaklga ega. Antropologlar va tibbiyot olimlari Markaziy Osiyo xalqlarida keng uchraydigan bu ko‘rinishni bevosita milliy urf-odatimiz bo‘lgan beshik bilan bog‘laydilar.
Go‘daklik chog‘ida soatlab qattiq yostiqda harakatsiz yotish va tananing siqib bog‘lanishi bolaning nafaqat bosh shakliga, balki suyak-bo‘g‘im tizimi va umumiy jismoniy rivojlanishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy tadqiqotlarda o‘z isbotini topmoqda.
«Beshik deformatsiyasi»: Yassi ensa qayerdan paydo bo‘ladi?
Chaqaloqning bosh suyaklari juda yumshoq va egiluvchan bo‘ladi:
Qattiq yostiq va bir xil holat: Kun bo‘yi qattiq yostiqqa bir xil bosim bilan yotgan boshning ensa qismi og‘irlik ta’sirida osongina tekislanib, yassi bo‘lib qoladi;
Ilmiy atama: Rus antropologlari qadimiy bosh suyaklarini o‘rganish jarayonida aynan shu shaklga «beshik deformatsiyasi» deya rasmiy ta’rif berganlar;
«O‘tib ketadi» deyish xato: Tojikistonda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 1 yoshdan keyin ham beshikka belangan bolalarning bosh shakli hatto 4–5 yoshga yetganda ham sezilarli darajada yassiroq qolib ketgan.
Harakat cheklanishi: Kechikkan o‘tirish va yurish
Beshikdagi mahkam tana bog‘ichi bolani tabiiy erkinligidan — tepinish, yonboshga ag‘darilish va boshini mustaqil ko‘tarish imkoniyatidan to‘liq mahrum qiladi:
Kechikkan ko‘nikmalar: Tadqiqotlarga ko‘ra, muntazam beshikka belangan 8 oylik bolalarning atigi 44 foizigina mustaqil o‘tira olgan;
Xalqaro me’yorlar: Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) standartlarida esa 8 oylik bolalarning 95 foizi o‘tirishi kerakligi ko‘rsatilgan;
16 oylikda yurmaslik: Ushbu tadqiqotdagi bolalarning har uchtasidan biri hatto 16 oylik bo‘lganida ham mustaqil yurishni boshlay olmagan.
Bo‘g‘im chiqishi va bukri qomat: Ortoped xulosasi
Ortoped shifokor Farhod Orifovning ta’kidlashicha, bola qancha ko‘p erkin harakat qilsa, uning qomati shuncha to‘g‘ri shakllanadi:
Mushaklar zaiflashuvi: Bo‘yin va orqa mushaklari faqatgina faol harakat jarayonida chiniqadi;
Son bo‘g‘imi displaziyasi xavfi: Bola oyoqlarini bir-biriga tekislab, jipslab bog‘lash son bo‘g‘imining chiqib ketish xavfini bir necha barobarga oshiradi;
Mo‘g‘uliston tajribasi: Bo‘g‘imi hali to‘liq yetilmagan 80 nafar chaqaloq ishtirokidagi sinovda, qattiq o‘rab qo‘yilgan 40 ta bolaning 8 tasida displaziya aniqlangan, erkin qoldirilgan 40 tasida esa birorta ham kasallik kuzatilmagan. Og‘ir holatda davolanmagan displaziya kelajakda oyoqlar uzunligining farqlanishiga, oqsoqlikka va yoshlikdanoq bo‘g‘imlar yemirilishiga sabab bo‘ladi.
Sumak gigiyenasi va nafas qisilishi
Pediatr Mahsud Muxtorov beshik aksessuarlarining xavflari haqida ogohlantiradi:
Infeksiya manbai: Sumak va uning atrofidagi gigiyena muntazam hamda to‘g‘ri ta’minlanmasa, nozik jinsiy a’zolarda og‘ir bakterial va yallig‘lanish infeksiyalari rivojlanadi;
Havosizlik va issiq urishi: Beshik ustidan qalin beshikpo‘sh yopib qo‘yilganda ichkarida havo va kislorod kamayadi. Pediatrlar uxlayotgan go‘dakning boshi doimo ochiq turishi, tanasi qizib ketmasligi kerakligini qat’iy ta’kidlaydilar.
«Biz ham beshikda yotganmiz, hech narsa qilmagan» degan fikr bola sog‘lig‘iga oid zamonaviy tibbiyotda ilmiy dalil bo‘la olmaydi. Farzandingizni soatlab harakatsiz bog‘lab qo‘ymang — bog‘ichlarni yechib, erkin harakatlanishiga, mushaklarining chiniqishiga imkon yarating. Beshikning noxush izlarini bolangizga umrbod meros qoldirmang.































Izohlar 0
…