Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 2023 yil 10 avgustdagi 396-son buyrug‘i asosida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o‘rniga yangi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartirish kiritildi.
Xususan, 2023 yil 1 noyabrdan quyidagi miqdordagi to‘lovlar kuchga kiradi:
1. Avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari miqdorida;
2. Mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga (yarim tirkamalar) RO‘DRB uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 1,75 baravari miqdorida;
3. Tranzit RO‘DRB uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida;
4. Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari miqdorida;
5. Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun - bazaviy hisoblash miqdorining 1,75 baravari miqdorida.
Shuningdek:
- yo‘qotilgan bir dona yoki bir juft RO‘DRB o‘rniga yangi bir juft RO‘DRB berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3,5 baravari miqdorida undiriladi;
- yo‘qotilgan bir dona RO‘DRB (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi bir dona RO‘DRB berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,75 baravari miqdorida undiriladi;
- RO‘DRBni o‘n ikki oy muddatdan so‘ng yana bir yil muddatga saqlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida undiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO‘DRB berish uchun to‘lov undirilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta davlat raqami belgilarini berish uchun to‘lov miqdorlari 2011 yilda belgilangan va shundan buyon o‘zgarmagan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring