BYD Yevropa bozori uchun maxsus modellar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi giganti BYD kelgusi uch yil ichida Yevropa bozoriga moslashtirilgan yangi avtomobillar qatorini taqdim etishni maqsad qilgan. Ushbu strategiya kelasi oyda taqdim etiladigan Dolphin G gibrid modeli bilan boshlanadi. Avtomobil iyul oyida bo‘lib o‘tadigan Goodwood Festival of Speed tadbirida keng jamoatchilikka namoyish etiladi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
BYD ijrochi vitse-prezidenti Stella Li kompaniyaning Yevropa iste’molchilari uchun mahalliy brend sifatida qabul qilinishini istashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bozorida avtomobillar hajmi tobora kattalashib borayotgan bo‘lsa-da, Yevropaning Parij, Milan va London kabi shaharlarida ixchamroq modellar talabgir bo‘lib qolmoqda.
Kompaniya kelajakda B va C segmentidagi avtomobillar uchun Yevropa standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Stella Lining aytishicha, Yevropa uchun mo‘ljallangan avtomobillar uzunligi 4,3 metrdan oshmasligi kerak. Bu yondashuv Xitoydan import qilinadigan avtomobillar o‘rniga aynan Yevropa didiga mos keladigan yangi dizayndagi transport vositalarini yaratishni nazarda tutadi.
Yangi modellar nafaqat Yevropa talablariga moslashadi, balki ularni aynan shu mintaqada ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan. Hozirda BYD kompaniyasining Vengriyadagi yangi zavodida qurilish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu zavod yil oxirida ishga tushirilishi kutilmoqda va u yerda Dolphin Surf hamda Atto 2 kabi elektromobillar yig‘ilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!