Skoda Epiq elektromobili taqdim etildi: Kamiq'dan arzonroq va ixcham

Skoda kompaniyasi o'zining yangi ixcham elektromobili – Skoda Epiq modelini namoyish etdi. Ushbu avtomobil brendning ichki yonuv dvigatelli Kamiq krossoveriga elektr muqobil sifatida ishlab chiqilgan bo'lib, uning boshlang'ich narxi 24 950 funt sterling etib belgilandi. Bu esa uni an'anaviy Kamiq modelidan ham arzonroq qiladi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Yangi model Volkswagen guruhining MEB+ platformasi negizida qurilgan. Dizayn jihatidan Skoda Epiq brendning yangi "Modern Solid" uslubida ishlangan bo'lib, T-shaklidagi yoritish chiroqlari va o'ziga xos kuzov chiziqlari bilan ajralib turadi. Avtomobilning yukxonasi 475 litr hajmni tashkil etadi, shuningdek, kapot ostida quvvatlash kabeli uchun qo'shimcha 25 litrlik bo'linma mavjud.
Texnik jihatdan xaridorlarga ikki xil versiya taklif etiladi. Epiq 40 modeli 133 ot kuchiga ega dvigatel va 37 kW/soatlik akkumulyator bilan jihozlangan bo'lib, 190 mil masofani bosib o'ta oladi. Kuchliroq Epiq 55 versiyasi esa 208 ot kuchi va 52 kW/soatlik batareya evaziga 272 milgacha masofani ta'minlaydi. Har ikki variant ham 10-80 foiz quvvatni 25 daqiqadan kamroq vaqt ichida to'ldirish imkoniyatiga ega.
Skoda Epiq funksionalligi bilan ham e'tiborga loyiq: u tashqi qurilmalarni quvvatlash va elektr tarmog'iga energiya qaytarish imkonini beradi. Shuningdek, "B" rejimi orqali rekuperativ tormozlanish kuchaytirilib, bir pedalli boshqaruv tizimi joriy etilgan. Avtomobilning ilk yetkazib berish jarayonlari kelasi kelasi yilning boshida boshlanishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!