14:28 / 14.05.2022
1 812

Rossiya Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi

Rossiya Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi
Sauli Niinistyo / Foto: Getty Images
Rossiyaning «Inter RAO» kompaniyasi sho‘’ba korxonasi — RAO Nordic Oy 14 maydan Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatadi, bunga sabab yetkazib berilgan elektr energiyasiga pul to‘lanmaganidir. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

«Umid qilamizki, vaziyat tez orada hal bo‘ladi va Rossiya bilan elektr energiyasi savdosi qayta tiklanadi», — deyiladi RAO Nordic Oy xabarida.

Finlyandiyaning Fingrid elektr tarmoqlari kompaniyasi vakillari yetkazib berishning to‘xtatilishi iste’molchilarda uzilishlarga olib kelmasligini, chunki Rossiyadan kelayotgan elektr energiyasi umumiy iste’mol hajmining bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil qilishini aytdi. Tanqislik mamlakatning o‘z quvvatlari hisobiga va Shvetsiyadan importni oshirish evaziga qoplanishi mumkin bo‘ladi, deya qo‘shimcha qilishdi Fingrid kompaniyasida.

Ayni vaqtda Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanini aytdi. OAVlarga bergan intervyusida u Xelsinkining Moskva bilan munosabatlari o‘zgarayotganini ma’lum qildi.

«Biz o‘zimiz ko‘nikkan vaziyatga qayta olmaymiz, ammo Rossiya bizda chegarada katta keskinlik bo‘lmasligidan manfaatdor bo‘lsa kerak», — dedi Niinistyo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlardagi o‘zgarish o‘tgan yil oxirida Putin NATOdan sharqqa qarab intilishdan voz kechishni talab qilganidan keyin yuz bergan, buni Niinistyo Finlyandiya va Shvetsiyaning o‘z xavfsizlik siyosatini belgilash huquqining buzilishi deb hisoblagan. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi esa «so‘nggi tomchi»ga aylangan.

«Men Putinga qo‘ng‘iroq qilaman», — dedi prezident qachonligiga aniqlik kiritmasdan. «Men nimanidir yashirincha qiladigan odam emasman. Unga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat o‘zgarganini, buni ikkimiz ham bilishimizni aytmoqchiman», — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo va bosh vazir Sanna Marin 12 may kuni ertalab qo‘shma bayonot e’lon qilib, mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun «zudlik bilan» ariza berishi kerakligi haqida aytgandi. Ularning fikricha, bu qadam Finlyandiya va butun ittifoq xavfsizligini mustahkamlashi kerak.

Neytral maqomga ega Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin faol muhokama qilina boshladi. Finlyandiyaning Helsingin Sanomat gazetasi mamlakat hukumati 15 may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Shu bilan birga, nashrning yozishicha, Shvetsiya ham xuddi shu kuni ariza topshiradi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Finlyandiya bosh vaziri va prezidentining nutqidan so‘ng, Moskva Finlyandiyaning NATOga kirishiga javob qaytarishini, jumladan, harbiy-texnik xarakterdagi choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Vazirlik mamlakat xavfsizligiga tahdidlarni «to‘xtatish»ga va’da berdi.

O‘z navbatida, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Britaniya nashriga bergan intervyusida, agar NATO o‘z hududlarida o‘z qo‘shinlarini joylashtirishga qaror qilsa, Shvetsiya va Finlyandiya Moskva nishoniga aylanishi mumkinligini aytdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatdi